AQSh Prezidenti Barak Obama Qo'shma Shtatlar Suriyada terrorchilarga qarshi havodan hujum boshlaganini ma’lum qildi.
“Kelajakda ularning iniga ikkilanmasdan zarba beramiz. Fuqarolarimizga tahdid solayotgan terrorchilarni tinch qo’ymaymiz”, - dedi Obama.
AQSh rahbari Amerikaga bu ishda yordam berayotgan arab davlatlarini sanab o’tdi. Bular Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklari.
Shundan so’ng Obama BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka jo’nab ketdi. Obama tadbirda AQShning Iroq va Suriyaga doir siyosatini tushuntirib, boshqa mamlakatlarni ham jihodchilarga qarshi kurashda faolroq bo’lishga da’vat etmoqchi.
"Bu yolg’iz Amerikaning urushi emas. “Islomiy davlat” G’arb va arab dunyosiga birday tahdid solmoqda", - dedi Obama.
Ayrim xabarlarga ko’ra, hujumlarda 120 jangari o’lgan. Yaradorlar va qurbonlar soni 300 atrofida keltirilmoqda. Hujumda al-Qoida ham talofat ko’rgani ma’lum.
Pentagon vakili podpolkovnik Jeff Pulning aytishicha, hujumda qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar ishtirok etgan, kemalardan raketalar otilgan.
Suriya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, bu mamlakatning BMTdagi elchisi hujumlardan oldin AQSh tomonidan xabardor qilingan.
Amerika Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligi bayonotida aytilishicha, Halab shahridan g’arbroqda al-Qoidaning sobiq jangarilaridan tuzilgan Xuroson guruhiga qarshi havodan sakkiz bor zarba berilgan.
“Islomiy davlat” hujumlar uchun AQShdan qasos olishini bildirdi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida Iroq va Suriyada jihodchilarning tarixiy obidalarga yetkazayotgan zarari mavzusida tadbir o’tkazildi. Unda qatnashgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Iroq va Suriyada qadimiy ziyoratgohlar, ibodatxonalar va masjidlarning vayron etilganini qoraladi. Jihodchilar millionlab odamlarning ma’naviyatiga xuruj qildi, dedi u.
"Mushtarak madaniy merosimizga “Islomiy davlat” guruhichalik hali hech kim zarar yetkazmagan. Jihodchilar insonlarning boshini tanasidan judo etibgina qolmay, madaniyatlar poydevoriga bolta urmoqda. Ular uchun inson hayotining, dinining, madaniyatining zarracha qadri yo’q", - dedi Kerri.