Markaziy osiyolik yoshlar 1990-yillar boshida islom ilmini o’rganish uchun asosan Misr, Turkiya, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoniga borib universitetlarda o’qigan. Ko’pi ta’limiy dasturlar borligini eshitib hujjat topshirgan.
O’z mamlakatida bunday imkoniyat yo’qligi bois xorijga ketgan. Ekstremist guruhlarga qo’shilish niyatida borganlar sanoqli, deydi bu mavzuda izlangan tadqiqotchi Deyvid Abramson (David Abramson).
Ekspert O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’izistondagi vaziyatni o’rgangan. 2000-yillar o’rtalaridan beri aksariyat yoshlar vatandagi hukumatlarning bosimi bilan qaytgan, deydi u. O’zbekiston va Tojikistonda rahbariyat mahalliy diniy ta’lim dargohlariga ishora qilib, chetga chiqishga hojat yo’q, deb hisoblaydi. Lekin ular talabni qondirmayapti, deya tahlil qiladi olimlar. Jorj Vashington universitetida (George Washington University, Central Asia program) ana shu mavzuda ilmiy anjuman o'tdi.
Abramson 2008-2009-yillarda Tojikiston, O’zbekiston va Qirg’iziston yoshlari islomni qayerda, qancha vaqt va nima uchun o’qiyotganini o’rgangan. E'tiborni u chet elda bilim olayotganlarga qaratgan. Abramson talabalar bilan savol-javob qilgan, shuningdek, Turkiya va Misrga borib islomiy universitetlar muallimlari bilan muloqotda bo'lgan.
Tadqiqotchi quyidagi omillarni sanab o'tadi:
1. Ilmga chanqoq yoshlar vatanda imkoniyat ko'rmagan, kelajagini tasavvur qila olmagan;
2. Aksariyati islom va din haqida tasavvurga ega emas va faqat grantlar, stipendiyalar borligini eshitib islomiy universitetlarga hujjat topshirgan;
3. Ba’zilarning tanishi yoki qarindoshi Misr yoki Turkiyada o’qib o’rnak ko’rsatgan;
4. Ekstremistik, terroristik qarashga ega yoshlar ular orasida juda kam uchraydi.
Abramsonning aytishicha, Qohiradagi Al-Azhar universiteti yoki Anqaradagi islomiy dargohlarda 10 yildan oshiq o’qib fiqh va dunyoviy fanlarni o'rgangan yoshlar haqiqatda bilim izlaydi. Jangarilar safiga qo’shilaman degan odam 11 yil universitetda sarg’ayib o’tirmaydi, notinch davlatdagi jangarilar lageriga boradi, deya tushuntiradi olim.
Shunga qaramasdan, vatanga qaytgach bu mutaxassislar shubhali muomala, ishonchsizlik bilan yuzlashgan, chunki ularning oliy ma’lumotini Markaziy Osiyo doim ham tan olmaydi. Faqat sanoqlilari muftiylik, diniy ishlar bo’yicha qo’mitalarda yoki madrasalarda ishga o’rnasha olgan. Odamlar arab, turk tillarini o’rganib qaytib oddiy tarjimonlik qilib non topadi, deya qo’shadi Abramson. Ko’plar imkonsizlikdan, vatanda o’zini keraksiz his qilganidan Rossiya yoki Qozog’istonga ko’chib ishchi muhojirlar safini to’ldirgani sir emas.
Tojikiston 2010-yilning avgustidan beri chet elda islomni o’qiyotgan fuqarolarini vatanga qaytarish bilan ovora. Hozir xorijda bilim olayotganlar bir necha yuz kishi, xolos. Ularni chaqirib olishga turtki bergan sabablar aniq emas, deydi Abramson, lekin qo’shni Qirg’izistonda o'sha yilning bahorida ro’y bergan inqilob va yozdagi etnik notinchliklar Prezident Emomali Rahmonni xavotirga solgan bo'lsa ajabmas.
Oradan ko’p o’tmay, Tojikistondagi qamoqxonalarning biridan mahbuslar qochdi. Rasht vodiysi, Xorug’da otishma va to’qnashuvlar sodir bo’ldi. Kengroq miqyosda esa 2010-yilda boshlangan “arab bahori” to’lqini Tojikiston va O’zbekiston hukumatlarini o’z fuqarolari orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishga majbur qilgan. Masalan, O’zbekiston “Kamolot” tashkiloti orqali propagandaga zo’r bergan. Oxirgi yillarda Iroq va Suriyadagi urushlar ham har ikki davlatda nazoratni oshirish uchun bahona bo’ldi, deydi Abramson.
O’zbekistondan qancha odam chet elga borib islomdan ta’lim olgani va qanchasi qaytgani haqida aniq raqamlar yo’q, deydi olim. Shunisi ayonki, Tojikiston bilan qiyoslaganda bu raqamlar ancha kam, chunki Tojikistonda 1990-yillar boshida minglab yoshlarni mamlakatdan chiqib ketishga majbur qilgan omil - fuqarolik urushi edi.
Xo’sh, Markaziy Osiyodagi bu davlatlar chet eldagi ta’limga muqobil diniy bilim berishga qodirmi? Abramson nazarida faqat O’zbekiston hukumati bu yo’lda nisbatan ko’proq mablag’ ajratib universitet va madrasalarni ishga tushirgan. Maqsad - yoshlarni vatanda ushlab qolish va shu yerda o’qishga ko’ndirish. Mamlakatda kamida 10 madrasa va poytaxtda Imom Buxoriy nomli Islom instituti hamda Toshkent Islom universiteti ishlab turibdi. Ammo faqat 1200-1500 o’rinli bu maskanlar minglab talabgor yoshlarni qondira olmaydi va ularga kirish nihoyatda qiyin, deydi olim.
Shunday ekan, vatandagi imkonsizlik O’zbekistondan minglab fuqarolarni Rossiyaga va Qozog’istonga ketishga majbur qilayapti. Karimov ma'muriyati hanuzgacha aholi katta sonda chiqib ketayotganini tan olmaydi, biroq kim qayerda ekanini qattiqroq nazorat qilishga tushgan. Uch oydan ko’pga mamlakatni tark etgan fuqaroni darrov mahalla qo’mitasidan so’roqlab kelishadi.
Islomiy ta’lim va muhojirot masalasi chambarchas bog’liq, deydi Marlen Laruell (Marlene Laruelle), Jorj Vashington universiteti professori.
“Markaziy Osiyodagi hukumatlardan farqli ravishda Rossiya hukumati xorijda islomdan ta’lim olgan tojik yoki o’zbekning diplomini tan oladi va Moskva yoki boshqa shaharda imomlik qilishga ruxsat beradi”, - deydi Laruell.
Rossiyada ishlayotgan markaziy osiyoliklar hayotida islomning roli haqida anjumanda yangragan fikrlar bilan mana bu yerda tanishing.