Taniqli huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva o'ziga ko'rsatilgan qiynoqlar uchun rasmiy Toshkentni sudga tortmoqchi. Uning shikoyat arizasini ko'rib chiqqan Birlashgan Millatlar Tashkiloti O'zbekiston hukumatiga ish yuzasidan tekshiruv o'tkazish, qiynoqni amalga oshirganlarni jazolash va huquq himoyachishiga tovon puli to'lash talabini qo'ygan.
Mo'tabar Tojiboyeva o'ziga nisbatan qo'llangan qiynoq va tahqirlar yuzasidan uch yil muqaddam BMT Inson huquqlari Qo'mitasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Qo'mita bu ariza yuzasidan o'z xulosalarini taqdim etgan. Bu xulosa Mo'tabar Tojiboyevani qiynoq qurboni deb topib, O'zbekiston hukumatiga yarim yil ichida javobgarlarni jazolash, buni matbuotda ochiqlash, jabrdiydaga tovon pulini to'lash talabini qo'yadi.
“BMT Inson huquqlari Qo'mitasiga menga nisbatan 2002-yildan boshlab O'zbekistonda qo'llangan bosimlar, tahdid va qiynoqlar haqida katta bir shikoyat tayyorlab topshirilgan edi. Hozir shu shikoyat bo'yicha BMT xulosasi e'lon qilindi. Unda qiynoq qurboni bo'lganim, huquq himoyachisi sifatida, ayol kishi sifatida hukumatni turli qiynoqlari, zo'rovonliklariga duch kelganim ko'rsatilgan”, - deydi Mo'tabar Tojiboyeva.
Huquq faolining BMTga shikoyati qiynoq qurbonlari taqdiri bilan shu'gullanuvchi REDRESS Inson huquqlari xalqaro Federatsiyasi kabi tashkilotlar ko'magida amalga oshirilgan. Bu tashkilotlar ham, Tojiboyeva ham BMT talabi O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar, qiynoq qurbonlari taqdiriga ijobiy ta'sir ko'rsatishidan umid qilmoqda.
Tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 2005-2008 yillarda qamoqda o'tirgan Tojiboyeva ishi bo'yicha berilgan BMT xulosasi istisno holat emas. O'zbekiston hukumatiga avval ham shunday talablar yuborilgan, bu talablarga nisbatan munosabat bildirilgani, tekshiruv o'tkazilib, biror jabrlanuvchiga tovon puli to'lagani hozirgacha ma'lum emas. Tojiboyeva 2008-yilda G'arb bosimi ostida ozodlikka chiqarilgan va shundan beri Yevropada yashaydi.
Mo'tabar Tojiboyeva jarayonni oxirigacha yetkazish niyatida, adolatli sud orqali O'zbekiston hukumatini javobgarlikka tortish mumkin deb hisoblaydi.
“Mening ishim bo'yicha xulosa yagona emas, O'zbekiston hukumati bu talablarni tan oladi degan fikrdan ham yiroqman. Bundan qat'i nazar, men bu xulosadan xursandman, chunki bu xulosa qamoqxonalardagi boshqa siyosiy mahbuslar ham men kabi qiynoqlar qurboni ekanligining bir isboti. Biz hamkor tashkilotlar bilan bu jarayonni oxirigacha yetkazishni maslahatlashyapmiz. Hozir Yevropa davlatida yashayotganim bois o'zbek hukumatini sudga berish, xorijda O'zbekiston hukumatiga qarashli ko'chmas mulklarni musodara qilish imkoniyatlarini yuristlar bilan o'rganayapmiz. Agar o'zbek hukumatidan tovon undirishgacha borsam, bu nafaqat men, balki hukumatdan jabr ko'rgan barcha qiynoq qurbonlari uchun ham juda muhim. Hozirgacha o'zbek hukumatini hech kim sudga bermagan qiynoqlar uchun, shunday imkoniyat bo'lsa, men undan foydalanmoqchiman ”, - deydi Tojiboyeva.
BMTda ko'rib chiqilgan, qiynoqlar bo'yicha chiqarilgan xulosalarning aksariyati qamoqdagi siyosiy mahbuslarga tegishli. O'zbekiston bu tavsiyalar bo'yicha BMTga qanday javob yo'llagani noma'lum, jarayon, asosan, shu bosqichda yakunlanadi; siyosiy mahbuslarda esa bu isni davom ettirish imkoniyati cheklangan.
O'zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini rad etgan. Huquq tashkilotlari qamoqxonlarda yuzlab siyosiy mahbuslar borligi, ular zudlik bilan ozod etilishini talab qilib keladi.
Xalqaro amnistiya tashkiloti yaqinda uzoq yillardan buyon qamoqda qolayotgan siyosiy mahbus jurnalist Muhammad Bekjonni ozod etish talabi bilan o'tkazgan aksiyada dunyo bo'ylab 140 ming imzo yig'ilgan edi.
Tashkilot faollari shu munosabat bilan O'zbekistonning Bryusseldagi elchixonasi oldida norozilik aksiyasi o'tkazishdi, Muhammad Bekjonning ozod etilishini talab qilishdi.
Xalqaro tashkilot bayonotida shu oy 61 yoshini qarshilagan Muhammad Bekjonning dunyoda eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalistlardan biri ekani ta'kidlanadi.