Breaking News

O’zbekistonda Andijon haqida yana lom-mim deyilmadi


Andijon, 13-may 2005
Andijon, 13-may 2005

AQShning Toshkentdagi elchixonasi tarqatgan hamdardlik bayonoti O’zbekistonda Andijon fojealari xotirlangan yolg’iz ishoraga o’xshaydi.

O’zbekistonda Andijon voqealariga to’qqiz yil to’lar ekan, mamlakatda bu safar ham fojea haqida hech narsa deyilmadi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi jamoatchilikka hamdardlik bildirib, tinchlik, hamjihatlik, qonun ustuvorligi va huquqqa hurmat singari qadriyatlar haqida eslatdi.
Andijondan to'qqiz yil o'tib-Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:04 0:00
Yuklab oling

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro “Human Rights Watch” tashkiloti izchil tergov-tekshiruv o’tkazish lozim deya uqturib keladi.

To’qqiz yil avval namoyishlarni ayovsiz bostirgan hukumat bu voqea yuzasidan xalqaro darajada hisobot berishni lozim topmagan.

Bu borada gapirishga, qurbonlarni xotirlashga jazm etganlar ta’qib ostida ushlab kelinadi, fojealarning to’qqiz yilligi ham bundan mustasno emas.

Toshkentdagi ma’lumotlarga ko’ra, huquq-tartibot organlari 13-may munosabati bilan Andijon qurbonlarini xotirlashi mumkin bo’lgan faollarni nazoratga olgan.

Ulardan biri Abdulla Tojiboy o’g’li:

“Men ham qamalda o’tiribman. Bugun 13-may, o’zbek xalqiga nisbatan qotillik qilingan mudhish kun. Hozir O’zbekiston hukumati xalqni kuch bilan bostirib turishiga qaramasdan xalq bu kunni hech qachon unutmaydi, hukumat buni unuttira olmaydi ham. Har qanaqa holatda odamlar shu kunni xotirlaydilar. Imkonini topganlar xotirlash uchun belgilangan joyga chiqadi. Imkonini topmaganlar o’zicha xotirlaydi, shahid ketganlar ruhiga tilovat qiladi”.

Andijon qurbonlari xotirlangan asosiy tadbir esa bu yil ham xorijda, xususan Turkiyada o’tdi.

Muxolifatdagi O’zbekiston Xalq Harakati tashkillashtirgan marosimda 300 dan oshiq kishi qatnashgan. O’zbek xalqi hayotida mudhish iz qoldirgan bu qirg’inni esdan chiqarmaslikka undashgan.

Andijondagi qirg’inga guvoh bo’lgan 500 ga yaqin odam qochqinga aylandi, xorijdan boshpana topdi.

Chetda fojea yuzasidan adolatni tiklashni maqsad qilgan “Andijon –Adolat va Tiklanish” tashkiloti tuzildi.

Ammo O’zbekiston hukumatining keskin bosimi natijasida talab susaydi, o’sha kunlar unutila boshladi.

Jabrdiydalardan biri, hozirda Gollandiyada yashayotgan Husanboy Ro’ziyev Birlashgan Millatlar Tashkilotiga adolat so'rab, O'zbekiston hukumati ustidan shikoyat arizasi bilan chiqdi.

Ro’ziyevga Fransiyada asoslangan “O’tyuraklar klubi” huquqiy madad ko'rsatmoqda. Bu tashkilot rahbari Mo’tabar Tojiboyeva (video) Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanib, uch yil qamoqda o'tirib chiqqan. 2008-yilda xalqaro bosim ostida qamoqda chiqqan va vatanni tark etgan.

Tojiboyeva "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki:

“Bugun bir necha yuz fuqaromizning qoni to’kilgan kun. Biz bugun qurbonlarni xotirlaymiz, shu bilan birga, amaliy ishlarimizni ham davom ettirishimiz kerak. Biz AQShdagi Huquqiy tashabbus ochiq jamiyati bilan birga Husan Ro’ziyevning shikoyatini BMT inson huquqlari qo’mitasiga havola qildik. Bugun O’zbekiston hukumati Andijon jabrdiydalarini barini unutishga majbur qilmoqda. G’arb siyosatchilari ham buni unutishni judayam xohlashmoqda. Ammo ma’lum bir jamoat guruhi bor ekan, bular esdan chiqmaydi. Andijon fojeasining aybdorlari jazolanmaguncha bu kun tartibidan tushmaydi. O’zbekiston hukumati Andijon haqidagi savollarga o’rin yo’q deb baralla aytmoqda. Hozir biz taqdim etayotgan hujjatlar hukumat Andijon masalasini yopiq deyishga haqli emasligini ko’rsatadi. Biz hozir bitta Husanboy Ro’ziyev misolida qonuniy tartibda javob berilishini talab etmoqdamiz”.


2005-yilning 12-13-may kunlari Andijondagi norozilik namoyishlarini bostirish uchun qurolli kuchlar ishga solingan.

Voqea, O'zbekiston hukumati hisobiga ko’ra 187, mustaqil manbalarga ko’ra esa 700 dan oshiq odamning o’limi bilan tugagan.

O’zbekiston hukumati Andijon ishi yopilgan deydi, jabr ko'rganlarning esa adolat talabi so'nmagan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG