Tolibon isyonchi guruhining da'vo qilishicha, Afg'onistondagi "Islomiy davlat" rahbari o'rinbosari terrorchi to'dadan ajrab chiqib, Tolibonga qo'shilgan.
Guruh so'zlovchisi Qori Yusuf Ahmadiy e'lon qilgan bayonotga ko'ra, "Xuroson Daishi" deb nomlanadigan to'da yetakchilaridan biri Abdulrazoq Mahdiy Tolibonga bay'at bergan.
Mahdiy bilan o'tkazilgan va ommaga e'lon qilingan audiosuhbatda u IShIDning Afg'onistondagi ishlarini "shafqatsiz" deb atab, guruhning islomga hamda musulmonlarga zid tashkilot ekanini aytgan.
Tolibon da'vosining va bu audiosuhbatning haqiqiyligini mustaqil tekshirishning imkoni yo'q.
Bayonotga ko'ra, Mahdiy g'arbiy Farah viloyatida yashaydi. U haqda ma'lumot juda kam, chunki IShID qo'mondonlari, odatda, nom uchun taxallus ishlatadi. Tolibon bo'yicha kobullik ekspert Vohid Mujdaning aytishicha, Mahdiyning hatto afg'onistonlik ekani ham ma'lum emas.
Tolibon bu voqeani ovoza qilib, IShIDni yomonotliq qilishni ko'zlagan bo'lishi ham mumkin, deydi ekspert.
O'zaro raqobat va to'qnashuvlar
Tolibon bayonoti IShID va isyonchi guruh o'rtasida raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytga to'g'ri keldi.
Nangarhor va Juzjon viloyatlaridagi bir qator tumanlarni nazorat qilish bo'yicha ikki guruh ko'p to'qnashgan. Ilgari "Al-Qoida" bilan birga bo'lgan "O'zbekiston islomiy harakati" ham "Islomiy davlat"ga bay'at berganini e'lon qilgan.
IShID va Tolibon o'rtasidagi to'qnashuvlar oqibatida Nangarhorning Xoygani tumanida yuzlab oilalar uyini tashlab ketishga majbur bo'ldi. Oddiy aholi orasida qurbonlar bor.
IShID jangarilari nafaqat Tolibonni, balki mahalliy qishloqlar va oddiy aholini ham nishonga olayotgani aytiladi. Ular nazorat ostiga olingan hududlarda uylarni buzgan, bozorlarga o't qo'yib, bolalarning maktabga borishini taqiqlab qo'ygan.
IShIDning Xuroson bo'limi Afg'oniston bo'ylab sodir etilgan bir qator portlashlar, jumladan, masjidlarda amalga oshirilgan xurujlar uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan.
Afg'onistondagi "Islomiy davlat" sho'basi Pokiston Tolibonining sobiq qo'mondoni Hofiz Said Xon tomonidan tashkil etilgan. Said Xon va yana 10 qo'mondon 2015-yil yanvarda e'lon qilingan video murojaatda IShIDga bay'at berganini aytgan edi.
Afg'onistonda xalifalik
Afg'onistondagi AQSh va NATO kuchlari qo'mondoni general Jon Nikolsonning aytishicha, IShID dastlab xalifalikni Afg'onistonda o'rnatishni rejalagan.
"Daish Afg'onistonda xalifalik o'rnatishning uddasidan chiqa olmadi. Ikki yil avval ularning maqsadi shu edi", - deydi Nikolson.
Generalga ko'ra, Afg'onistondagi IShID vakillarining aksariyati Pokistondagi Tolibonning sobiq a'zolari hisoblanadi.
"Ularning ko'pi afg'on emas. O'zbekiston islomiy harakatining ba'zi a'zolari, Pokistondagi Tahriqi Tolibonning ko'plab sobiq vakillari ham bor", - deydi AQSh generali.
Nikolsonning aytishicha, AQShning Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasi asosida "Islomiy davlat" jangarilarini nishonga olishga alohida e'tibor berilmoqda.
"Martdan beri 1400 ta taktik amaliyotlar va hujumlar o'tkazdik. 1600 dan ortiq Daish jangarilari o'ldirildi va 600 dan ziyod inshootlari, tuzilmalari, harbiy postlari yo'q qilindi", - deydi general.
IShID mafkurasi
AQSh qo'mondonining aytishicha, afg'on xalqi "Islomiy davlat" mafkurasini rad etadi.
"Bu mafkura Afg'oniston madaniyatiga butkul zid. Bu jangarilarning aksariyati afg'onistonlik emas. Ular pokistonlik, o'zbeklar va boshqalar, - deydi Nikolson. - Ularning shafqatsizligi afg'on madaniyatiga aslo to'g'ri kelmaydi. Afg'onlarning aksariyati ularni inkor qiladi. Shu bois Daishdagi jangarilarning juda oz qismi afg'onlar ekanini ko'ryapmiz".
Facebook Forum