Breaking News

Ozodlik uyi: O'zbekiston o'zgara boshladi, lekin erkin emas


Samarqand ko'chalari
Samarqand ko'chalari

Vashingtonda asoslangan "Freedom House" - "Ozodlik uyi" tashkilotining sarhisobicha, Markaziy Osiyo hamon diktatorlar qo'lida. Qozog'iston, Tojikiston va Turkmaniston uzoq yillik yakkahokimlar iskanjasi ostida. Mintaqaning eng yirik jamiyati O'zbekistonda esa erkinlik shabadasi esa boshlagandek, lekin tashkilot bugungi vaziyatga boshqa ko'plab xalqaro organlar singari ehtiyotkorona optimizm bilan yondashmoqda.

Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda 2016-yilda hokimiyatga kelgach, islohotlar boshladi, deyiladi tahlilnomada. Azaliy va tub muammolar, xususan, majburiy menhat, huquqbuzarlik va adolatsizlik, qiynoqlar, ishsizlik, yulg'ichlik va jamiyatda tom ma'noda erkinlik yo'lida to'siqlar talay ekani tan olina boshladi. Davlat rahbari buni ochiq qayd etib, mamlakat endi yangi yo'lga o'tishini, xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlab, bu muammolarga yechim izlashga ahd qilganini aytmoqda.

O'zbekiston fuqarolari uchun xorijga chiqish uchun alohida ruxsatnoma olish talabi bekor qilinishi kutilmoqda.

Respublikada konvertatsiya ochildi, valyuta bozori erkinlasha boshladi.

Mamlakatda fuqarolik jamiyati uchun yo'l ochilayotgandek. Uzoq yillar oldin haydalgan "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotining mamlakatdagi faoliyatini qayta tiklash bo'yicha hukumat bilan muloqot boshlandi.

Lekin O'zbekiston erkinlik darajasi jihatidan hamon "eng yomon" muhitlardan biri. Huquqqa hurmat va qonun ustuvorligi bo'yicha olib borilgan izlanishlarga asoslanib, respublika hali bu borada katta qadamlar tashlashi zarurligi ta'kidlanadi.

O'zbekiston Turkmaniston singari erkinlik eng bo'g'ilgan jamiyatlardan biri, deyiladi "Ozodlik uyi" hisobotida
O'zbekiston Turkmaniston singari erkinlik eng bo'g'ilgan jamiyatlardan biri, deyiladi "Ozodlik uyi" hisobotida

Hisobotda Markaziy Osiyodan faqat Qirg'iziston qisman erkin jamiyat sifatida bahonaladi.

Rossiya va Xitoy nafaqat o'zi, balki atrofidagi mamlakatlarda ham barqarorlik va erkinlikka tahdid solayotgan tuzumlar deb ko'riladi.

"Ozodlik uyi" tahlilicha, Qo'shma Shtatlar demokratik jihatdan chekinmoqda. Erkinlik targ'ibotchisi rolidan tushib, global nufuzini boy bermoqda. Prezident Donald Tramp davrida Amerika demokratiyadan uzoqlashmoqda, mamlakatning o'zida ham, xorijda ham, deyiladi hisobotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG