Breaking News

Human Rights Watch: Huquq faoli O'ktam Pardayevni tinch qo'ying


O'zbekistonda ikki oy oldin hibsga olingan huquq himoyachisi O'ktam Pardayev amnistiyaga tushib, ozod qilindi. Lekin uch yilgacha inson huquqlari faoliyati bilan shug'ullanmaslik sharti qo'yilgan.
O'zbekistonda ikki oy oldin hibsga olingan huquq himoyachisi O'ktam Pardayev amnistiyaga tushib, ozod qilindi. Lekin uch yilgacha inson huquqlari faoliyati bilan shug'ullanmaslik sharti qo'yilgan.

Ikki oy hibsda saqlangan huquq faoli O'ktam Pardayev 2016-yil boshida sudlandi. Aybdor deb topildi, amnistiyaga ilindi va shartli ravishda ozod qilindi, lekin tazyiqlar to'xtamagan. Hukmga ko'ra, Pardayev uch yilgacha inson huquqlari faoliyati bilan shug'ullanmasligi kerak.

Firibgarlik, haqorat qilish aybi bilan sudlangan Pardayevning ozodlikka chiqqani, uni himoya qilib kelayotgan huquq tashkilotlari nazarida na marhamat, na ijobiy o'zgarishlardan darak.

11-yanvar kuni uyiga qaytgan Pardayev endilikda doimiy kuzatuv ostida va mahalliy ichki ishlar bo'limining ro'yxatida.

Asossiz ayblangan, sudlangan va qilmagan jinoyati uchun jazolanayotgan faol taqdiri O'zbekistonda ko'plarning boshidagi qismat va bu adolatsizlikdir, deya bong urmoqda "Human Rights Watch" (HRW), Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar.

Jizzaxda huquq faollariga yetakchilik qilib kelgan Pardayev keyin keskin shart bilan qo’yib yuborilgani boshqalarda qo'rquv va xavotirni kuchaytirgan.

Pardayev o'z faoliyati mobaynida fermerlarning huquqlarini himoya qilib chiqqan, tizimdagi chuqur korrupsiya, shuningdek, paxta dalalaridagi zo'ravonliklar va qora ishlar haqida ma'lumot to'plagan, jabrdiydalarning manfaatlarini himoya qilgan.

37 yoshli Pardayev 2015-yilning kuzida jizzaxlik bir ayol shikoyati asosida hibsga olingan edi. U bu juvondan pul undirganlikda va uni haqorat qilganlikda ayblangan. Huquq himoyachisi bu ayblovlarni inkor etgan.

Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva qayd etishicha, nafaqat Pardayev, balki uning yaqinlari ham kundalik ravishda xavfsizlik organlari ko'zi ostida, ularning xatti-harakatlari doimiy tarzda kuzatilib, shaxsiy huquqlari poymol etilmoqda.

Pardayevni yana qayta hibsga olish uchun bahona izlashmoqda, degan xavotir hukmron. Faol 1-fevral kuni militsiyaga chaqirilgan va unga hech qayerga safar qilmaslik hamda 22:00 dan keyin uyidan tashqariga chiqmaslik buyurilgan. Pardayev hatto yaqinlari bilan ko'rishish uchun ichki ishlar bo'limidan ruxsat olishi kerak. Sud hukmida bu shartlar yo'q.

Yevropa va AQShda asoslangan xalqaro tashkilotlar O'zbekiston hukumatini huquq faollariga nisbatan tazyiqni bas qilib, e'tiborni bu fuqarolar ko'tarib chiqayotgan tub masalalarga qaratishga undab keladi.

Har bir fuqaro erkinlik va adolat uchun kurashishga haqli, muammolar haqida gapirgan odamlarni nishonga olish xalqaro qonunlarga ziddir, deya eslatilmoqda bugun chiqqan bayonotda. "Huquq faoli Pardayevni tinch qo'ying", deya undamoqda bu tashkilotlar.

O'zbekiston hukumati bu chaqiriqlarga javob bermaydi. Rasmiylar huquq faollarini provokatorlar deya izohlaydi.

O'ktam Pardayev uch yil huquq himoyasi bilan shug'ullana olmaydi, nega? Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:37 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG