Breaking News

Afg'onistonda saylov kuni o'zgarishi mumkin


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning siyosiy raqiblari markaziy saylov komissiyasi tomonidan avgustga ko'chirilgan prezident saylovlarining Karzay qarori bilan aprelga ko'chirilishiga qarshi chiqmoqda. Ba'zilar fikricha, mamlakatda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat qaltis ekan, saylovlarni erta o'tkazish to'g'ri qaror bo'lmasligi mumkin.

Muxolifat nazarida Karzay bu qarori bilan raqiblarini ortda qoldirib ketmoqchi, chunki saylovlarga tayyorgarlik ko'rishga vaqt oz bo'ladi.

Hukumat so'zlovchisi Vohid Umarning Amerika Ovoziga aytishicha, Karzay shunchaki saylovlarning konstitutsiyaga muvofiq o'tkazilishini ta'minlamoqchi. Mamlakat bosh qoninga ko'ra, saylovlar 21 apreldan oldin, Karzay prezidentlik muddatining tugashidan bir oy oldin o'tkazilishi zarur.

"Saylov komissiya tomonidan 20 avgustga ko'chirilgan edi, ammo bu qonunga xilof bo'lgani uchun, prezident kunini o'zgartirishga qaror qildi," deydi rasmiy.

Afg'oniston saylov komissiyasi Karzay qarori bo'yicha hali fikr bildirmagan.

Konstitutsiyada saylovlar prezidentlik muhlati tugamasidan oldin o'tkazilmasa nima bo'lishi haqida hech narsa deyilmagan.

Qonunchilar bu haqda ko'p tortishib, haligacha biror qarorga kelmagan.

"Karzay "agar saylovlarni cho'zsam, ularga yaxshiroq tayyorgarlik ko'raman" deb o'ylagan edi, biroq konstitutsiya uning saylovlargacha hokimiyat tepasida qolishini taqiqlashini bilgach, saylovlarni darhol aprelga ko'chirdi," deydi deputat Doud Sultonzoy.

AQSh Davlat departamentiga ko'ra, mamlakatdagi beqarorlikni hisobga olib, saylovlarni kechroq o'tkazgan ma'qul. Prezident Obama yaqinda Afg'onistonga 17 ming askar yuborish haqida qaror chiqargan va agar saylovlar aprelda o'tkazilsa, qo'shimcha kuchlar ungacha mamlakatga yetib bormaydi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

XS
SM
MD
LG