Breaking News

NATO Afg'onistonda qiyinchiliklarga uchramoqda


NATOning Afg’onistondagi qo’mondoni Jon Kreddokning (John Craddock) aytishicha, alyans Afg’onistonda mag’lubiyatga uchramayapti, biroq katta muvaffaqiyatlarga ham erishayotgani yo’q. Myunxendagi Yevropa Xavfsizligi anjumanida so’zlar ekan, general Kreddok a’zo davlatlarni qo’shimcha askar ajratishga chaqirgan.

"Agar ehtiyojlarimizning barchasi qondirilganda edi, maqsadimizga tezroq erishgan bo’lardik," deydi general.

Uning nazarida NATO Afg’onistonga 2005 yili kirishidan avval qancha askar va aslaha kerak bo’lishini hisoblab chiqqan.

NATOning barcha 26 a’zosi qo’shin ajratishiga qaramay, samolyotlar, razvedka kuchlari, kuzatuv olib borish uskunalari va 7 mingga yaqin askar yetishmayapti, deydi Kreddok.

NATOning Afg’onistondagi faoliyati tanqid qilinayotganda, mana shu yetishmovchiliklar hisobga olinishi kerak, deb hisoblaydi general Kreddok.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ham Myunxenda so’zga chiqib, NATO a’zolarini tashkilot tamoyillariga putur yetkazayotganlikda tanqid qildi.

"NATO jang qilmoqchi bo’lgan va bo’lmagan davlatlar tashkilotiga bo’linib qolmasligi kerak. Kollektiv xavfsizlik tamoyillariga zid bu hol tashkilotni yemirishi mumkin," deydi Geyts.

NATOning Afg’onistondagi qo’mondoni general Kreddokning aytishicha, xavfsizlikni ta’minlash va boshqaruv sohasida yutuqlar katta emas, iqtisodiy taraqqiyot bobida ham olg’a siljish yo’q.

Sabab shundaki, deydi general, Afg’onistonda xorijiy guruh va tashkilotlar ishi muvofiqlashtirilmaydi. Aprel oyida Ruminiyada NATO rahbariyatining uchrashuvi chog’ida bu bilan shug’ullanadigan mas’ul tayinlanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG