Breaking News

G’ani va Abdulla tuzgan bitim qimmatga tushadimi?


필리핀 마닐라 수도권 라스피나스에서 어린이들이 홍수 방지용 배수관을 굴리며 놀고 있다.
필리핀 마닐라 수도권 라스피나스에서 어린이들이 홍수 방지용 배수관을 굴리며 놀고 있다.

Afg’onistonda prezident saylovlari ortidan bir necha oyga cho’zilgan talashib-tortishish nihoyat qo’shma hukumat haqidagi kelishuv bilan tugadi. AQSh quvonchini yashirmayapti.

Shartnomaga ko’ra, Ashraf G’ani endi prezident, Abdulla Abdulla bosh vazir deb e’lon qilindi. Lekin tanqidchilar bu ittifoq Afg’onistonning dardini va nuqsonlarini hal qiladigan darajada mustahkam ekaniga ishonmayapti.

Xizmat muddati tugayotgan Hamid Karzay fikricha esa, Amerika Afg’onistonda tinchlik qaror topishini istamaydi.

Afg’onistonda saylovlar aprel oyida boshlanib, iyun oyida ikkinchi bosqichi o’tdi va ketidan yetakchi ikki arbob bir-birini firibgarlikda aybladi. Ovoz berishda qonunbuzarliklar bo’lgani haqidagi da’volarni BMT oraga tushib tergov qildi.

Munozara shu hafta Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla hukumatni bo’lishishga kelishib olganidan keyin yopdi-yopdi bo’ldi. Saylov komissiyasi har ikki nomzodga qancha ovoz berilganini e’lon qilmaslikka qaror qildi. Holbuki, G’ani bilan murosadan oldin Abdulla bu raqamlar oshkor etilsin, deya turib olgan edi.

Bitim Afg’onistondagi ahvolni yanada izdan chiqarishi mumkin bo’lgan tanazzulga yakun yasashi kutilmoqda. Biroq bu yurtdagi demokratik jarayonlarni orqaga surdi.

Naim Ayubzoda Kobulda asoslangan Afg’onistonda shaffof saylov jamg’armasini boshqaradi. Fond ovozlarni qayta hisoblash jarayonini kuzatdi, buning uchun minglab kuzatuvchilarni ishga soldi.

“Siyosiy shartnoma ayni damdagi muammoni yumshatdi, lekin texnik sohada erishilgan hamma yutuqlarni, mavjud ishonchni yemirdi. Sog’lom saylov jarayoni uchun zararli holat. Shaffoflik va saylov tamoyillariga zid kelishuv bu”, - deydi u.

Dushanba kuni g’alabasini nishonlagan yangi rahbar G’ani hamrohi Abdulla bilan xalqqa hisobdor va o’z qarorlari uchun javobgar hukumat tuzishga va’da berdi.

U, shuningdek, ikki boshliqli hukumatga prezident bo’lding, degan tanbehlarni rad etayapti.

Ayubzoda nomzodlar yana eski odatiga qaytib tortishaveradi, deya tashvishda.

Mutaxassisning xavotiri shuki, G’ani va Abdulla o’zaro adovatdan boshi chiqmay qolishi mumkin. Xalq manfaatlari kelasi besh yilda qilinishi kerak bo’lgan taraqqiyot loyihalariga diqqat qarata olmasligi ehtimoldan xoli emas, deydi Ayubzoda.

Kelishuvga ko’ra, G’ani va Abdulla murosa qilib moliya va xavfsizlik idoralariga rahbar tayinlashi kerak. Shuningdek, ikkisi Milliy xavfsizlik kengashini birga boshqaradi. Lekin prezident Afg’oniston qurolli kuchlariga bir o’zi bosh-qosh bo’ladi.

Bosh vazir prezidentga bo’ysunadi, lekin hukumat ishlarida hal qiluvchi rol o’ynaydi.

Tahlilchi Keyt Klark Afg’oniston siyosatini uzoq yillardan beri tahlil qiladi. U qo’shma hukumat samarali ishlashiga ko’zi yetmasligini aytadi.

“Afg’onistonda mavjud fikr shuki, hukumatga kelganlar faqat o’zining lavozimi haqida qayg’uradi. Mamlakat kelajagini o’ylash o’rniga o’z xohish-istaklariga o’ralashib qoladi”, - deydi Klark.

Saylovlar paytida, ayniqsa, yoshlar orasida ko’tarinki kayfiyat kuzatilgan. Ular mamlakatni qamragan bir necha o’n yillik adovatdan qutulamiz deya umidvor.

Lekin hokimiyatni bo’lishib boshqarishga doir kelishuv bu muhim demokratik jarayonga zarar yetkazadi, deb hisoblaydi Klark.

“Millionlar saylovda qatnashib ovoz berdi. Holbuki, nomzodlar xalqqa xabar bermasdan, zimdan hokimiyatni taqsimlab oldi. Yozda qo’lga kiritilgan muhim yutuq, xususan, xalqning ovoz berish huquqi zoye ketdi. Afg’oniston uchun yangilik, haqiqiy yutuq edi bu. Ular hayotini xavf ostiga qo’yib ovoz berdi. Demokratiya nima ekanini bilmagan jamiyatning muvaffaqiyati edi. Bugun esa bu jamiyat yana o’sha passiv, so’zi va fikri bilan hech kim hisoblashmaydigan fuqaroga aylandi”, - deydi ekspert Keyt Klark.

G’anining qasamyod marosimi dushanba kuni o’tadi. Shu bilan Hamid Karzayning 13 yillik boshqaruvi poyoniga yetadi. Karzay oxirgi chiqishida AQShni Afg’oniston ishlariga aralashaverishda, bu davlatda tinchlik qaror topishini istamaslikda aybladi.

Yangi hukumat oldida turgan muammolar talay: byudjet kamomadi, Vashington bilan hali imzolanmagan xavfsizlik kelishuvi shular jumlasidan. Hujjat AQSh qo’shinlarining 2014-yildan keyingi faoliyatini belgilaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG