AQSh rahbari Donald Tramp Pokiston hukumatini terroristlarni o'z hududida yashirib, ular bilan hamkorlik qilayotganlikda ayblar ekan, Islomobod g'azabda. Oq uy esa Afg'oniston tinchligini buzayotgan guruhlar qo'shni davlatda, deya qayd etmoqda.
2018-yildagi ilk tvitida Tramp deydiki, AQSh o'tgan 15 yil davomida Pokistonga 33 milliard dollar miqdorida yordam berib, ahmoqlik qilgan, chunki evaziga hech qanday foyda ko'rmagan. Islomobod Vashingtonni laqillatib kelgan va bunga boshqa toqat qilinmaydi, deydi u.
"Afg'onistondagi terroristlarga qarshi kurashdamiz, lekin Pokiston ularga panoh bergan. Bizga ulardan yordam yo'q", - deya yozdi Tramp.
Vashington azaldan Pokistonni bu borada qoralab keladii. Lekin Trampning gaplari bu hukumatga yoqmay, bugun AQSh elchisi Deyvid Heyliga bu borada norozilik notasi topshirilgan.
Pokiston Amerika tanqidini asossiz deb bilib, uni kaltafahmlikda ayblaydi.
Tashqi ishlar vaziri Xo'ja Asifga ko'ra. uning mamlakati oshkora ish yuritadi va jahon ahli nima haqiqat va nima yolg'on ekanini bilishi kerak.
Pokistonga AQShdan 255 million dollarlik harbiy madad dasturi muzlatilgan.
Kongress Pokistonga hamkorlik uchun 700 million dollarlik ko'mak ham va'da qilgan. Unga berilmasligi mumkin.
Oq uy Islomoboddan uning hududida yashiringan terrorchilarni yo'q qilishni talab qilmoqda.
Pokiston hukumati esa hech qanday terrorchiga yordam bermayotganini bildiradi.
Vashington, agar Islomobod tegishli chora ko'rmasa, uning o'zi bu terrorchilarni nishonga olishga tayyor ekanini aytib, ogohlantirmoqda.
Pokiston uning yerida hech kim hech kimga qarshi urush boshlamaydi, deya javob bermoqda.
Keskinlik davom etar ekan, bugun Pokiston davlat xavfsizlik kengashi yig'ilgan. Amerika elchisi yuqori lavozimli rasmiylar bilan gaplashgan.
Facebook Forum