Breaking News

Dunyo Andijon fojeasini eslamoqda, adolat talabi so'nmagan


Andijon, 13 may 2005
Andijon, 13 may 2005

Andijon ishi yopilgan deb kelayotgan O'zbekiston hukumati 2005-yilning 12 va 13-may kunlari bu shahar markazida yuz bergan qonli voqealarni xotirlamadi.

Andijon ishi yopilgan deb kelayotgan O'zbekiston hukumati 2005-yilning 12 va 13-may kunlari bu shahar markazida yuz bergan qonli voqealarni xotirlamadi. O'tgan yillar mobaynida shunga guvoh bo'lgan edik. Toshkent hisobiga ko'ra 200 ga yaqin, mustaqil manbalarga ko'ra 700-1000 orasida odam o'lgan o'sha kuni. Hukumatga qarshi bosh ko'targanlarga nisbatan qurolli kuchlar safarbar etilgan.

Prezident Islom Karimov voqea xalqaro mutaxassislar tomonidan tekshirilishiga ruxsat bermagan. Chet ellik rasmiylar Andijonga olib borilgan, diplomatlar uchun maxsus safar uyushtirilgan, lekin alohida mustaqil tergov iltimosi va bu boradagi undovlar rad etilgan.


Shunga qaramay, xalqaro hamjamiyat har yili Andijon yuzasidan adolat ta'minlanishi kerak deya chaqirib keladi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti, Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro guruh, bayon qilishicha, guvohlar va jabrlanganlar juda ko'p va Andijonda ommaviy qirg'in ro'y berganini isbotlovchi dalillar bor. O'zbekiston hukumati qanchalik inkor etmasin, bu faktlar yo'qolib qolmaydi, deya bildiradi tashkilot.

Amerika va Yevropa Ittifoqi, o'zini erkinlik targ'ibotchilari deya biladigan tomonlar, Andijon hamon muhim masala ekanini inkor eta olmaydi, deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), "Human Rights Watch" tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha bosh mutaxassisi.

"Andijondagi qirg'in va undan keyingi adolatsiz tergov va qamashlar O'zbekiston xalqi sha'niga soya solib turibdi. Bu soya mamlakatning tashqi dunyo bilan aloqalariga ham salbiy ta'sir ko'rsatib kelmoqda. Prezident Karimov qatliom uchun javobgarlar jazolanishini va begunoh insonlarga nisbatan tazyiq to'xtatishini va fojea yuzasidan ochiq gapirganlarga bosim bas qilinishini ta'minlamas ekan, O'zbekiston rahbarining jadal islohotlar haqidagi iddaolariga hech kim, jumladan, chet davlatlar ishonmaydi",- deydi Sverdlov.

“O'zbekiston hukumati Andijon ishi yopilgan deya qanchalik hayqirmasin, guvohlarning ovozini o'chira olmaydi. Ular o'z dardini ochiq aytishga haqli",- deydi huquq himoyachisi.

Oliy Majlis a'zosi, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz rahbari Akmal Saidov BMT minbaridan turib bir necha bor shuni qayd etdiki, Andijon yuzasidan uzoq va murakkab tergov ishlari nihoyasiga yetgan va javobgarlar jazosini olmoqda.

2010-yilda O'zbekistondan chiqarib yuborilgan "Human Rights Watch" va 2005-yildagi fojia ketidan haydalgan boshqa xalqaro guruhlar nazarida Karimov ma'muriyati bu kabi iddaolar bilan o'zini aldamoqda, xolos.

Chet eldan panoh topgan yuzlab o'zbekistonliklarning yaqinlariga bosim tinmagan.

"Human Rights Watch" tashkilotining aniqlashicha, Dilorom Abduqodirova ismli guvoh Avstraliyadan boshpana olgach uning vatandagi oilasi shu qadar qo'rqitilganki, bu ayol 2010-yilda O'zbekistonga qaytishni lozim topgan. Darhol qamoqqa olingan va yopiq sudda uni 10 yilga qamashgan. Qamoqdagi tartibni buzganlikda ayblanib keyinroq bu muddatga yana sakkiz yil qo'shilgan.

O'zbekiston hukumatining bu kabi razil ishlarini dunyo albatta biladi va ularga ko'z yuma olmaydi, deya eslatmoqda Xalqaro Amnistiya (Amnesty International), Londonda asoslangan tashkilot.

Bu guruh to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, respublika hibsxonalari, turma va qamoqxonalarida qiynoqlar, mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabat, jazo muddatini tergov va sudsiz uzaytirish hollari, yopiq sudlar, yetalicha dalil-isbotsiz qamashlar doimiy hol bo'lib qolmoqda. Mamlakatda kamida olti ming qiynoq qurboni bor, deyiladi "Xalqaro Amnistiya" hisobotida.

Andijon fojiasining to'qqiz yilligi munosabati bilan chiqarilgan hisobot "Qiynoqlarni to'xtating" deya nomlanadi.

O'zbekiston hukumati qiynoqlar man etilgan va bu ishga qo'l urganlar jazolanmoqda deb keladi. Xalqaro tashkilotlarning hisobotlari uydirma va to'qima deya inkor etiladi.

Xalqni hukumatga qarshi qayrayotganlikda qoralanib, O'zbekistondan 2004-yildayoq haydalgan tashkilot - Ochiq jamiyat instituti (Jorj Soros jamg'armasi) bugun chiqargan bayonotida e'tiborni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Andijon yuzasidan qilingan shikoyatga qaratdi.

Husanboy Ro'ziyev ismli fuqaro, Andijon qirg'inida omon qolgan shaxslardan biri, BMT Inson huquqlari qo'mitasiga murojaat qilib, 2005-yilgi qonli voqea tekshirilishini ta'minlashni so'ramoqda.

Uning shikoyatini Ochiq jamiyat institutining Adolat tashabbusi (Open Society Justice Initiative) va Parijda asoslangan huquq tashkiloti "O'tyuraklar klubi" quvvatlamoqda.

Ro'ziyev hozirda Gollandiyada yashaydi. U 2003 va 2004-yillarda xavfsizlik organlari tomonidan bir necha bor hibsga olinib, qiynoqqa solinganini da'vo qiladi.

2005-yilning 13-mayida esa u Andijonning Bobur maydoniga chiqib, hukumatga qarshi namoyishda ishtirok etgan. U va sheriklari qurolsiz, tinch yo'l bilan adolat so'rab chiqqanini aytadi. Qurolli kuchlar ularni o'qqa tuta boshlagach, Ro'ziyev va boshqa ko'plab odamlar qochishga muvaffaq bo'lgan. Qirg'izistonda biroz yashab keyin BMT Qochqinlar agentligi yordami bilan Yevropadan panoh topgan.

Ro'ziyev deydiki, hukumat namoyishchilar diniy ekstremistlar bo'lgan deya o'z qora ishlarini oqlay olmaydi.

“Men BMTga o'zim uchun emas, O'zbekiston xalqi uchun murojaat qilmoqdaman. Vatanimda ko'plab odamlar hamon azobda. Men astalik bilan jarohatlardan tuzalayapman, lekin vatanimda qamoqda aybsiz o'tirgan insonlarning taqdiriga befarq bo'la olmayman",- deydi Ro'ziyev o'z murojaatnomasida.

68 betlik shikoyatnomada O'zbekiston BMTning Fuqaro erkinliklari va siyosiy huquqlar bo'yicha xalqaro konvensiyasining kamida yetti bandini buzgani da'vo qilinadi: 9-modda, noqonuniy ravishda hibsga olish; 9 va 6-moddalar, qiynoqqa solish, shaxs xavfsizligi va hayotiga tahdid; 12-modda, majburan ko'chirish; 6,7 va 2-moddalar, qatliom va qiynoqlarni tergov qilmaslik; 6,7,9 va 2-moddalar, fuqaroning adolat talabini rad etish.

AQSh elchixonasi O'zbekistonda Andijon voqealarini bu yil yodga olgan yagona xorijiy va diplomatik idora bo'ldi.

Uning bayonotida shunday deyiladi:

"Bugun Amerika Qo'shma Shtatlari bundan to'qqiz yil avval Andijonda sodir bo'lgan voqealarni yodga oladi hamda o'sha fojia vaqtida va uning natijasida aziyat chekkan kishilarga chuqur hamdardlik izhor etadi. Qo'shma Shtatlar kelgusida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash uchun eng yaxshi vosita sifatida murosaga kelish, hisob berish va barcha fuqarolarning huquqlarini hurmat qilishga chaqiradi".

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston hukumati bu kun munosabati bilan lom-mim demadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG