Juzjon viloyatining Qo’shteppa va Darzob tumanlari bir necha yildan beri qurolli muxolifat qo’lida. O’tgan yili Darzob va Qo’shteppadagi toliblarni DAISh (“Islomiy davlat”) jangarilari quvib chiqargan. Vaziyat oldingidan ko’ra ancha og’irlashgan.
Afg’onistonning shimoliy Juzjon viloyati janubida joylash Darzob va Qo’shteppa tumanlarida asosan o’zbeklar yashaydi. Ushbu tumanlar “Islomiy davlat” to’dasining yirik markazlaridan biriga aylangan.
DAIShni bu tumanlardan haydab chiqarish uchun hukumatning kuchi yetmayotgandek.
O’tgan hafta DAISh havodan nishonga olindi. 26 nafar isyonchi nobud qilindi, deya bildirmoqda hukumat.
Darzobdan faol Sharofiddin Murodiy bir qancha yoshlar bilan birgalikda Kobulga borib, bugungi vaziyatdan markaziy hukumatga shikoyat qilgan.
“Aholi ko’p yillardan beri og’ir ahvolda yashayapti. Janglar natijasida qo’shni viloyatlarga ko’chib kelgan. Muhojirlar juda yomon vaziyatda hayot kechirmoqdalar. Bolalar maktabga borish imkoniyatidan ayrilgan”,- deydi Sharofiddin Murodiy.
Suhbatdoshning bildirishicha, sog’liqni xizmatlarini ko’rsatuvchi markazlar ishlamayapti. Aholi turli-tuman mashaqqatlarni qabul qilib, viloyat markaziga kelib, dori-darmon qilishga majbur.
Urushlardan qochib kelganlar uchun tirikchilik imkoniyatlari yaratib berilmagan. Qish shundaygina ostonada.
“Yoqish-isinish, yeyish-ichish, kiyim-kechak bo’yicha ular jiddiy muammo bilan yuzlashmoqda. Biz, asosiy qish boshlanmasidan oldin ularga yordam berishga, hukumat va gumanitar tashkilotdan yordam jalb qilishga harakat qilayapmiz”,- deydi Murodiy.
Xalqning urushdan tinkasi qurigan.
“Qo’shteppa va Darzob aholisi faqat tinchlik istaydi. Qirq yillik urush natija bermadi. Biz hukumatga qarshi qurol ko’targan guruhlardan ham tinchlik dasturiga qo’shilishini, hukumat sulh uchun zamin yaratishini istaymiz”,- deydi Murodiy.
Qo’shteppa va Darzob tumanlari Juzjon, Sari pul va Faryob viloyatlarini bog’lab turadi. Shuning uchun ham muhim hududlar sanaladi.
Mazkur ikki tumanda Checheniston, Fransiya, Pokiston va O’zbekistondan jangarilar bor, ular DAISh safida jang qilmoqda.
Facebook Forum