Breaking News

Hizb-ut-Tahrir Farg'ona Vodiysida qanot yozmoqda


Farg’ona vodiysiga azaldan Markaziy Osiyodagi diniy radikalizm o’chog’i deya qaralgan. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti nazarida mintaqada ektremist guruhlar faollashmoqda. Ayrim tahlilchilar fikricha esa radikal tashkilotlar hali ham faol biroq vahima ko’tarishga o’rin yo’q.

Siyosiy kurash orqali xalifalikni tiklashni da’vo qiladigan “Hizb-ut-Tahrir” faoliyati asosan Qirg’izistonda keng quloch yoymoqda. Mazkur diniy oqim a’zolari mamlakatning rusiyzabon aholi yashaydigan shimoliy qismida targ’ibot-tashviqot ishlari bilan shug’ullanmoqdalar. Qirg’iziston janubida esa, ijtimoiy muammolarni hal qilishga e’tibor qaratilmoqda.

Ekstremistik oqim faoliyati rasmiylarda tashvish uyg’otayotgani may oyi oxirida Bishkekda o’tgan mediaforumda ham sezildi. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotining Bosh kotibi Nikolay Bordyuja mintaqa davlatlarida radikal kayfiyatdagi islomiy guruhlar faollashayotganidan xavotir bildirgan.

“Bosh maqsad – Markaziy Osiyo davlatlarida dunyoviy tizimni ag’darib, Farg’ona vodiysida Xalifat kabi diniy davlat qurish bo’lib qolmoqda. Bu birdaniga uch davlat – O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikistonning hududiy yaxlitligiga tahdiddir”,- deydi Brodyuja.

Uning aytishicha islomiy guruhlar faoliyati kelajakda geosiyosiy vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin.

Ammo, g’arblik tadqiqotchilar nazarida, radikal kuchlar tahdidi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo mintaqa davlatlari rahbarlari tomonidan doim bo’rttirib taqdim qilingan.

AQShdagi Jorj Mason (George Mason) Universiteti tadqiqotchisi Erik Makglinchi (Eric McGlinchey) Farg’ona vodiysidagi islomiy guruhlar faoliyatini o’rganmoqda. Uning aytishicha, mintaqada diniy radikal kayfiyat seziladi. Biroq, deydi u, bu kayfiyat qo’rquv bilan yashash darajasiga ko’tarilgan emas.

“Albatta, aholi orasida “Hizb-ut-Tahrir”ga, balki, hatto O’zbekiston Islomiy Harakatiga moyil odamlar uchraydi. Farg’ona vodiysida an’anaviy dindorlar, salafiylar, “hizb”chilar bor. Ammo bu degani ular radikallar degani emas”, - deydi Makglinchi.

“Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimi faollari ham rasmiylar tomonidan o’zlariga qo’yilayotgan ayblovlarni asossiz, deb hisoblaydilar. O’z ismi sharifini atamaslikni ma’qul ko’rgan o’zbekistonlik “hizbchi”ga ko’ra, oqim a’zolari faqat g’oyaviy-siyosiy kurash olib bormoqdalar.

“Da’volar hammasi puch – “Hizb-ut-Tahrir” hech qanday moddiy ishlar bilan shug’ullanmaydi. O’zbekistonda faoliyatimizni to’xtatganimiz yo’q. Faoliyatimizni yashirin bosqichga ko’chirganmiz”.

O’zbekistondan farqli o’laroq, Qirg’izistonda “Hizb-ut-Tahrir” a’zolariga nisbatan rasmiylar munosabatini mo’tadil deyish mumkin. Muftiy Muratali Jumanov qatag’on siyosati bilan emas, da’vat hamda nasihat orqali ijobiy natijaga erishish mumkinligiga ishonadi.

“Bular noto’g’ri, adashgan yo’lni tanlab olgan jamoa. Qirg’iziston fuqarolari, yot odamlar emas. Bizning chaqirig’imiz – bu yo’ldan qaytinglar, shunchalik ilmingiz bo’lsa, kelinglar, xalqning tinchligi va do’stligi uchun harakat qilinglar. Xalqni bo’lmanglar”,- deydi muftiy.

Mo’tadil munosabat: ta’qiqlangan faoliyat uchun jarima yoki shartli jazo, mutaxassislar nazarida, qatag’on usulidan ko’ra afzalroqdir. Amerikalik tadquqotchi Erik MakGlinchiga ko’ra, qatag’on va yo’l tanlash imkoniyatining yo’qligi diniy faollarning yashirin faoliyatni tanlashiga sabab bo’lishi mumkin.

“Qatag’on sababli radikallashuv kuchayadi. Masalan, O’zbekistonda radikallashuv darajasi Qirg’izistonga nisbatan balandroqdir”, – deydi amerikalik olim.

XS
SM
MD
LG