Xalqaro tashkilotlar va mahalliy faollar bergan ma'lumotlarga ko'ra, O’zbekistonda 1990-yillardan 2004-yilga qadar 19 kishi, dindor fuqarolar, bedarak ketgan. Bu odamlar taqdiri hozirgacha noma’lum. Siyosiy ta'qiblar bois bedarak ketganlarni xotirlash tadbirini boshlagan “Muqobil O’zbekiston", O'zbekiston fuqarolik jamiyatining muvofiqlashtirish kengashi qayd etishicha, 2004-yildan so’ng ham bu jarayon to’xtamagan.
O’z diniy qarashlari yoki mustaqil pozitsiyasi uchun maxsus xizmatlar tomonidan olib ketilgan insonlar haqida gap ketmoqda, deydi “Muqobil O’zbekiston” vakili Mo’tabar Tojiboyeva.
“Bu ro’yxatda ko’pchilikning faqat qaysi muddatda o’g’irlangani haqida ma’lumot bor xolos. Ular qanday vaziyatda o’g’irlanganini aytish qiyin. Andijonlik mashhur imom Abduvali qori Nazarov bundan 20 yil muqaddam xalqaro bir anjumanga uchishi oldidan aeroportda o’g’irlab ketilgan. “Islom uyg’onish” partiyasi rahbari Abdulla O’tayev 1992-yil dekabrda o’g’irlangan. Ular taqdiri haqida hozirgacha hech narsa ma’lum emas”,- deydi faol.
Bedarak yo’qolganlar ro’yxati O’zbekiston inson huquqlari jamiyati, “Ezgulik” va boshqa mustaqil tashkilotlarga tegishli arxivga ko’ra tuzilgan.
So’nggi yillarda asosan Rossiyadan o’g’irlab ketilgan namozxonlarning daragi keyinchalik O’zbekiston qamoqxonlaridan chiqmoqda.
“2004-yildan hozirgacha O’zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan qancha odam o’g’irlangani, daraksiz qolayotgani bo’yicha vaziyat bizga ham mavhum. Mazkur kampaniya jarayonida ehtimol yangi ma’lumotlar chiqar”,- deydi Tojiboyeva.
Rossiyadan o’g’irlab ketilayotgan va keyinchalik Milliy xavfsizlik xizmati yoki Ichki ishlar vazirligi podvalidan chiqayotgan odamlar bu ro’yxatda kiritilmagan.
“Muqobil O’zbekiston” aniqlagan 19 kishining hammasi ulamolar. Ular orasida bundan 20 yil muqaddam yo’qolgan andijonlik taniqli qori Abduvali Mirzayev bor. Jamoatchilikka tanish bo’lmagan namozxonlar ham bor.
O’zbekistonda dindorlarni aniq bir muxolif tashkilot yoki partiya doirasida birlashgani kuzatilmagan.
Muqobil O’zbekiston” faollaridan yana biri Muhammadsolih Abutov fikricha:
“Karimov rejimi boshdan dindonlarga, diniy muxolifatga qarshi ayovsiz kurashib kelayapti. Diniy muxolifat son jihatdan ham, repressiyaga uchrash jihatidan ham siyosiy muxolifatga nisbatan ko’pchilikni tashkil qiladi. Mana o’g’irlanganlar, yo’q qilinganlar ko’pchiligi ham diniy muxolifat vakillari. Abdulla O’tayev, Abduvali qori Mirzayevlar haqiqatda o’zbek rejimi uchun tahdid bo’lish darajasida bo’lishgan. Ular bir ochiq siyosiy faoliyatda bo’lishmagan, lekin ularga ergashuvchilar juda ko’p bo’lgan. Shu bilan birga tanilmagan, oddiy namozxonlar ham o’g’irlangan ”.
Bedarak yo’qolganlarni xotirlash aksiyasi bir oy davom etadi. Maqsad –bu muammoga e’tibor qaratish, yangi ma’lumotlar yig’ib, uni BMT va boshqa tegishli xalqaro tashkilotlarga uzatish hamda ulardan chora ko’rishni so’rash.