Fransiya jangovar samolyotlari Iroqda jangarilarni o’qqa tutishga kirishdi. “Rafael” rusumidagi samolyotlar Iroq shimoli-sharqidagi Zumar shahrida “Islomiy davlat” guruhining manzilini bombardimon qilgan.
Fransiya yaqin kunlarda havo hujumlari davom etishini bildirmoqda. Bu davlat rahbari Fransua Ollandning aytishicha, Iroqqa piyoda qo’shinlar jo’natilmaydi.
AQSh Kongressi Suriyada murosaga moyil jangarilarni qurollantirib, mashqdan o’tkazishga rozi. Prezident Barak Obamaning aytishicha, qonunchilar bu qarori bilan Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ga qarshi kurash yo’lida bir yoqadan bosh chiqarganini namoyish etdi.
Kongressning har ikki palatasi Obama olg’a surgan qonun loyihasini shu hafta ko’pchilik ovoz bilan yoqladi. Obamaning aytishicha, jangarilarga qarshi xalqaro koalitsiya o’sib borayapti.
“40 dan ziyon davlat, xususan, arab mamlakatlari koalitsiyaga qo’shildi. Iroq armiyasini qo’llab-quvvatlab, Bag’doddagi hukumatni mustahkamlash, Iroq aholisiga insonparvarlik yordami eltish kabilar bilan shug’ullanadi bu koalitsiya”, - deydi Obama.
Amerika rahbari Fransiya prezidenti Fransua Ollandning Iroqda jangarilarni havodan nishonga olishda yordamga tayyor ekanini olqishladi. Terrorizmga qarshi kurashda Fransiya kuchli hamkor bo’lib kelgan, dedi Barak Obama.
Amerika shu paytgacha “Islomiy davlat” ekstremist guruhining manzillarini 170 dan ziyod marotaba havodan urib ulgurdi. Suriyadagi harbiy havo kampaniyasi yaqin kunlarda boshlanishi rejada.