Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti nazarida O'zbekistonda yangi siyosiy davr boshlanar ekan, davlat xalqaro majburiyatlariga yangicha yondashishni boshlashi lozim. Ya'ni, deydi Toshkentda yuqori lavozimli rasmiylar bilan muloqot olib borayotgan HRW ekspertlari, hukumat huquqni e'zozlashini amalda isbotlay boshlashi kerak.
HRW 2010-yildan beri O'zbekistonda faoliyat olib bormagan. 2011-yilda uning Toshkentdagi idorasiga ishni davom ettirish uchun ruxsat berilmagan.
Hozirga kelib esa HRW mamlakatda qayta ish boshlamoqda va hukumat bilan konstruktiv hamkorlikdan umidvor.
Tashkilot Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbariyatini siyosiy mahbuslarni ozod etishga chaqirmoqda. Qiynoqlarni bas qilish kerak va majburiy mehnat tamoman man etilishi lozim, deya undamoqda HRW.
“O'zbekiston xalqining huquqlari ta'minlanadimi? Davlat uchun bu ulkan sinov, - deydi HRWning Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston bo'yicha eksperti Stiv Sverdlov. - Real o'zgarishlar, real ijobiy qadamlar kutayapmiz".
Tashkilotga ko'ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev huquq va adolat borasida oldinga qadam tashlashga bel bog'lagan bo'lsa, siyosiy fikri va muxolif faoliyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolar ozod etilishi kerak.
Hukumat, deya tan oladi HRW, qator pozitiv ishlar qila boshlagan. Fuqarolarning tuzumdan shikoyatlarini tinglab, muayyan holatlarda ularning muammolarini hal etishga kirishgan. Bu jarayon to'xtamasligi va xalq dardiga quloq tutishda davom etish kerak, deydi huquq himoyachilari.
HRW Toshkentda shu kunlarda qator idoralarda, jumladan, Adliya, Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklarida, shuningdek, Oliy Sud, Oliy Majlis va boshqa dargohlarda muloqot va muzokaralar olib bormoqda.
Sverdlovning qayd etishicha, maqsad ezgu. O'zbekiston BMT a'zosi sifatida o'z bo'yniga olgan majburiyatlarni ado etib, uzviy huquqlarni ta'minlashi uchun ijobiy hissa qo'shish.
HRW O'zbekiston hukumati taklifiga binoan delegatsiya yubordi. Rasmiylarning aytishicha, Toshkent ham samarali hamkorlikdan umidvor.
Facebook Forum