Breaking News

40 dan oshiq davlat "Islomiy davlat" ga qarshi xalqaro koalitsiyada


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissiy bilan, 13-sentabr, 2014
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissiy bilan, 13-sentabr, 2014

AQSh prezidenti Barak Obama deydiki, ekstremistlarga qarshi kurashda uning davlati yolg'iz emas. Vashington Iroq armiyasiga va Suriya muxolifatiga harbiy yordamni oshirmoqda. Vakillar Palatasi bu masalani kelasi hafta ovozga qo'yadi va undan keyin ko'mak ko'lami yanada oshishi kutilmoqda.

Arab davlatlaridan jiddiy hamkorlik kutilmoqda. Iroqda "Islomiy davlat" 30 mingdan oshiq jangariga ega ekani ma'lum. Ularning o'choqlari havodan nishonga olinmoqda va bu operatsiyalar ham kuchaytirilishi muhokamada. Harbiy harakatlarga boshliq etib Afg'onistonda qo'mondonlik qilgan general Jon Allen tayinlangan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Misr rahbariyati bilan terrorizmga qarshi kurashning yangi pallasi haqida gaplashmoqda. Kerri "Islomiy davlat" ga qarshi xalqaro koalitsiya tuzishga mas'ul.

Diplomat Qohirada Arab Ligasi raisi Nabil al-Arabiy, Misr prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy va Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukriy bilan muloqotda.

Kerri kecha Turkiyada edi. Anqara "Islomiy davlat" ga qarshi chora ko'rishda Amerika bilan hamfikr. Hozirgacha 40 davlat Vashingtonga hamkorlikka shay ekanini bildirgan.

"Vaqti kelib har bir davlat o'z bo'yniga muayyan vazifalarni oladi. Hozirda Obama strategiyasiga munosabatlarini tinglab, xulosa chiqarayapmiz",- deydi Kerri. "Biz fikrlarni eshitib, tegishli qadamlar tashlash niyatidamiz".

Payshanba kuni 10 arab davlati Saudiya Arabistonidagi yig'inda Obama rejasini quvvatlab chiqdi.

Fransiya prezidenti Fransua Olland Iroqqa safar qilar ekan, bu davlat harbiylariga yordamni oshirishini e'lon qildi.

"Biz zarur ko'makni yetkazib, har sohada madad ko'rsatamiz. Xalqaro koalitsiyada va o'zimiz alohida harakat qilamiz. Kurd jangchilarini ekstremistlarga qarshi olib borayotgan operatsiyalarida quvvatlaymiz",- deydi Olland.

Kerri deydiki, Suriyaning zolim hukumatini qo'llayotgan Eron xalqaro koalitsiyaga kirmaydi. Bashar al-Assaddek qonxo'r rahbarning yonini olgan tuzumga ishonch yo'q, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG