AQSh Demokratik Instituti (National Democratic Institute) O’zbekistonda o’z idorasiga ega oz sonli G’arb tashkilotlaridan biri. Uni uch yildan beri boshqarayotgan Klark Pleksiko (Clark Plexico) fikricha, respublika siyosiy turg’unlikda deyish noto’g’ri. Tuzum astalik bilan o’zini isloh qilmoqda, deydi u. Qanday qilib?
Klark Pleksiko Toshkentga 2009-yilning dekabr oyida o’tgan saylovlar oldidan borgan va shundan beri Oliy Majlisda o’ringa ega partiyalar bilan ishlab keladi. AQSh Demokratik Instituti demokratik tamoyillar va jarayonlar, siyosiy faollik va madaniyatni targ’ib qiluvchi tashkilot. U yuritadigan dasturlarga Demokratik partiya mablag’ ajratadi.Oliy Majlis saylovlari xalqaro hamjamiyat, xususan, G’arb tomonidan keskin tanqid qilingan, demokratik me’yorlarga javob bermadi deya topilgan.
“Lekin saylovoldi kampaniyasi va partiyalar olib borgan targ’ibot ishlarini quruq safsata deya olmaymiz”, - deydi Pleksiko, jarayonni yodga olar ekan.
“Nomzodlar xalq oldida o’z dasturlarini tushuntirgan. Raqiblari bilan bellashgan. Omma fikrini tinglagan”,- deydi Pleksiko, o’zi olib borgan trening va maxsus kurslarda qatnashgan siyosatchilar haqida so’zlar ekan.
Pleksiko yaqinda Vashingtonga kelganida, Amerika siyosiy doiralari undan O’zbekistonda qanday o’zgarishlar bor deb so’radi. Arbobning javobi shuki, respublikada o’ziga xos siyosiy faollik sezilmoqda. Masalan, deputatlar, deydi u, parlament a’zosi bo’lish nima ekani, asosiy burch va vazifalarni bugun yaxshi tushunadi. Ular qilayotgan ishlar katta sahnada ko’rinmayotgandir, deydi Pleksiko, ammo qonunchilar saylovchilarga quloq solishni o’rganishayapti.O’zbekistonni diktatura deb ta’riflovchi tomonlar bu fikrni tubdan rad etadi. Hokimiyat xalq dardini tinglamaydi, aksincha uni ezishda, uning huquq va erkinliklarini bo’g’ishda davom etmoqda, deydi “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotining O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Sverdlov. “Human Rights Watch” yaqinda chiqargan hisobotda O’zbekistonda vaziyatni mustaqil ravishda kuzatuvchi biror xalqaro organ yo’q deya qayd etiladi.
Demokratiyaning asosiy talabi shuki, o’zgarish fuqaro va uning xohish-istagiga binoan amalga oshishi kerak. Tashqi dunyo nasihat qilishi va undashi mumkin, ammo o’zgarish qiladigan bu xalqning o’zi. Klark Pleksiko ham shuni eslatadi.“O’zgarishlar sekin, ammo bor. Ba’zida o’zimdan so’rayman: Agar siyosat va hukumat ishiga qiziqqan bir o’zbek bo’lsam, nima qilar edim? Javobim shuki, tezlikda harakat qila olmaysiz. Shoshsangiz, pand yeysiz. O’zgarish qilishga intilayotgan odamlar mavjud mentalitet va sharoitdan kelib chiqqan holda ish ko’rayapti”.
Pleksiko xalqning siyosiy ongi va bilimi oshmay turib, mo’jiza kutmang, deydi u.“Demokratiya tajriba talab qiladi, bu esa O’zbekistonda yo’q. Tashqaridan kelib “mana sizga demokratiya, oling, ishga soling” deya olmaymiz. Demokratiya shu jamiyatning o’zida, uning xohish-istagi bilan ildiz otishi va rivojlanishi kerak”.
Ko’plab o’zbek ziyolilari avlodlar yangilanishi bilan siyosat ham yangilanadi deya umid bildiradi. O’zbekistonda aholining aksariyati 35 dan yosh ekani muhim fakt, deydi Klark Pleksiko, biroq bu har doim ham o’zgarishga yetaklamaydi.
“Avlodlar yangilanishi tabiiy, lekin ular nima biladi, nima ko’rayapti va qanday ta’sir ostida katta bo’layapti? Agar ular yangicha o’ylab, yangicha ish yuritishni o’rganmasa, yangilik bo’lmaydi. Shu bois almashinuv dasturlari, yoshlarni dunyo bilan tanishtiradigan, boshqa davlatlar va ularning parlamentlari qanday ishlashini ko’rsatadigan programmalarni kengaytirish kerak. Qancha o’zbekistonlik dunyo ko’rsa, shuncha yaxshi”.Klark Pleksikoning tashkiloti yaqinda Kongress qoshidagi Ochiq dunyo yetakchilik dasturi (Open World Leadership Program) bilan hamkorlikda Oliy Majlis vakillarini Vashingtonga olib keldi. 10 ga yaqin senator va deputat AQSh qonunchilik organi va ijroiya tizimi bilan tanishdi.
“Biz bu guruhni Shimoliy Karolina shtatiga ham olib bordik, mahalliy hokimiyat qanday ishlashini ko’rsin deb. Shtat parlamenti a’zolari saylovchi bilan qanday ishlaydi? Fuqaro dardini qanday o’rganadi? Unga qanday xizmat qiladi? Mas’uliyat, burch va informatsiya… Axborot vositalari bilan qanday ishlaydi? Umid qilamizki, O’zbekiston parlamenti a’zolari o’ziga xos bir bilim va fikrlar bilan qaytadi. Albatta, bu yerda ko’rgan narsalarining hammasini u yerda tadbiq etish mumkin emas. Lekin ko’rganga nima yetsin”.AQSh ajratgan mablag’ evaziga almashinuv dasturlari yuritadigan tashkilotlar, xususan, IREX, Soros va ACCELS 2004-2007-yillarda bosim ostida O’zbekistondan chiqib ketgan. Obama ma’muriyati respublika rahbariyatini bunday xalqaro nohukumat tashkilotlarga eshikni qayta ochishga undamoqda. Hozircha biror yangilik yo’q.
Klark Pleksiko nazarida ayni damda, ikki davlat orasidagi aloqalar iliq paytda, bunday hamkorlikni oshirish uchun konkret qadamlar tashlash kerak. O’zbekiston va Amerika xalqini yaqinlashtiradigan tashabbuslar bilan chiqish kerak, deydi u, asl vaziyat haqida to’liq tushunchaga ega bo’lish uchun bu juda muhim.