Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo'ylab safarda. 9-12 iyun kunlari orasida u mintaqaning besh respublikasida bo'lib, rahbarlar va jamoatchilik bilan muloqot qilib, eng yirik xalqaro organning asosiy maqsadlarini muhokama qilmoqda.
Bosh kotib idorasining bildirishicha, atrof-muhit muhofazasi, qoradori savdosiga qarshi kurash, ichimlik suvi ta'minoti va iqlimdagi salbiy o'zgarishlar singari masalalar muzokaralarda asosiy o'rinda bo'ladi.
Pan Gi Mun safar oldidan BMT axborot xizmatiga bergan intervyusida inson huquqlari dolzarb masala ekanini eslatdi.
Mintaqa hukumatlari xalqaro majburiyatlarini ado etishi lozim, BMTning tegishli organlari bilan yaqindan hamkorlik qilishi zarur, dedi rasmiy.
BMT Bosh kotibi Markaziy Osiyoga borishi haqida xabar tarqalishi bilanoq inson huquqlari tashkilotlari Pan Gi Munni xat va bayonotlarga ko'mib tashladi.
Tabiiy, deydi faollar, chunki mintaqada tub muammo huquq tobora cheklanib borayotganidir.
Jahon organi oldiga qo'ygan asosiy maqsadlardan biri - inson erkin va farovon yashashga haqli ekanini ta'minlash.
Pan Gi Mun Markaziy Osiyo rahbarlari bilan avvalo shu xususda gaplashishi, konkret muammolarni ko'tarib, konkret o'zgarishlar talab qilishi kerak, deya bildiradi inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilotlar.
Londonda asoslangan Xalqaro Amnistiya va Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" BMTda O'zbekiston bilan shug'ullanadigan alohida organ bo'lsin, maxsus idora tashkil etilsin deya bong urib kelmoqda.
Bu borada BMT qarorgohi, AQSh va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirliklariga murojaatnomalar va maktublar yozilgan. Andijon fojiasining 10 yilligi munosabati bilan G'arb davlatlarida kechgan tadbir va muloqotlarda ham bu taklif muhokama qilindi.
Majburiy mehnatga qarshi targ'ibot olib borayotgan "Paxta kampaniyasi" O'zbekiston prezidenti Islom Karimov va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvlarda paxta dalalarida odamlarni zo'rlab ishlatishga chek qo'yishni so'rang, deya murojaat qilmoqda.
Xo'sh, bu chaqiriqlar nima samara berishi mumkin? BMT Bosh kotibi huquq va repressiya yuzasidan rahbarlar bilan qanchalik ochiq muloqot olib borishi mumkin?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tanqidchilari nazarida rasmiy idoraning roli pasayib ketgan, loyihalarning samarasi past, vakolatxona mezbon hukumat qo'lida o'yinchoq.
Qonun ustuvorligi, erkinliklar, xalq va hukumat orasidagi munosabatlar singari tub masalalarga e'tibor qanchalik?
2010-yildagi tashrifida Pan Gi Mun Orol dengizini borib ko'rgan. Manzara unga qattiq ta'sir qilganini aytgan edi o'shanda. Yaqinda bergan intervyusida ham bu borada gapirdi. Qanday choralar ko'rildi shundan beri? Umuman, bu tashrifdan nima naf bo'ldi?
Suv ta'minoti masalasida BMT nimalar qila oladi va mintaqaviy ziddiyatlarni hal etishda qanday rol o'ynashi mumkin?
Bu savollar bilan biz tashkilotning O'zbekistondagi idorasida faoliyat yuritgan Gulnoza Saidazimovaga murojaat qildik. Mutaxassis Pan Gi Munning 2010-yildagi safarini bevosita kuzatgan, chunki o'sha paytda vakolatxonaning matbuot xizmatini boshqargan va parda ortidagi masalalar bilan tanish.
Marhamat, suhbatimizni tinglang: