Breaking News

Afg'oniston O'zbekistonni G'arbga yaqinlashtirishi mumkin


Islom Karimov NATOning Buxarestda o'tayotgan yillik sammitida ishtirok etmoqda. G’arb va hatto O’zbekistondagi ayrim tahlilchilar nazarida bu so'nggi yillar ichida xalqaro hamjamiyatdan uzoqlashgan O’zbekiston uchun katta plyus.

Andijondagi qonli voqealar ketidan G’arb tanqidini qoralagan Karimov Yevropa va AQSh bilan aloqalarni tiklashga bel bog’lagan. Germaniyada, Xavfsizlik Tadqiqotlari bo'yicha Jorj Marshall Yevropa Markazi ilmiy xodimi, amerikalik olim Gregori Glizon (Gregory Gleason) nazarida Karimov G’arbdan uzoqlashish O’zbekiston manfaatlari uchun xizmat qilmasligini anglab yetgan.

Glizon O’zbekistonni Sovet davridan beri o’rganib kelayotgan siyosatshunoslardan. Aslida, deydi u, Karimovning ham AQSh, ham Rossiyadan hafsalasi pir bo’lgan.

"O’zbekiston har ikki tomondan ko’p narsa kutgan edi, ammo na u, na bu taraf uning yuksak ishonchini oqladi. Karimov hamma o'z foydasini ko'zlashini tushundi", - deydi Gregori Glizon.

“Islom Karimov hozir ancha realistik fikrlamoqda. Haqiqat shuki, Rossiya O’zbekiston bilan tijorat qilaveradi. AQSh demokratiya va huquq bobida talablar qo’yishda davom etadi. O’zbekiston NATOga a’zo bo’lmasada, u bilan bir stolda o’tirishni, oz bo’lsa-da, uning tashabbuslariga hissa qo’shishni ma’qul ko’rmoqda. Afg’oniston barqarorligi O’zbekiston uchun juda muhim. NATO Afg’onistonda tinchlikni qanday tiklash, uni qayta qurish ustida bosh qotirarkan, O’zbekistonning bu jarayonga qo’shilishi ayni muddao”.

O’zbekiston NATO sammitiga taklif qilinish - G’arbning uning strategik ahamiyati va rolini tan olishidir deb qarashi mumkin deydi Gregori Glizon.

Lekin Afg’oniston tinchimasa, Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston tinchligi ham tahdid ostida. Aslida Afg’oniston barqarorligi uchun eng ko’p hissani bu mintaqa qo’shishi kerak deydi olim.

“Shu paytgacha Afg’oniston uchun eng ko’p yordamni AQSh va Yevropa ajratdi va taklif qilmoqda. Qo’shni davlatlar esa xuddi Afg’onistondagi muammolarni Amerika yoki Yevropa yechib berishini kutib o’tirgandek. Bu mas’uliyatsiz siyosat. Shu bois ham bugun Karimovning NATO sammitida, Afg’oniston taqdiri haqida gap ketayotgan joyda o’tirgani, ijobiy o’zgarish. O’zbekiston bu mamlakatni qayta qurish ishlariga yirik hissa qo’shishga qodir qo’shni”.

Tahlilchi fikricha O’zbekiston Afg’onistondagi harakatlarda faol qatnashish uning burchi ekanini tushuna boshlagan. O’zbekistonning Termizdagi bazasidan nafaqat Germaniya, balki endilikda AQSh ham foydalanmoqda. Rossiya yaqinda Afg’onistonga noharbiy sohalarda yordamni oshirishga qaror qildi.

Markaziy Osiyo davlatlari notinch qo’shniga transport tizimini rivojlantirish, yo’llar qurish, yengil sanoat, qishloq xo’jaligi, ta’lim va tibbiyot sohalarida ko’maklashib, o’ziga ham foyda keltiradi, deydi Gregori Glizon.

Sammitda Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov ham qatnashmoqda. Siyosiy jihatdan neytral davlat, ammo Afg’oniston bilan eng uzun chegaraga ega.

"Buxarest sammiti muammolarga aniq yechimlar topmaydi",- deydi Glizon. "Lekin Afg’oniston atrofidagi davlatlarning "biz nima qilishimiz mumkin"?- deb so’ray boshlagani G’arb uchun quvonchli yangilik".

XS
SM
MD
LG