Nazarboyev universiteti (Nazarbayev University) professori Marsel de Xaasning (Marcel de Haas) aytishicha, Qozog’iston xavfsizlik bobida bevosita qo’shnilariga tayanadi. Iste’fodagi polkovnik, uzoq yillar Niderlandiya qurolli kuchlarida xizmat qilgan doktor de Xaas Qozog’iston, G’arb va Rossiya xavfsizlik siyosati bo’yicha izlanayotgan olimlardan.
Ostona NATO bilan aloqani mustahkam saqlashni uddalab kelayapti, biroq xavfsizlikka doir hujjatlarda bu harbiy alyansga avvalgiday urg’u berilmaydi, deydi yaqinda Jorj Vashington universitetida (George Washington University, Central Asia program) ma’ruza qilgan professor.
Doktor Marsel de Xaas bir yildirki, Ostonada Nazarboyev universitetida dars berayapti. O’tmishda G’arb va Rossiya xavfsizlik hujjatlarini izchil o’rgangan sobiq harbiy Qozog’istonda xuddi shu mavzuga yuzlandi.
Qozog’iston xavfsizlik siyosati besh hujjatga asoslanadi, deydi u: 1) konstitutsiya; 2) harbiy doktrina; 3) davlat xavfsizligi haqidagi qonun; 4) Qozog’istonning 2050-yilgacha bo’lgan strategiyasi; 5) tashqi siyosat konsepsiyasi.
Bularning barchasi 2014-yilgi Tashqi siyosat konsepsiyasida xavfsizlik bo’yicha bosh hujjatlar deya tilga olinadi. Ular internetda e’lon qilingan va deyarli hammasi ingliz, rus tillariga o’girilgan.
Qozog’iston xavfsizligiga tahdidlarni olim ichki, tashqi va mintaqaviy omillarga bo’ladi.
Ichki xavflar sirasiga jinoyatchilik, terrorchi-ekstremistik tashkilotlar, korrupsiya, demografik vaziyat, elatlararo va diniy nizolar, ichimlik suvining yetishmasligi kabilar kiradi. Tashqi tahdidlar sifatida yirik davlatlarning global kuch-qudrat uchun kurashi, tabiiy zaxiralar ustida tortishuvlar, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o’rtasida kattalashib borayotgan farq, axborotdan siyosiy maqsadda foydalanish sanab o’tiladi.
Markaziy Osiyoning o’zidagi xatarlar esa, Qozog’iston nazarida, Afg’onistondagi urush, suv tanqisligi, diniy va etnik adovat, qoradori savdosi, Kaspiy dengizi ustidagi tortishuvlardir.
Rossiya xavfsizlik hujjatlaridan farqli, deydi doktor de Xaas, Qozog’iston Afg’onistondan boshqa biror davlat yoki tashkilotni tahdid sifatida keltirmaydi. Rossiya NATO va G’arbni xavf-xatar omili deya ochiqchasiga nomlasa, Ostona dushman orttirmaslik siyosatini yuritadi, - deydi u.
Xavfsizlik bobida mamlakat avvalo bevosita qo’shnilariga tayanadi: hujjatlarda oldin Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo keltiriladi. Undan keyin Amerika, Yevropa Ittifoqi, Osiyo davlatlari sanab o’tiladi. Ostona xalqaro tashkilotlar bilan ishlashda ham regional guruhlarga ko’proq yon bosadi, deydi professor.
MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi va hokazo. Undan so’ng esa Yevropa Ittifoqi, NATO kabilar qayd etiladi.
Marsel de Xaasning tahlil qilishicha, Ostona ko’p vektorli siyosat yuritishga urinayotgani ayon. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida Xitoy, Rossiya va qo’shnilari bilan yaqindan ishlayapti. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi tarkibida Rossiyaga qattiqroq bog’lanib borayapti. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tezkor qo’shinlari shu yilning avgustida Qozog’istonda harbiy mashqlar o’tkazdi. Qozog’iston va Yevropa Ittifoqi joriy yilning oktabrida hamkorlikni oshirishga kelishib oldi; Yevropaning neftga bo’lgan ehtiyojining 5-6 foizini Qozog’iston ta’minlaydi. 2014-yilda NATO va Qozog’iston hamkorlikning 20 yilligini nishonladi, ikkisi yillik harbiy mashqlar o’tkazib keladi. Prezident Nazarboyev xalqaro alyansning Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash uchun qo’shgan hissasini olqishlagan.
Doktor de Xaasning xavfsizlik hujjatlariga tayanib aytishicha, Qozog’iston Afg’onistonni bosh tahdid manbalaridan deya ko’radi.
Biroq Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo dasturi rahbari Marlen Laruel nazarida Afg’onistondan kelayotgan xavf bevosita Qozog’istonga tahdid solishi gumon. Olima zaif va yo’qsil Qirg’izistonda tizim qulashi, Tojikiston, Qirg’iziston va O’zbekistonni bog’lab turgan Farg’ona vodiysida ixtilofning avj olish ehtimolini Ostonaga bevosita tahdidlar deya sanaydi. Uning aytishicha, mana shularni Qozog’iston o’z chegarasi yaqinidagi xavflar deya ko’radi.
Shu bilan birga, Qozog’iston g’arbida kuzatilayotgan diniy radikalizmni unutmaslik kerak. Isyonkor guruhlar Qozog’istonning Kaspiy dengizi atrofidagi neft konlariga xurujlar uyushtiradigan bo’lsa, Rossiya o’z chegarasi yaqinidagi bu voqealarni o’ziga tahdid deya ko’rishi, Qozog’istonni ixtilofni eplolmayotganlikda ayblab oraga tushishi ehtimoldan xoli emas, deydi Laruel. Xavfsizlik hujjatlarida ana shu ichki va tashqi tahdidlarning biryo’la ta’siri hisobga olinishi kerak, deydi u.
Professor Marsel de Xaasning javobi shuki, Qozog’iston bu hujjatlarda biror davlatni bevosita tilga olmasa-da, ijtimoiy taranglik, ishsizlik ko’lami, energetik infratuzilmani potensial hujumlardan himoya qilish, Kaspiy dengizining huquqiy maqomi ustida bahslar aniq sanab o’tiladi.
Nazarboyev universiteti professori Ostonaning qog’ozdagi pozitsiyasi va uning ijrosi o’rtasida farqlar borligini tan oladi. Xususan, yadro quroli tarqalishining oldini olishda Qozog’iston o’zini ilg’or davlat sifatida ta’riflaydi. Mamlakat ulkan atom quroli zaxirasidan xalos bo’ldi, G’arb va Eron o’rtasida yadro dasturiga doir muzokaralarda faol qatnashdi. Lekin Ostona nazarida Amerika va Rossiya yadro qurolidan voz kechgan o’lkalar himoyasi uchun yetarlicha chora ko’rmayapti.
Shu bilan birga, Ostona Qrimning Moskvaga qo’shib olinishi borasida tanqidiy chiqishlar qilmadi. Holbuki, 1994-yilda Ukraina, Rossiya, Britaniya va AQSh imzolagan Budapesht bitimiga ko’ra, Ukraina yadro qurolidan voz kechishi evaziga hududiy yaxlitligi ta’minlanishi kerak edi. Bundan tashqari, yadro quroli tarqalishiga qarshi chiqayotgan Qozog’iston Eron bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Vaholanki, Tehron yadroviy dasturi ustida xalqaro hamjamiyat bilan kelisholmaydi.
De Xaasning qo’shimcha qilishicha, Qozog’iston rasmiylari oxirgi paytlarda “Islomiy davlat” jangari guruhining tahdidini bot-bot eslatmoqda. Jangarilar safiga qo’shilish uchun Suriyaga jo’nayotgan yuzlab qozog’istonliklar haqida matbuot ko’p yozayapti. Bu muammo xavfsizlik hujjatlariga tuzatishlar holida kirishi mumkin, deb hisoblaydi Marsel de Xaas.