Bugun “Odnoklassniki” yoki “Facebook” da o’tirgan odam butun O’zbekiston shu yerdaku, deb o’ylasa ajabmas. Turfa xil mavzularda qizg’in bahslar. Siyosatdan tortib futbolgacha.
Hukumat internetda nazoratni boy bermaslikka qanchalik harakat qilmasin, omma global tarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar esa odamlarning internetga ishtahasini oshirganda oshirgan. Xabar ham o’sha yerda, bahs-munozara ham, o’zbekona baqir-chaqir ham.
Mamlakat axborot vositalarida yoritilmaydigan nozik masalalar muhokamasi uchun zarur joy kerak edi. Ijtimoiy tarmoqlar shunday platformaga aylandi. Hukumat albatta buni ko’rib, kuzatib turibdi. Internetni butkul cheklay olmaydi. Rasmiylar so'zi bilan aytganda, O’zbekiston zamonaviy davlat axir. Lekin global tarmoqqa kirib-chiqishni o’z tizginiga olishga urinib keladi. Ayniqsa, siyosat, huquq va din singari masalalarga kelganda.
Amerikalik mutaxassis, "Al-Jazira" telekanali saytida sharhlovchi Sara Kendzior (Sarah Kendzior) internet va erkinlik bobida ancha yillardan beri izlanib keladi.
Odamlarni ajnabiy ijtimoiy tarmoqlardan va shu tariqa yot madaniyat va qarashlardan saqlash uchun O’zbekiston hukumati “Muloqot.uz” tarmog’i singari tizimlarni yo'lga qo'ydi. Kirish uchun sizdan boshdan oyoq axborot talab qilinadi, fuqarolikdan tortib, manzilingizgacha.
Rahbariyat bir narsani anglamadi, deydi ekspert, odamlar o’zi shunday tekshiruv va talablardan to’ygan. Internetda o'tirgan odam “erkin joy” qidiradi. Shu bois, deya mulohaza yuritadi Sara Kendzior, “Muloqot.uz” kabi platformalar uzoqqa bormaydi.
Yana bir misol, "Wikipedia" tizimi o'zbek tilida ham ma'lumot qabul qila boshlagach, hukumat u yerda o'z tashviqotini olg'a sura boshladi. Jumladan, prezident Islom Karimov sahifasida uning "ma'qullangan" biografiyasini topasiz.
O’tgan yillar ichida .uz domeni kengaydi, yangidan-yangi saytlar paydo bo’ldi. Kun.uz, anhor.uz, podrobno.uz va hokazo. Ulardagi materiallar davlat matbuoti va teleradiolarinikidan nisbatan farq qiladi. Qisqa va lo’nda. Qiziqarli deyishga arziydi. Biroq ular ham davlat chizgan chiziqdan chiqa olmaydi.
Ularning ishi bilan yaqindan tanish mahalliy jurnalistlar va ziyolilar deydiki, bu nashrlar Milliy xavfsizlik xizmati quvvatlovi bilan amalga oshirilgan loyihalar. Reklamadan tushgan mablag' evaziga faoliyatini kengaytira oladi. Va balki eng muhimi, deydi kuzatuvchilar, ular O’zbekistonda internet jurnalistikasi rivojlanishi uchun o’ziga xos hissa qo’shmoqda. Bugungi muhitda hukumat fotihasisiz ishlash mumkin emas. Yosh iste'dodlar va intiluvchan jurnalistlar uchun bu saytlar, oz bo'lsa-da, ilhom va umid manbai.
Bugun, rasmiy hisoblarga ko'ra, O’zbekistonning deyarli uchdan biri internetda. Albatta, ularning hammasi ham ijtimoiy tarmoqlarda faol emas. Markaziy Osiyoda bu jihatdan eng faol omma Qirg’iziston va Qozog’istonda. Dunyodagi eng yirik ikki sotsial platforma – “Facebook” va “Odnoklassniki”- mintaqada aynan mana shu davlatlarda eng ko’p foydalanuvchiga ega. Millionlab odam haqida gap ketmoqda. O’zbekistondan kiradiganlar va o'zini o'zbekistonlik deb ko'rsatuvchilar ulardan kamroq lekin ularning soni ham kun sayin oshib borayotgani shubhasiz.
Sara Kendzior nazarida, o’zbekistonliklar yopiq jamiyat vakillariga xos zamonaviy “dilemma” bilan yuzlashadi: vatanda bo’lsa, dunyoga chiqay deydi; xorijda bo’lsa, vatanga kiray deydi. Ichkarida o’tirganni “sen tashqi dunyo haqida bilmaysan” deb, chet eldagi o’zbekni esa “vatandan uzoqdasan, haqiqatni bilmaysan” deb so’kishadi.
Ijtimoiy tarmoqlar odamlar virtual uchrashadigan, fikr almashadigan joylar. Millionlab a’zolari chet elda yurgan O’zbekiston jamiyati uchun bu juda muhim imkoniyatga aylangan. Va aynan shu bois repressiv hukumatga ommani global tarmoqda boshqarish tobora qiyinlashib bormoqda.
Islom, e’tiqod, iymon va yurt tinchligi – internetda o’zbekistonliklar orasida eng ko’p tilga olinadigan mavzulardan. Ijtimoiy tarmoqlarda hamma bor: dunyoviy O’zbekiston tarafdorlari, mutaassib fikr egalari, terror guruhlarini olqishlovchilar va hatto ularning safida xizmat qilib yurganlar, ekstremizm targ’ibotchilari va shu shu qatorda islom va umuman har qanday dinni tahdid manbai deb hisoblovchi o’zbekistonliklar.
Islom mutlaq nazorat ostida bo'lgan O’zbekistonda keyingi yillarda .uz domeni ostida islomiy sahifalar ochildi. Ular sobiq muftiy Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahnamoligida yuritiladi. 20 dan ortiq portal faoliyati uchun Adham Atajanov mas’ul. Ijtimoiy tarmoqlarda u Abu Muslim sifatida ham tanilgan.
Bu saytlarni o’rganib, tahlil qilib kelayotgan ekspert, Registan.net bosh muharriri Noa Taker (Noah Tucker) deydiki, islom.uz va boshqa sahifalarga yo’l berib, O’zbekiston hukumati so'nggi yillarda dinga nisbatan siyosatida o'zgacha burilish yasadi.
Sobiq muftiy Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hozirga kelib O’zbekistonning internetdagi norasmiy muftiysi sifatida gavdalanmoqda. Abu Muslim - muftiyning shogirdi va davlatga ma'qul targ'ibotchi. Tuzumga qarshi harakatda ayblanib 2010-yilda olti yilga qamalgan Xayrulla Hamidov ham shu maktabdan chiqqan, ammo uning aybi islomni hukumat ruxsatisiz targ'ib qilgani edi, deydi Noa Taker.
Bir narsa aniq: odamlarga diniy ma’lumot zarur va repressiya ularni islomiy ilm izlashdan to’xtata olmaydi.
1990-2000 yillarda O’zbekistonda bir necha qorilarning ovozi o’chirildi. Chunki ularning chiqishlari hukumatni xavotirga soldi. Rahbariyat bu ulamolarni ekstremizm urug’ini sochayotganlikda aybladi. Masalan, 1995-yilda Abduvali qori g’oyib bo’ldi. O'ldirilgan deya taxmin qilinadi. 2006-yilda Muhammadrafiq qori Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan otib o’ldirilgan. O'zbekiston Islomiy harakatini quvvatlaganlikda ayblangan. Shvetsiyadan panoh topgan Obidxon qori 2012-yilda u yerdagi uyi oldida otib ketildi. Abdulla Buxoriy ismli peshvo ham vatanni tark etib, Turkiyada ekani aytiladi. Hukumat bu insonlar taqdiri haqida lom-mim demaydi. Lekin ularga dushman deb qaraydi.
Ijtimoiy tarmoqlar rivojlanar va ommalashar ekan, deydi Noa Taker, bu qorilarning ishlari to’plana boshladi. Ularning ma’ruza va o’gitlari audio va video shaklda YouTube va boshqa sahifalarda paydo bo’ldi.
“Talaba” va “Islom TV” singari islom o’quvchilari yuritadigan saytlar ochildi. “Sodiqlar” va “Jundurrahmon” kabi mutaassib manbalar chiqdi.
Bu saytlar internetdagi omma orasida mashhur deya olmaymiz, deydi Noa Taker. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ularning muxlislari ko'p ko'zga tashlanmaydi. Odamlar bu borada o’z qarashlarini ochiq ayon etmasligi ham tabiiy.
Qiziq jihati shuki, yoshlarni o’ziga qaratishga urinayotgan bu saytlarning ko’pi kiril alifbosida. Lotin imlosi bilan katta bo’lgan bugungi avlod ularni qanchalik o’qiyapti, bu borada aniq xulosa qilish mushkul.
Ekstremist propagandaga qarshi propaganda olib borayotgan islom.uz va unga qarindosh boshqa saytlar ham asosan kirilda.
Xo’sh, bu saytlar kelajakda nimaga yetaklashi mumkin? Vaqt ko’rsatadi, deydi Noa Taker. Uzoq yillardan beri internetda tashviqot olib borayotgan O’zbekiston islomiy harakati va boshqa guruhlarning ta’sir doirasi keng emas. Lekin ular hamon mavjud. Saflariga yangi yoshlar qo’shilmoqda. Suriyada jang qilib yurgan jihodchilar orasida ham o’zbeklar borligini ko’rib turibmiz.
O'zbek tilini biladigan Sara Kendzior va Noa Taker tahlilicha, Karimov ma’muriyati yillar davomida internet ustidan hukmronlik o'rnatish uchun turli usullarni sinab ko’rdi. To’siqlar, cheklovlar va keskin nazorat yo'lidan bordi va hamon shu yo'nalishda.
Nimaga erishildi? Odamlarning internetga qiziqishi va ehtiyoji oshdi.
Shu bois ham internet kafelarda siyosiy, diniy va pornografik saytlarga kirganlar jarima to'laydi degan ogohlantirishlar bilan tuzum o'zini o'zi laqillatayotgan bo'lsa ajabmas.