Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev shu oy oxirida O`zbekistonga safar qilishi kutilmoqda.
Sharhlovchilar fikricha, bu tashrif Rossiya-O`zbekiston aloqalari bir qadar soquqlashgan pallaga to’g’ri kelmoqda.
Tashrif davomida qanday masalalar muhokama qilinishi hozircha rasman e’lon qilinmagan, biroq muzokaralar mavzusi bir qadar keng bo’lishi kutilmoqda.
So’nggi paytda O`zbekistonning MDH doirasidagi taskilotlarga nisbatan munosabati o`zgargan; rasmiy Toshkent Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan chiqishi ehtimoldan holi emas, G`arbga moyillik ko’zga tashlanmoqda.
“Tezkor guruh” analitik markazi xodimlari Rossiya bilan ittifoqchilik munosabatlari saqlab qolinishi gumon, demoqda.
“Hozir Rossiyada demokratiya, inson huquqlariga zid jarayonlarni kuzatish mumkin. Yaqinda Putin tashabbusi bilan Stalinga nisbatan munosabat qayta ko`rib chiqildi va o`sha davrdagi vaziyatga ko`ra qatag`onlarni oqlash mumkin degan xulosaga kelindi. Bu degani hozirgi davrda ham shunday qatag`onlarni amalga oshirsa va uni oqlash uchun sabab topsa bo`ladi degani. Bizning xulosamiz - hozir Rossiya bilan strategik hamkorlik haqida gap bo`lishi mumkin emas”, - deydi “Tezkor guruh” analitik marakazi tahlilchilchisi Suhrob Ismoilov.
Siyosatshunos Farhod Tolipov fikriga ko’ra, Medvedev tahsrifi davomida O’zbekiston-Rossiya aloqalaridagi mana shu o`zgarishlar muhokama qilinadi.
“Har qanday yirik, qudratli davlat kichikroq davlatlarga ta`sirini o`tkazishga harakat qiladi. Bu gal ham shunday. Rossiya o`z manfaatlari borligini, ular nimalardan iborat ekanligini aniq aytadi. Rossiya o’zgargan deyishadi, vaholanki, mana, Gruziya misolida ko’ring, Kreml haliyam imperiya siyosatidan voz kechmagan. Rossiya avval o`zgarganini ko`rsatishi kerak”, - deydi siyosatshunos.
Sharhlovchilar nazarida mintaqa Rossiyaning energetik siyosatida muhim o`rin tutadi. Ayni paytda Rossiya-Ukraina o’rtasidagi gaz mojarosi, Kreml bosimi keng muhokama qilinmoqda.
Markaziy Osiyo gazi asosan “Gazprom” orqali transportirovka qilinadi, demak, Kreml bunday bosimni istagan payt qo’llashi mumkin.
So’nggi paytda neft bahosi tushib, Rossiya iqtisodiga jiddiy zarar yetgan. Bu zararni mintaqa resurslari hisobiga to’ldirish harakati kuchayishi mumkin, deydi tahlilchilar.
“Energoresurslar bo’yicha tuzilgan shartnomalar Rossiyaning nafqat iqtisodiy, balki geosiyosiy manfaatlari uchun ham xizmat qilib kelayapti”, - deydi Farhod Tolipov.
Suhrob Ismoilov fikricha, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev tashrifi chog’ida MDH miqyosida rivojlanmagan aloqalarni ikki tomonlama munosabatlar shaklida rivojlantirish muhokama qilinishi mumkin. Biroq faqat xomashyo bazasiga asoslangan aloqalardan samara bo`lishi gumon.
“Bizningcha, O`zbekiston G`arb bilan yaqinlashishi, yordamni G`arbdan kutishi kerak, chunki Rossiyaning o`zi hozir yordamga muhtoj. Faqat G`arb bilan aloqalarni tiklab, keyin Rossiya bilan teng ravishda munosabatlarni rivojlantirish mumkin”, - deydi Ismoilov.
O`zbekiston va Rossiya o`rtasida ittifoqchilik shartnomasi Andijon fojealari bo’yicha hukumat pozitsiyasi Kreml tomonidan qo`llab-quvvatlangach, imzolangan edi.