Breaking News

AQSh: Markazlashmagan terror guruhlari faoliyati kuchaymoqda


Suriyaning Raqqa shahridagi ko'chalardan birida jangarilar namoyishkorona yurish bilan o'tmoqda, 14-yanvar, 2014-yil.
Suriyaning Raqqa shahridagi ko'chalardan birida jangarilar namoyishkorona yurish bilan o'tmoqda, 14-yanvar, 2014-yil.
AQSh Davlat departamentining xalqaro terrorizmga oid navbatdagi yillik hisobotiga ko'ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida “Al-Qoida”ga aloqador lekin markazlashmagan kichik guruhlar kuchaymoqda.

"Ular AQSh va uning ittifoqchilari hamda manfaatlarimizga jiddiy tahdid soladi", deyiladi hisobotda.

Pokiston va Afg’onistonda “Al-Qoida” guruhiga yetkazilgan jiddiy zarbalar ketidan terrorchi tashkilotning mayda guruhlarga bo’linish jarayoni kuchaygan.

“Al-Qoida” rahbari Ayman al-Zavohiriy minataqadgi guruhlar ustidan hanuz ideologik ta’sir o’tkazish kuchig ega, deyiladi Davlat departamenti hujjatida. Hozir Yaman, Suriya, Iroq, shimoliy Afrika va Somalida “Al-Qoida”dan ajrab chiqqan mustaqil guruhlar faoliyat yuritmoqda.

Hisobotda Suriya urushiga alohida e’tibor qaratilgan. Bir necha yildan beri davom etayotgan ixtilofda nafaqat ekstremist sunniy guruhlar, balki prezident Assad kuchlari safida Eron, Hizbulloh va boshqa shia jangarilari ham kurash olib borayotgani ma’lum.

Shuningdek, hisobotda Janubiy Osiyoning terrorizmga qarshi kurashda asosiy maydon bo’lib qolayotgani ta’kidlanadi. Afg’oniston va Pokistonda “Al-Qoida” guruhiga jiddiy shikast yetkazilganiga qaramay, tashkilot yetakchilari hanuz ushbu mintaqada yashirin faoliyat olib borayotgani ma'lum. Ular, shuningdek, boshqa hududlardagi ekstremist kuchlar bilan aloqa o’rnatishga urinmoqda. “Tahriqi Tolibon Pokiston” (TTP) va “Haqqoniy” tarmog’i (HQN) “Al-Qoida” guruhi bilan hamkorlik qilishi aniqlangan.

2013-yilda Janubiy Osiyoda terrorchilar aholi zich joylarda bir necha qo’poruvchilik amaliyotlarini amalga oshirgan hamda hukumat vakillari va AQSh fuqarolarini nishonga olishda davom etgan. Halok bo’lganlar va yaralanganlar orasida oddiy fuqarolar ham bor.

Xalqaro kuchlarning Afg’onistonni tark etishi oqibatida yuzaga chiqayotgan xavotirlar Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarini ham tashvishga solmoqda. “O’zbekiston islomiy harakati” hamda “Islomiy jihod ittifoqi” kabi tashkil etilishi O’rta Osiyo bilan bog’liq ekstremist guruhlar, garchi bugun Markaziy Osiyo tashqarisida faoliyat olib borayotganiga qaramay, mintaqa davlatlari uchun xavf tug’dirishda davom etmoqda.

Mintaqa davlatlari terror xavflarining oldini olish uchun xavfsizlik choralari va kuchlarini samarali yo’lga qo’ya olgan, ammo ekstremizmga qarshi kurash nomi ostida siyosiy muxolifat hamda oddiy dindorlar haq-huquqlari ham poymol etilmoqda, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG