Breaking News

AQSh "Manas" o'rniga muqobil variant qidirmoqda


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qirg'iziston hukumatining AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarish qaroridan afsusda. Ammo bu, deydi u, Afg'onistondagi operatsiyalarga katta zarar yetkazmaydi. Klinton masalani kecha Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernard Kushner bilan muhokama qilgan.

"Pentagon ayni damda muqobil yo'llar qidirmoqda. Baza yopilgan taqdirda qanday ish tutish kerakligi ustida o'ylanmoqda. Shunga qaramay Qirg'iziston hukumati bilan masala bo'yicha muloqotni davom ettiramiz," deydi AQSh davlat kotibi.

Prezident Qurmanbek Bakiyev AQShni bazadan chiqarish qarorini e'lon qilgan bo'lsada, Davlat departamenti rasmiy Bishkekdan bu borada haligacha rasmiy noma olmaganini aytmoqda.

Qirg'iziston 2005 yili ham AQShni bazadan chiqarishga do'q-po'pisa qilgan, ammo yangi shartnoma tuzilib, baza uchun to'lov oshirilgach, qaror bekor qilingan edi.

Kuzatuvchilar Qirg'iziston qarori ortida Rossiya turibdi desada, AQSh rasmiylari Kremlni ochiqchasiga tanqid qilayotgani yoki ayblayotgani yo'q.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, "Manas" amerikaliklardan tortib olinsa, Qo'shma Shtatlar O'zbekiston bilan harbiy hamkorlikni yangilashga harakat qilishi mumkin, biroq Xillari Klinton bu haqda izoh berishdan bosh tortdi.

Qirg'iziston hukumatining bugun chiqargan bayonotiga ko'ra, AQSh bazasini yopish haqidagi qaror qat'iydir.

AQShning Tojikistondagi elchisi Treysi Enn Jekobsonning aytishicha, prezident Emomali Rahmon noharbiy yuklarning Afg'onistonga o'z hududi orqali o'tishiga rozi bo'lgan.

Qirg'iziston hukumatining qarori AQSh matbuotida qizg'in muhokama qilinmoqda. "Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, agar AQSh qo'shinlari Bishkek yaqinidagi bazadan chiqarilsa, bu Rossiya g'alabasi bo'ladi. Axir Kreml anchadan beri amerikaliklarning o'z manfaatlari zonasini tark etishini istaydi. Qirg'iziston hukumatining qarori Afg'onistondagi urushni tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlardan deb belgilagan Obama ma'muriyatiga zarba deya baholanmoqda.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi xodimi Stiven Sestanovichning aytishicha, Afg'oniston tinchligidan Rossiya ham manfaatdor, shu sabab uning Qirg'izistonni amerikaliklarni bazadan chiqarishga majburlashi mantiqqa to'g'ri kelmaydi.

Qirg'iziston hukumati AQSh bazasini yopishga asosiy sabab qilib uning uchun kam to'lov olayotganini ko'rsatgan. Rossiya esa Qirg'izistonga 2 milliard dollardan ziyod miqdorda yordam taklif etmoqda.

Rossiya hukumati puliga o'tgan yil Nyu-Yorkda ochilgan Demokratiya va hamkorlik instituti vakili Andronik Migranyanning "Nyu-York Tayms" gazetasiga aytishicha, agar AQSh Afg'oniston masalasida Rossiyadan ko'mak olmoqchi bo'lsa, Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi va NATOning sharq tomon kengayish rejalari bo'yicha Rossiya bilan murosa qilishiga to'g'ri keladi.

Xuddi shunday fikrni gazetaga "Rossiya jahon siyosatida" nashri muharriri Fedor Lukyanov ham aytgan. "Amerikaliklar ilojsiz ahvolga tushib qoldi. Bundan keyin yordam kerak bo'lsa, ular Bishkekka emas, Moskvaga boradi" deydi u.

"Vashington Post" gazetasi "Manas" bazasining Afg'onistondagi operatsiyalar uchun ahamiyati haqida yozar ekan, unda mingga yaqin AQSh harbiylari joylashganini, "Manas"dan Kobuldagi Bagram harbiy bazasigacha samolyotda ikki soatlik yo'l ekanini ta'kidlaydi. Misol uchun, Saudiya Arabistonidagi bazadan Bagramga uchish uchun 6-8 soat vaqt ketadi.

Parlament Qirg'iziston hukumati qarorini qabul qilsa, AQSh qo'shinlari "Manas"ni 6 oy ichida tark etishi kerak bo'ladi. Pentagon matbuot kotibi Jeff Morel baza yopilmasidan oldin Qirg'iziston bilan muzokara bo'lishini, baza qo'ldan boy berilgan taqdirda ham harbiylarni joylashtirish uchun boshqa joy qidirilishini aytgan.

Qirg'iziston Milliy Xavfsizlik Kengashi raisi Odaxon Madumarovning aytishicha, hukumat qarori qat'iy va muzokaraga hojat yo'q.

Amerikaliklar Qirg'izistondan ketgan taqdirda baza bo'sh qolmaydi, deb yozadi yana bir gazeta "Vashington Tayms". Rossiya sobiq Sovet respublikalari ishtirokida maxsus qo'shin tuzib, uning bir qismini "Manas"ga joylashtirmoqchi. Mamlakatlar iqtisodiy tanazzul oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida 10 milliard dollarlik favqulodda jamg'armaga ham asos solishga kelishib olgan.

Qirg'iziston o'z qarori bilan AQShdan uzoqlashayotgan bir paytda Qozog'iston Obama ma'muriyatini yaqinroq hamkorlikka chaqirmoqda. Qozog'istonning AQShdagi sobiq elchisi, endilikda Davlat kotibi Kanat Saudabayevning "Vashington Tayms" gazetasida chiqqan maqolasiga ko'ra, ikki davlat ko'p sohada hamkorlik qiladi.

"Ommaviy qirg'in qurollarini tarqatmaslik, terrorga qarshi kurash, Afg'onistonni barqarorlashtirish bobida Qozog'iston AQSh bilan yelkama-yelka ishlashga tayyor. Prezident Obamaning Qozog'istonga tashrif buyurish istagi mamnuniyat bilan qabul qilinadi, chunki AQSh prezidenti shu paytgacha Markaziy Osiyoda bo'lmagan," deb yozadi Kanat Saudabayev.

"Manas"dan amerikaliklarni chiqarish qarori o'zbekistonliklar tomonidan ham qizg'in muhokama qilinmoqda. Sharhlovchi Fayzulla Is'hoqovning aytishicha, Rossiya uchun xavfsizlikni ta`minlash muhim, lekin Kreml birinchi galda mintaqani o`z ta`sir doirasida ushlab turmoqchi.

"Manas bazasi AQSh uchun ham, Qirg'iziston uchun ham foydali edi. Afg`onistonga yaqin edi, qurol-aslaha, boshqa yordamni zudlik bilan yetkazish mumkin edi. Iqtisodiy, siyosiy jihatdan ham foydali edi, chunki AQSh o`z bazasi bor davlatni siyosiy tomondan qo`llab-quvvatlaydi. Qirg'iziston ijara haqi uchun millionlab dollar olayotgan edi. Lekin Rossiya qattiq bosim ko`rsatdi. AQSh uzoq, Rossiya yonboshda. Shuning uchun ham Bakiyev sammitda keskin gapirishga majbur bo'ldi", - deydi Is'hoqov.

Bishkekdagi baza nafaqat AQSh, balki NATO kuchlari uchun ham muhum. Rossiyaning NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozin fikricha, AQSh Afg`oniston bo`yicha qo`shni davlatlar, jumladan, Rossiya bilan ham hisoblashishi kerak.

Sharhlovchilar nazarida Rossiya mintaqa davlatlari o`rtasida ziddiyatni kuchaytirib, o`z ta`sirini kuchaytirmoqda.

"Manasdan AQSh va NATO kuchlari baribir chiqarilsa kerak. Chunki mintaqa davlatlari Rossiya bosimiga dosh bera olmaydi. Ular ikkita qo`chqorning o`rtasida qolmoqchi emas", - deydi Bobomurod Razzoqov.

Fayzulla Is'hoqov so'zlariga ko`ra, AQSh ma`muriyati mintaqa bo`yicha pozitsiyasini hali aniq ishlab chiqmagan. Rossiya esa bu tanaffusdan unumli foydalanmoqda.

Ayrimlar fikricha, AQSh harbiy bazasi borasida yakuniy qaror qabul qilinmagan. Rasmiy Bishkek harbiy baza uchun ko`proq yordam olish uchun shovqin ko'tarayotgan bo'lishi ham mumkin.

XS
SM
MD
LG