Breaking News

Qirg'iziston shimolida namoyish, aholi narx-navodan norozi


Huquq faollarining aytishicha, Qirg’izistonning shimoli, 30 ming kishi yashovchi Talas shahrida namoyishchilar – mingdan ziyod odam hukumat idorasiga bostirib kirib, binoni egallab olgan.

Hokim Bolotbek Beyshenbekov garovga olingani aytilmoqda. Yuzlab odamlar Ichki ishlar boshqarmasining mahalliy idorasini qurshab olgan. Aholi elektr energiyasi va gaz narxi oshib borayotganidan norozi.

Biroq Ichki ishlar vazirligi vaziyat tinchlanganini bildirmoqda. Militsiya to'qmoq va ko'zni yoshlantiruvchi gazni ishga solib, tezda odamlarni tarqatgan. Rasmiylar voeani mast kishilarning to'poloni deya ta'riflamoqda.

Bosh vazir Doniyor Usenovning aytishicha, Bishkek g'arbidagi Talas shahriga qo'shimcha 100 ofitser safarbar etilgan. "Bunday xatti-harakat tashkilotchilarini tartibga chaqiraman. Aks holda keskin chora ko'ramiz",-deydi Usenov.

Muxolif "Ota Makon" partiyasi rahbari Omurbek Tekebayevning aytishicha, partiya rasmiylaridan birining hibga olinishi Talasdagi namoyishlarga turtki bergan. Biroq hukumat hibs haqidagi xabarni inkor etmoqda.

Qirg’izistonda hukumatga qarshi chiqishlar faollashgan. O’tgan hafta BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tashrifi chog’ida Bishkekda faollar parlament binosi atrofida erkinlik, huquq talab qilib, namoyish qilgan.

2005 yilda namoyishlar natijasida hukumat tepasiga kelgan prezident Qurmanbek Bakiyev, deydi tahlilchilar, tartib-intizom, avtoritarizmni demokratik qadriyatlardan ustunroq qo'ymoqda. Oxirgi ikki yilda matbuot va muxolifatga bosim kuchaygan, jurnalistlarga ta'qib oshgan.

Siyosatdonlar nazarida og'ir iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy vaziyat aholi, muxolifatning birlashishiga sababchi bo'lmoqda.

Ertaga, chorshanba kuni ham Qirg'iziston bo'ylab qator namoyishlar rejalangani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG