Afg’onistonda rasman prezident deb e’lon qilingan Ashraf G’ani Ahmadzoy 29-sentabr kuni Kobuldagi prezident saroyida qasamyod keltiradi.
Uning saylovlardagi raqibi Abdulla Abdulla ikki tomon kelishuviga ko’ra mamlakat bosh boshqaruvchisi bo’ladi. Bu Abdulla uchun maxsus ta’sis etilayotgan lavozim.
Abdulla saylovda mag’lub bo’lganini tan olishni xohlamagani uchun ikki nomzod vositachilar yordamida mamlakatni birga boshqarishga kelishib oldi.
Saylov komissiyasi yakuniy natijalarni hali e’lon qilmadi, ammo ayrim ma’lumotlarga ko’ra, G’ani 55 foiz, Abdulla esa 45 foiz ovoz to’plagan.
AQSh kecha imzolangan bitimni olqishlab, Afg’oniston va Qo’shma Shtatlar o’rtasidagi xavfsizlik bitimi tez kunlarda yangi rahbar tomonidan imzolanishiga umid qilmoqda. Unga ko’ra, yil oxirigacha barcha qo’shinlarini mamlakatdan olib chiqishni rejalagan AQSh 10 ming askarini qoldiradi.
Oq uy bayonotiga ko’ra, sobiq moliya vaziri va sobiq tashqi ishlar vaziri o’rtasidagi bitim bir necha oydan beri davom etayotgan siyosiy inqirozga barham berib, xalqning hukumatga bo’lgan ishonchini tiklaydi.
Prezident Barak Obama kecha ikkisiga telefon qilib, ularni tabriklagan.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, G’ani va Abdullaning afg’on xalqi manfaatlarini shaxsiy manfaatlaridan ustun qo’ygani maqtovga sazovor ish.
Indiana universiteti professori, afg’onistonlik o’zbek olimi Nazif Shahroniy kelishuvni tanqidga oldi.
"Bu saylovchilarning ovozlarini pisand qilmaslik. Xalq olti oy oldin umid bilan saylovga chiqqan edi. So’ng ikkinchi bosqichda ham ovoz berishdi. Har ikki jarayonda qonun buzilgan, chunki ularni o’tkazganlar ham, nazorat qilganlar ham, hukumat ham bunga yo’l qo’ydi. Saylovdan so’ng natijalarni e’lon qilishmadi. Ovozlarni qayta hisoblash Amerika soliq to’lovchilariga qimmatga tushdi va ma’nosiz bo’ldi. Mamlakatni 13 yildan beri boshqarib kelayotgan guruhlar o’zaro kelishib olishdi", - deydi Nazif Shahroniy.
Uning aytishicha, konstitutsiyaning g’olib hokimiyatni butunlay qo’lga kiritadi degan bandi darz ketdi. Shahroniy nazarida G’ani va Abdulla o’rtasidagi kelishuv vaqtincha yechimdir.