Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yillik sessiyasi davom etar ekan, bugun O'zbekiston va Qozog'iston bosh diplomatlari minbarga chiqdi. Har ikkala hukumat nazarida xalqaro tizim buzilgan va uni zudlik bilan tartibga keltirish kerak.
O'ZBEKISTON UN VIDEO - UZBEKISTAN
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov dunyo jamiki mojarolarni siyosiy muzokaralar va tinch yo'l bilan hal etishi kerak deya o'z davlati pozitsiyasini tushuntirdi. Xalqaro qonunlar asosida ish tutmoq zarur, deydi Komilov.
Xalqaro koalitsiya Afg'onistondan butunlay chiqib ketsa, bu mamlakat yana jar yoqasi tomon yo'nalishi, bu esa Markaziy Osiyo tinchligiga raxna solishi mumkin, deya eslatdi vazir.
Afg'onistonda xalq urushlardan charchagan va barqarorlikda yashashni istaydi, yangi rahbariyatdan umid katta, lekin vaziyat qaltis, deydi rasmiy. O'zbekiston pozitsiyasi shuki, Afg'onistonda hukumat barcha etnik, diniy va siyosiy guruhlar manfaatlarini hisobga olgan holda ish yuritishi lozim. Busiz tinchlikka erishish qiyin, deydi Komilov.
Uning qayd etishicha, O'zbekiston bu davlatning ichki ishlariga aralashmaydi. O'z manfaatlaridan kelib chiqib, ikki-tomonlama aloqalarni rivojlantirishga bel bog'lagan. Bu degani, Toshkent-Kobul rishtalariga hech bir tomon aralashmasligi lozim.
Komilov transport va kommunikatsiya sohasi taraqqiyoti xususida ham so'zladi.
"Iqtisodiy hamkorlik butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik kalitidir. Infrastrukturani yangilovchi yirik xalqaro loyihalar regionni jahon bozoriga chiqishi uchun zamin yaratadi", - deydi tashqi ishlar vaziri.
O'zbekiston, Turkmaniston, Eron va Omanni bog'lovchi transport yo'li mintaqani Yaqin Sharqqa olib borishi ko'zlangan. Komilov bu yo'nalishni qisqa, ishonchli va xavfsiz deya ta'rifladi.
Rasmiy Hayraton-Mozori Sharif temir yo'lini ham eslatdi. Afg'oniston dunyoga O'zbekiston ko'magi bilan barpo etilayotgan shu poyezd orqali chiqmoqda.
Diplomat, kutilganidek, suv manbalari va ta'minoti haqida ham gap ochdi. Amudaryo va Sirdaryoning O'zbekiston va qo'shnilar uchun ahamiyatini eslatar ekan, Komilov ob-hayot taqsimoti xalqaro qonunlarga binoan belgilanishi zarur, degan talab qo'ydi.
Xalqaro, mustaqil, xolis va professional ekspertizasiz qo'shni davlat yirik gidro-inshootlar qura olmaydi; bunday harakatlar mintaqa kelajagini xavf ostiga qo'yadi, deya tushuntirdi vazir. Suv, oziq-ovqat va atrof-muhit haqida gap ketmoqda, deydi u.
Vazirning ogohlantirishicha, ziddiyatlar mojarolarga yetaklashi mumkin. O'zbekiston kichik loyihalar tarafdori, xalqaro tajribadan saboq olib, aholi va tabiat ravnaqini hisobga olgan holda, qadam tashlansin, deydi Komilov.
Vazir O'zbekiston xalqi tobora to'q va farovon yashamoqda deya maqtadi. Mustaqillik yillarida, deydi u, kishi boshiga yillik daromad 8,7 baravar oshdi. Iqtisodiy o'sish yiliga sakkiz foizda va 2030-yilgacha kishi boshiga daromad 9,3 ming dollarga yetadi, deydi Komilov.
Uning bildirishicha, davlat sarflayotgan mablag'ning 60 foizi ijtimoiy taraqqiyot uchun ketmoqda. U keltirgan rasmiy raqamlarga ko'ra, xotin-qizlar ishchi kuchining 45 foizini tashkil etadi.
SHU PAYT YEVROPADA
Komilov bu ma'ruzani qilgan kuni Polsha poytaxti Varshavada O'zbekistonda hukmron tuzumni qoralab namoyishlar o'tdi, tanqidiy hisobotlar berildi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yillik va aynan inson huquqlariga bag'ishlangan bir necha kunlik anjumanida respublikadan faollar, shuningdek, xalqaro organlarning vakillari, xorijdagi muxolifat a'zolari hamda ekspertlar qatnashmoqda.
Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" huquq tashkiloti bugun Pragadan turib e'lon qilgan yangi tahlilnomasiga ko'ra, O'zbekiston - huquq har tomonlama qo'pol ravishda poymol etiladigan davlat.
34 siyosiy mahbus taqdiri misolida Milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, adliya va jazoni o'tash tizimlari adolatsiz va qiynoqlarga asoslangan organlar sifatida ochib beriladi.
Erkin so'zi va tanqidiy fikri uchun minglab insonlarni panjara ortiga tashlab, BMT bilan bu borada hamkorlikdan bosh tortib, O'zbekiston xalqaro qonunlarni buzib kelmoqda, deyiladi HRW hisobotida.
Varshavada so'zga chiqqan Vasila Inoyatova, Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari va Parijda yashab, "O'tyuraklar klubi" nomli huquq tashkilotini yurituvchi Mo'tabar Tojiboyeva, sobiq mahkuma, O'zbekistondagi sharoitni og'ir va ayanchli deya ta'rifladi.
Aytish joiz, O'zbekiston hukumati "siyosiy mahbuslar" haqida biror tanqidni qabul qilmaydi va qamoqxonalarda o'tirganlar - aybi isbotlangan jinoyatchilar deb keladi. Toshkent BMT Inson huquqlari qo'mitasi, Inson huquqlari kengashi va Qiynoqlarga qarshi qo'mitalar ko'targan muammolarni tan olmaydi, ular bergan tavsiya va bayonotlarga ham ijobiy javob bermaydi.
QOZOG'ISTON UN VIDEO - KAZAKHSTAN
Huquqbuzar va avtoritar hukumat sifatida tanilgan yana bir tuzum - Qozog'iston ham BMT minbarida avvalo xalqaro mojarolar xususida to'xtaldi.
Tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov deydiki, global iqtisodiy tizim ishdan chiqib, xalqaro qonunlar chetga surilib, jahon o'z kelajagini tasavvur qila olmay qoldi.
Biror bir davlatning nomini tilga olmagan holda, diplomat ayrim tomonlarni o'z qo'shnilari va butun dunyo tinchligiga raxna solayotganlikda aybladi.
Siyosiy ta'sir, iqtisodiy manfaatlar, energetika uchun kurash, global bozorga chiqish yo'llariga xo'jayinchilik qilish va eng muhimi, "haqqimiz bor" qabilida ish tutish qo'rqinchli tus olmoqda va qurollar poygasini avj oldirmoqda, deydi Idrissov.
"Qozog'iston Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda, bu davlat rahbari Petro Poroshenko va Rossiya prezidenti Vladimir Putin til topishib, yaqinda erishilgan sulh samara beradi degan umiddamiz",- deydi rasmiy.
Idrissov o'z mamlakati olg'a surib keladigan tashabbuslarni sanab o'tdi, xususan yadroviy qurollar va materiallarga qarshi kurashish ahamiyatini eslatdi. Qozog'iston bu kurashda yetakchi rolida qoladi, deydi u.
Nazarboyev rahbariyati AQSh boshchiligidagi yangi xalqaro koalitsiyaga qo'shilib, Iroq va Suriyaning katta qismlarini egallab olgan shafqatsiz guruh, terror tashkiloti "Islomiy davlat" ni yo'q qilish amaliyotlarini quvvatlaydi. Ikki kun oldin BMT Xavfsizlik Kengashida bu borada qabul qilingan rezolyutsiya ortida turgan davlatlardan biri sifatida, Qozog'iston terrorizm va ekstremizmning har qanday ko'rinishini qoralaydi va tegishli choralar ko'radi, deydi Idrissov.
Diplomat diniy erkinlik va bag'rikenglik ahamiyati haqida ham gapirdi, so'ngra Afg'onistondagi ahvolga e'tibor qaratdi. Qozog'iston nigohida bu beqaror o'lkada iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash bilan ko'p muammolardan qutulish mumkin. Tirikchilik osonlashgani sari vaziyat yaxshilanishi mumkin degan umid bor. Shu maqsadda Qozog'iston afg'on jamiyatini turli jabhalarda oyoqqa turg'izishda ko'maklashmoqchi va millionlab dollar sarflashga shay, deydi tashqi ishlar vaziri.
Idrissov ham Komilov kabi mintaqaviy hamkorlik, yangi savdo va transport yo'llarini tilga oldi.
Qozog'iston 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashi a'zosi bo'lish harakatida.
Markaziy Osiyo dunyo tinchligini ta'minlashda muhim rol o'ynar ekan, deydi Idrissov, Qozog'iston bu oliy organda o'tirib, mintaqa manfaatlari va muammolarini ko'tarishni istaydi.