BMTning tinchlikni saqlash operatsiyalariga mas'ul rasmiysi Alan Le Royning aytishicha, Afg'onistonda saylovlarni iyuldan oldin o'tkazish oson bo'lmaydi. NATO, AQSh va Afg'oniston muxolifati ham shu fikrda. Kecha prezident Hamid Karzay saylov komissiyasidan saylovlarni avgustdan aprelga ko'chirishni so'ragan edi.
Alan Le Royga ko'ra, saylovlar avgustda o'tsa ularning natijalari ancha ishonchli bo'ladi.
"Eng katta xavotirimiz shuki, ayni damda mamlakat xavfsizlik bobida bunga tayyor emas. Saylovlarga tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt kerak," deydi BMT rasmiysi.
Afg'oniston konstitutsiyasiga ko'ra, saylovlar 21 apreldan oldin, Karzay prezidentlik muddatining tugashidan bir oy avval o'tkazilishi zarur. Agar avgustgacha qoldirilsa, Karzay lavozimidan tushishi kerak bo'ladi. Uning prezidentlik muddati 21 mayda o'z nihoyasiga yetadi.
Shunga qaramay, deydi Le Roy, mamlakat saylovlarga tayyor emas. Saylov materiallari va byulletenlari chop etilmagan, tadbirni o'tkazish uchun zarur 220 million dollar hali topilmagan.
"Texnik muammolar ko'p, ular hal qilinmasa, saylov natijalari qonuniy bo'lmasligi mumkin," deydi BMT rasmiysi.
AQSh ham BMT pozitsiyasini qo'llab-quvvatlab, yozgacha qo'shimcha 17 ming askarni safarbar etib, saylovdan oldin xavfsizlikni ta'minlashga yordam berishini aytmoqda.