Breaking News

Afg'onistonda korrupsiya va xavfsizlik asosiy muammolar


Afg’onistonda 20 avgust kuni prezident saylovlari. AQSh rasmiylari jarayon ochiq bo’lib, saylov natijasi xalq xohishini aks ettiradi deya ishonch bildiryapti.

Xususan, respublikachi senator, o’tgan yilgi prezident saylovlarida Barak Obamaning asosiy raqibi bo’lgan Jon Makkeynning aytishicha, xavfsizlikni ta’minlash bilan birga hukumat idoralarida chuqur ildiz otgan korrupsiyani yemirish kerak.

“Korrupsiya mahalliy darajada, ayniqsa politsiya tizimida ham gurkiramoqda. Bu esa xavfsizlikni ta’minlash ishlariga pand bermoqda. Xalqni himoya qilish o’rniga politsiya qalloblik bilan shug’ullanmoqda. Saylovlarda g’alaba qozongan nomzod bu muammoga jiddiy e’tibor qaratadi degan umiddaman”, - deydi Makkeyn.

Saylovlar Afg’onistonda 20 avgust kuni bo’ladi. Amaldagi prezident Hamid Karzay ikkinchi muddatga saylanish harakatida. Nomzodlar orasida sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla va sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani ham bor.

Mamlakatda Tolibon va al Qoidaga qarshi ashaddiy kurash olib borayotgan Qo’shma Shtatlar saylovlargacha xavfsizlikni ta’minlash maqsadida janubda yirik operatsiya olib bormoqda.

Senator Makkeynga ko’ra, Afg’onistonda AQSh kuchlari sonining oshirilishi Iroqda bo’lgani kabi muvaffaqiyatga yetaklaydi.

“Yetarlicha qo’shinlarga ega bo’lsak, AQSh qabul qilgan yangi strategiya natija beradi deb o’ylayman. Shu bilan birga afg’on armiyasi hajmi ham kengaysa, xavfsizlikni ta’minlash oson bo’ladi”, deydi Makkeyn.

“Nomzodlarning qay biri prezidentlikka munosib” degan savolga senator “buni afg’on xalqining o’zi hal qilishi kerak” deydi.

“Ovoz berish huquqiga ega har bir fuqaro o’z burchini ado etishiga imkoniyat bo’ladi, saylovlar ochiq va adolatli o’tadi, ovozlarni soxtalashtirish va sotib olish hollari imkon qadar kamroq kuzatiladi degan umiddaman”, - deydi Makkeyn.

Ro’yxatdan o’tgan 41 nomzod orasida ikki ayol ham bor. Tahlilchilarga ko’ra, AQShning Iroq, Afg’oniston va BMTdagi sobiq elchisi, ikki davlat fuqaroligiga ega Zalmay Xalilzod ham saylovlarda qatnashishga umid qilgan, biroq Afg’oniston konstitutsiyasi unga bu yo’lda g’ov bo’lgan. Xuddi shu asnoda Amerika Ovozining sobiq muxbiri, o’tmishda Afg’oniston Ichki ishlar vaziri Ali Jaloliy ham saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo’lgan.

Zalmay Xalilzodning aytishicha, Afg’oniston yuzlashayotgan qiyinchiliklardan kelib chiqqan holda saylovlarga katta mas’uliyat bilan yondashish kerak, aks holda muammoga yana muammo qo’shiladi.

“Saylov jarayonida etnik, diniy yoki mazhablararo hissiyotlarni qo’zg’atishdan o’zni tiyish lozim. Nomzodlar mamlakatning umumiy manfaatlariga javob beruvchi masalalarga keng e’tibor qaratishi kerak”, - deydi Xalilzod.

“Nyu-York Tayms” gazetasining xabar qilishicha, Xalilzod saylovlarda ishtirok eta olmasada, hukumatdan o’ziga nufuzli, saylovlardan xoli lavozimni olish borasida prezident Hamid Karzay bilan muzokara qilmoqda. Muhokamada Davlat departamenti ham ishtirok etmoqda, deb yozgan edi gazeta may oyida. Biroq Xalilzodning o’zi buni inkor etmoqda.

XS
SM
MD
LG