Qirg’iziston Mudofaa Kengashining yaqinda o'tkazilgan anjumanida din sohasida 2014 - 2020-yillar orasida amalga oshirish ko'zda tutilgan yangi davlat konsepsiyasi tasdiqladi. Unda ekstremizmga qarshi kurash choralarini kuchaytirish masalasiga asosiy o'rin berilgan.
Ushbu dastur taqdimoti paytida chiqish qilgan Prezident Almazbek Atambayevning aytishicha, konsepsiya davlat va din munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan. U, shuningdek, Qirg'izistonda ekstremizmga o'rin yo'qligini va uning kuchayishiga aslo yo'l qo'yilmasligi ta'kidlagan.
Ayrim mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, din sohasida Qirg’iziston shu paytgacha yuritib kelgan siyosat qator ziddiyatli masalalarni yechishda ojizlik qilgan va uni kuchaytirish zarurati tug’ilgan.
Bu borada davlat siyosatini kuchaytirish yuzasidan takliflar Qirg’izistonda anchadan buyon ko’tarilib kelinadi. Yangi konsepsiyani ekspertlar orasida ijobiy qabul qilayotganlar ko'p.
Taniqli ulamo, hozirda Jalol-Obod shahridagi “Islom ta’limoti markazi” deya ataluvchi nodavlat tashkilot rahbari Dilmurod O’rozov fikricha, davlat va din munosabatlarini tartibga solish harakatlariga ko’p jihatdan Iroq va Suriyadagi voqealar turtki do’lgan. Jangarilar safida qirg’izistonlik yoshlarning borligi rasmiylar va oddiy fuqarolar orasida tashvish uyg'otgan.
“Aytaylik, da’vatchilar orasida ham radikal fikrdagi toifalar paydo bo’lga. Shu tomondan Qirg’izistonga xavf borligini davlat tushunadi va kerakli chora-tadbirlar ko’rmoqda”, - deydi Dilmurod O'rozov.
Uning aytishicha, din sohasida davlat siyosati samarali bo’lishi uchun bilimdon, odil mutaxassislarga tayanish darkor.
“Aql-ilm tarozisi bor mutaxassislar orqali davlat diniy tashkilotlar bilan ish olib borsa, yaxshi bo’lar edi,- deydi Dilmurod O’ro’zov.
Uning nazarida, aks holda turli dastur-loyihalardan kerakli natija kutish qiyin.
Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash masalalari bo’yicha ekspert Begijon hoji Ahmedovning aytishicha, mustaqillikning dastlabki yillari Qirg’izistonda diniy vaziyatga e’tiborsizlik bilan qaralgani, o’lkaga har-xil oqimlar kirib kelgani va ular nazoratsiz faoliyat yurutgani salbiy oqibatlarga olib kelgan.
Ekspert zikr qilingan konsepsiyada nafaqat mutaxassislar va turli idoralar, balki jamoatchilik ishtirokini ko’zda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar mavjudligini urg’ulaydi.
Ammo ekstremizmga qarshi kurash nomi ostida olib borilayotgan davlat siyosati diniy erkinlikni cheklashi mumkinligi yuzasidan ham xavotirlar kuchli. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari mamlakatda din va vijdon erkinligi yanada ko'proq poymol etilishi mumkinligidan tashvishda.
Shuni eslatib o'tish joizki, diniy vaziyat masalalarini Qirg’iziston Mudofaa kengashi joriy yilda ikki bor ko’rib chiqqan.