Breaking News

Suriya urushi Pokiston-Eron muloqotini jonlantirib yubordi


Pokiston Tashqi ishlar vaziri Sartoj Aziz Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif. Tehron, 26-noyabr, 2013-yil.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Sartoj Aziz Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif. Tehron, 26-noyabr, 2013-yil.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Saudiya Arabistoni Suriyadagi isyonchilarga dalda berish, ularni mashqdan o’tkazib ko’ngilli isyonchilarni yollash uchun Pokistondan yordam so’ragan.

Suriya urushining Eron-Pokiston rishtalariga nima aloqasi bor?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:27 0:00
Yuklab oling

Pokiston Suriyada isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotgani haqidagi taxminlardan Eron norozi. Aholisi asosan sunniylardan iborat Pokistonda shialar nishonga olinayotgani ham Tehronning asabini buzayapti. O’zaro gina-kudurat oshgan bir paytda Pokiston yirik rasmiysi kutilmaganda Eronga bordi.

Pokistonda tashqi siyosat va davlat xavfsizligi bo’yicha mutasaddi Sartoj Aziz boshchiligidagi delegatsiya Eron prezidenti Hasan Ruhoniy qabulida bolib, bosh vazir Navoz Sharifning maxsus nomasini yetkazgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Tasnim Aslamning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, muzokaralar Sharifning kelasi oy Eronga tashirifi oldidan taraddud uchun bir imkoniyat.

Sharif hukumati Suriya mojarosiga aralasha boshlagani haqida taxminlar bois vatanda qattiq tanqid ostida. Shu paytgacha Pokiston ushbu ixtilofda neytral qolayotgan edi.

Saudiya Arabistoni yaqinda naqd pulga muhtoj Pokistonga 1,5 milliard dollar xayriya bergan. Bundan oldin qirollik mulozimlari Islomobodga tez-tez qatnab qolgan edi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Saudiya Arabistoni Suriyadagi isyonchilarga dalda berish, ularni mashqdan o’tkazib ko’ngilli isyonchilarni yollash uchun Pokistondan yordam so’ragan. Pokistondagi muxolif partiyalar bu masalada Sharif hukumatidan tushuntirish talab qilayapti.

Biroq safarga chiqishdan oldin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Sartoj Aziz mazkur xabarlarni inkor etdi va muxolifatning xavotiri o’rinsiz dedi.

“Saudiya Arabistoni bilan aloqalarimiz mana 40-50 yildirki, mustahkam va samimiy. Ikki million ishchi muhojirimiz qirollikda yashaydi va har yili 4 milliard dollar chamasi uyga jo’natadi. O’tgan besh yilda oramiz biroz sovuqlashgani rost, o’rtada bordi-keldi kam bo’ldi. Lekin Pokistonda hukumat o’zgarganidan beri Saudiya Arabistonidan vazir va shaxzodalar bir necha bor kelib-ketishdi”, - deydi Pokistonda tashqi siyosat va davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi Sartoj Aziz.

Uning so’zlariga ko’ra, Saudiya bilan diplomatik iliqlik Pokiston endi Eron bilan uzoq yillik do’stona munosabatlarni unutadi, degan emas.

“Eron bilan ora uziladi degan xavotirlar yanglish. Oxirgi besh yilda boy berilgan muvozanatni tiklashni istaymiz. Bosh vazir Navoz Sharif Eronga borib, bu yon qo’shni bilan yaqinlikni yana jonlantirishga urinib ko’radi. O’rtada mushtarak manfaatlar ko’p. Eron va Pokiston aloqalarida muvozanat bo’lishi juda muhim”, - deydi Aziz.

Sartoj Aziz AQSh matbuotida al-Qoida jangarilari Pokistondan Suriyaga ko’chayotgani haqida paydo bo’lgan xabarlarni ham inkor etdi.

“Birinchidan, buning hukumatga aloqasi yo’q. Ko’p sonli jihodchi guruhlar va tashkilotlar borligini bilamiz. Ular Yaqin Sharqda va boshqa hududlarda yashiringan. Kimdir bu jangarilarni yollayotgan bo’lsa, Pokiston hukumati mazkur jarayonni nazorat qilolmaydi. Lekin Pokiston hududi biror trening uchun qo’llanishiga yo’l qo’ymaymiz”.

Tanqidchilar nazarida Suriyadagi mojaroga Islomobod aralashsa, Pokistondagi sunniy va shialar o’rtasida kelishmovchilik alanga olishi mumkin. Pokistonda toliblarga xayrixoh sunniy jangarilar shia shia aholiga hujum qilar ekan, bundan Eron bilan aloqalar ziyon ko’rmoqda. Mazhablararo zo’ravonlik oxirgi besh yilda Pokistonda ikki mingdan oshiq odamning boshini yegan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG