Yaqin Sharqda o’zini "Islomiy davlat" deb e’lon qilgan guruh savodsiz yoshlarni o'z saflariga jalb qilayapti. Jangarilar qiyomat borasida tez-tez gap ochishi ulamolarni hayron qoldiradi. Bunday da’volarni diniy va dunyoviy nuqtai-nazardan qanday tahlil qilish mumkin? "Amerika Ovozi" ushbu savol bilan qirg’izistonlik dinshunos olimlarga murojaat qildi.
Qirg’izistonda taniqli din arbobi, hozirda Jalol-Obod shahridagi Islom ta’limi markazi deb atalmish nodavlat tashkilot rahbari Dilmurod hoji O’rozov masalaga munosabat bildirar ekan, ulug’ kitoblar, hadislarga murojaat qiladi.
“Payg’ambar alayhissalom qiyomat qachon bo’lishligi ilmi faqat Ollohga ma’lumligini aytganlar. Ammo alomatlari haqida gapirganlar. Hadislarda Yaqin Sharqda qattiq urushlar bo’lishi, imom Mahdi, undan keyin Iso alayhissalomning kelishi haqida habarlar bor. Qiyomat alomatlarining belgilari ana shu, deyiladi. Ammo odamlarga hayron qolaman - nega qiyomatni orzu qilishadi? Payg’ambar alayhissalom umrlaringni uzoq bo’lishini tilanglar, chunki umringiz uzoq bo’lsa, ko’proq ibodat va yaxshi ishlar qilasiz, Ollohda yaqin bo’lasiz, deganlar”, - deydi Dilmurod hoji.
Uningcha, qiyomatday og’ir, dahshatli kunni orzu qilish aqldan emas.
“U Kunning egasi Olloh taoloning o’zi. Hisob-kitob qiladigan O’zi bo’lsa, yahshi-yomonga ajaratadigan, jazo, mukofot beradigan O’zi bo’lsa, nega biz bir-birimizni sudlab yotibmiz - sen yahshi, sen yomon, sen jannatga tushasan, sen do’zahga, deb - hayron qolaman. Bu islom aqidasiga to’g’ri kelmaydi”, - deydi suhbatdosh.
Hoji Suriya va Iroqda urush qilayotgan guruhlarning butun bir davlatlarning turmush tarzini qoralashga, u joylarda yashayotganlarning hammasi kofir, deyishga qanday jur’at qilayotganidan taajjubda.
Dilmurod hoji O’rozov fikricha, qiyomat alomatlari haqida gaplar odamlar qalbiga qo’rquv va vahima solish maqsadida tarqatilmoqda.
O’sh davlat universiteti professori, faylasuf va siyosatshunos Arap Anarbayev qiyomat-qoyim borasida gaplarga ishonmaydi.
“Bu o’ziga hos mafkuraviy qurol, bu o’rinda - o’zini "Islomiy davlat" deb atayotgan kuchlar mafkurasi. Har qanday mafkuraning maqsadi esa odamlar ongini egallash, ularni o’z tomoniga og’dirish”, - deydi professor.
“Oxirgi zamon haqida gaplar din paydo bo’lishi bilan chiqqan. O’shandan beri “ohirgi zamonda yashab kelayapmiz”, - deydi olim.
Mutaxassis hozirda islom dini atrofida ketayotgan - jumladan, ohirgi zamon alomatlari kabi - bahsu-da’volardan tashvishda.
“Umuman olganda, musulmonlarni bir-biriga gij-gijlashni ko’zlagan safsata, ig’vo ketayapti, menimcha”, - deydi o’sh shahrilik professor Arap Anarbayev.