Breaking News

Konstitutsiya kuni oldidan O'zbekistonda amnistiya e'lon qilindi


O'zbekiston qamoqxonalarida
O'zbekiston qamoqxonalarida

O’zbekiston Oliy Majlisi Senati e’lon qilgan yangi amnistiya diniy va siyosiy mahbuslar uchun emas. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, tinchlikka va jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir qilganlarga va jazo o’tash tartibini muntazam ravishda buzayotganlar avf etilmaydi.

O'zbekistonda amnistiya... Kim avf etilmoqda, kim esa yo'q - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:20 0:00

3-dekabrda Toshkentda ish boshlagan Senat yalpi majlisida qabul qilingan hujjat avvalgi amnistiyalardan deyarli farq qilmaydi.

Jinoyat sodir etganda 18 yoshga to’lmaganlar, ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, nogironlar, shuningdek, xorij fuqarolari amnistiya qo’llanilmasligi ko’rsatilgan jinoyat turi sodir etmagan bo’lsa, jazodan ozod etilishi kerak. Avf qilish qaror e’lon qilingan kun, ya’ni 3-dekabrdan boshlab uch oy davomida amalga oshadi.

Amnistiya tegishli ko’rilgan mahkumlarning ishini sud ko’rib chiqadi. Jarayonga Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakillari, senatorlar, mahalliy kengash deputatlari jalb qilinadi.

Umum avf e’lon qilingan bir paytda O’zbekistonda diniiy motivlar bo’yicha ommaviy hibslar davom etmoqda.

Ekstremizm, noqonuniy diniy oqimlarga qo’shilish, diniy mavzudagi chiqishlar gumoni bilan 200 dan oshiq odam organlar tomonidan olib ketilgan.

“Hozir hibsga olinganlar ustidan surushtiruv ketayapti. O’rganishayapti… Ehtimol bir qismini ozod qilishar, lekin ko’pchilikka nisbatan jinoiy ish qo’zg’atilishi ehtimoli katta. Toshturma va ichki ishlar boshqarmalarida “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik yoki shunga o’xshash gumon bilan hibsga olinganlar ushlab turilibdi”, - deydi masaladan xabardor huquq himoyachsi Surat Ikromov.

“Jazo muddatini muntazam buzayotgan mahbuslar” deganda ko’p hollarda siyosiy mahbuslar nazarda tutiladi. Ularning taqdiri yaqinda Toshkentda o’tgan Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston inson huquqlari muloqotida muhokama qilingan. Yevropa diplomatlari Karimov ma’muriyatini masalani qayta ko’rib chiqishga undagan.

Siyosiy mahbuslar tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib qamalgan muxolifatchilar, huquq himoyachilari, jurnalistlar va faollar.

Hukumat O’zbekiston siyosiy mahbus yo’q deydi, qamoqdagilarning hammasi jinoyati isbotlangan shaxslar.

Huquq bo’yicha xalqaro tashkilotlar esa ularni repressiya qurboni deb ataydi, chunki ular biror jinoyat sodir etgani uchun emas, amaldagi siyosatni qoralagani va rahbariyatni tanqid qilgani uchun nishonga olingan.

Yevropa Ittifoqi O’zbekistondagi siyosiy mahbuslarni ozod etish, fuqarolarga nisbatan bosimni pasaytirishga chaqirmoqda.

Yaqinda Murod Jo’rayev, 21 yildan beri qamoqda o’tirgan sobiq deputat ozod etildi. AQSh va Yevropa bu yangilikni olqishladi.

Jo’rayevning chiqishi - G’arb bosimi mahsuli, deydi huquq himoyachilari, lekin arbobning jazo muddati to’rt bor uzaytirilganini hisobga olsak, voqeani yutuq deb atash qiyin.

Ayni paytda Jizzax viloyatida huquq faoli O’ktam Pardaev hibsda. Unga nisbatan tovlamachilik aybi bilan jinoiy ish ochilgan.

Huquq himoyachisi Shuhrat Rustamov O’ktam Pardayev ishini o’rgangan. Soxta ayblov, deydi u.

“Uyushtirilgan bu ish… Inson huquqlari, majburiy mehnat masalasida qilgan chiqishlari, intervyularidan so’ng unga nisbatan uyushtirilmoqda bu ish. Go’yoki u allaqanday ayoldan huquqingni himoya qilaman deb pora olgan emish. O’sha ayol uning ustidan ariza bilan murojaat qilgan emish”,- deydi Rustamov.

“Human Rights Watch” va boshqa xalqaro tashkilotlar nazarida O’ktam Pardayev keng miqyosda ishonch qozongan huquq himoyachisi.

Hukumat uni azaldan tazyiqqa olib kelgan, bu safar esa qamash payida; Pardayevning asosiy aybi - jamiyatdagi qora ishlarni ko’tarib chiqqani, repressiv siyosatni fosh etgani, deya bildiradi “Human Rights Watch”.

O'zbekiston Senati, Toshkent
O'zbekiston Senati, Toshkent

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG