Breaking News

NATOning Afg'onistondagi missiyasi O'zbekiston uchun muhim


NATOning Afg'onistondagi faoliyati va alyansning sharq tomon kengayishi yuzasidan turli mulohazalar bildirilmoqda.

Mutaxassislar fikriga ko'ra, Ga'rb bilan aloqani mustahkamlashga intilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari NATO doirasidagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatmoqda.

NATOning Vilnyusda o'tayotgan sammitida Afg'onistondagi vaziyat, NATOga yangi a'zolarni jalb etish, shuningdek, energetik xavfsizlik muammolari ko'rilmoqda.

AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts NATOning ayrim a`zolari Afg’onistondagi missiyani bajarishga yuzaki yondashmoqda deya tanqid qilgan.

Afg`onistondagi harbiy harakatlarda NATOga a’zo barcha davlatlar qo`shinlari ishtirok etishi lozim deydi u.

NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxefferning yaqinda e’lon qilingan bayonotiga ko`ra, Af`goniston qo’ldan boy berilsa, buning asoratlari nafaqat mintaqada, balki Yevropada ham kuzatilishi mumkin.

O`zbekiston televideniyesining siyosiy sharhlovchisi Tursunboy Qoratoyev NATOning Afg`onistondagi missiyasini O`zbekiston uchun ham muhim deydi.

“Agar NATO pozitsiyasi susayadigan bo`lsa, O`zbekiston xavotirlarida jon bor. Yana toliblar hukumatga kelishi, mamlakatda avvalgidek siyosat yuritishi va qo`shni regionga, birinchi navbatda, O`zbekistonga xavf solishi turgan gap. O`zbekiston avval ham, deylik, NATO Yugoslaviyani ushlab turganida, Afg`onistonda ham shunday faoliyat yuritishi lozimligini ta`kidlab kelgan”, - deydi Qoratoyev.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovning so’zlariga qaraganda, bugun Afg`onistondagi vaziyat og’ir, ustiga-ustak, NATO a`zolari o`rtasida kelishmovchilik kuchaygan.

“NATOning Afg`onistonda terorizmga qarshi kurashi ayrim ijobiy natijalar berayotgan bo`lsa-da, biroq buni muvvaffaqiyat deb bo`lmaydi. Chunki toliblar harakati kun sayin faollashmoqda. AQSh va yana bir nechta davlatdan boshqa mamlakat qo`shinlari, asosan, xavfsiz hududlarga joylashib olayotgani ham NATO harakatining samara bermayotganini ko`rsatadi. Bundan tashqari, Kollektiv Xavfsizlik Shartomasi bilan hamkorlik yuritilmayotgani ham muvaffaqiyatsizlikning sabablaridan biri”, - deydi Soyibnazarov.

NATOni Sharqqa tomon kengayishi ham munozaraga sabab bo`lib keladi.

So`nggi yillarda NATO sobiq Sovet davlatlari hisobiga ko`paydi. Tursunboy Qoratoyevning aytishicha, ko’p davlatlar masalani referendumlar asosida ko’rib chiqmoqda.

“Ukraina va Gruziyaning a`zo bo`lishi haqida gap kelganda, biz ko`proq televideniye orqali Rossiyaning pozitsiyasini ko`ramiz. O`rganib qolganmiz. Lekin bu Rossiyani bezovta qilayotgan narsa. Bizga unchalik ta`siri yo`q. O`zbekiston, aksincha, NATO bilan hamkorlikni kengaytirishi kerak, chunki Afg`onistonda biz xohlamayotgan kuchlarni ushlab turgan, asosan, NATO”, - deydi Qoratoyev.

Abduvali Soyibnazarov fikriga ko`ra, NATOning sobiq ittifoqdagi yangi davlatlar hisobiga kengayishi mintaqadagi vaziyatni ham keskinlashtiradi.

“Agar mazkur tashkilotga Gruziya a`zo bo`lsa, buni mintaqaga ta’siri bor, albatta. Bu yerda Rossiya, Xitoy, NATO, ya’ni AQSh manfaatlari jiddiy to`qnashadi. NATOning sharqqa tomon kengayishi energetik xavfsizlikka asoslanmoqda. Kavkaz va Markaziy Osiyoning energetik zaxiralari uchun amalga oshmoqda. Bu yerdan to’g’ri quvurlar o`tkazish rejalangan. Albatta, bu mintaqadagi vaziyatga jiddiy ta`sir qiladi”, - deydi Soyibnazarov.

XS
SM
MD
LG