AQShning "Ozodlik uyi" tashkiloti chiqargan yangi hisobotga ko'ra, 2016-yilda 29 davlatning yarmidan ko'pida demokratiya bilan bog'liq ahvol yomonlashgan. Yillik hisobotning 22 yillik tarixida bu ikkinchi eng yomon ko'rsatkichdir. "O'tish bosqichidagi davlatlar" (Nations in Transit) deya nomlangan hisobotda tilga olinishicha, ko'plab o'lkalarda siyosiy populizm kuchaygan. O'zbekistonda ham o'tgan yili ahvol biroz yomonlashgan.
Bosh vazir Viktor Orban yetakchiligidagi Vengriya Markaziy Yevropada eng quyi baho olgan davlat. "Ozodlik uyi" vakili Neyt Shenkandan shu haqda so'radik.
"Markaziy Yevropadagi populizm haqida gapiradigan bo'lsak, Orban nomi esga keladi. U a'zo davlatlar uchun, hatto Yevropa Ittifoqi uchun demokratiyani rad etish modelini yaratdi", - deydi u.
2-aprel kuni Vengriyada hukumatga qarshi namoyish bo'lib. Polsha rahbari ham Konstitutsiyaviy sudni hujum ostiga olgani uchun hisobotda tanqidga uchradi.
Rossiya ro'yxatning eng quyi pog'onalaridan joy oldi. Hukumat tazyiqiga qaramay, mamlakatda fuqarolik jamiyati va ayrim erkin ommaviy axborot vositalarining mavjudligi qayd etilgan. Ammo Rossiya Markaziy banki sobiq rasmiysi Sergey Aleksashenko bu fikrga qo'shilmaydi.
"Internetda biroz erkinlik bor. Ammo Rossiya aholisining 80 foizi xabarlarni telekanallardan oladi. Hukumat nazorat qilmaydigan kanalning o'zi yo'q. Ozodlik bor, deyishingiz mumkin, to'g'ri, biroz bor, lekin bu axborot erkinligi emas. Bu Rossiya haqidagi jiddiy yanglish yondashuv", - deydi u.
Bolqondagi to'rt davlatda, xususan, Makedoniya va Serbiyada demokratik ko'rsatkichlar pasaygan. Faqat ikkitasida ahvol yaxshilangan. Yevrosiyoda Qirg'iziston yana avtoritar rejimlar guruhiga qaytgan. 2011-yilgi parlament saylovlaridan so'ng u bunday tuzumlar qatoridan chiqqan edi.
Yevrosiyodagi 12 davlatning 5 tasida korrupsiya ko'lami kengaygan. Ozarbayjon, Turkmaniston va O'zbekistonda ahvol yanada yomonlashgan.
Belarusda esa Prezident Lukashenkoning rejimi o'tgan yili siyosiy nazoratni biroz yumshatgani kuzatilgan. Bu o'lkada ahvol sal yaxshilangani bilan so'nggi namoyishlarda yuzlab odam hibsga olingani, ayrimlarining politsiya tomonidan do'pposlangani huquq faollarida xavotirni kuchaytirdi.
Ukraina, Ruminiya va Kosovoda islohotlar natijasida vaziyat o'nglanib borayotgani ijobiy holat sifatida ko'rsatilgan.