Breaking News

O’zbekiston yana “erkin bo’lmagan davlatlar” ro’yxatiga kiritildi


Amerikada joylashgan "Freedom House" tashkiloti dunyodagi erkinliklar bo’yicha yillik hisobotini e’lon qildi. Unda O’zbekiston dunyoda erkinligi eng ko’p cheklangan uchta davlatdan biri, deb topgan.

2016-yil ko'rsatkichlari bo'yicha tayyorlangan hisobotga ko'ra, O‘zbekiston Suriya va Eritreyadan keyin Shimoliy Koreya bilan bir qatorda.

Markaziy Osiyoning aholisi eng ko’p davlati tashkilot berishi mumkin bo‘lgan jami 100 balldan faqat 3 ballgina to’plagan. Bu bilan erkin bo’lmagan davlatlarning eng quyi uchligiga kirgan.

Turkmaniston ham, O‘zbekiston bilan bir qatorda. U "yomonlar yomoni" ro‘yxatiga tushgan ikki Markaziy Osiyo mamlakatidan biri.

Lekin Turkmaniston bir ball yuqori natija bilan O‘zbekistondan ko‘ra nisbatan yaxshiroq ko’rsatkichga ega.

Suriya, Eritreya, Shimoliy Koreya, O‘zbekiston, Janubiy Sudan, Turkmanistondan keying o’rinlarni "yomonlar yomoni" ro‘yxatini Somali, Sudan, Ekvatorial Gvineya, Markaziy Afrika Respublikasi va Saudiya Arabistoni egallagan

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng erkini 37 ballik natija bilan Qirg‘iziston.

Ammo bu o’lkada ham vaziyat biroz yomonlashgani qayd etilgan. "Freedom House" Qirg‘izistonni xavotirga loyiq davlatlar ro‘yxatiga kiritgan. Bunga mamlakatdagi beqarorlik, xususan, konstitutsiyaga kiritilgan o’zgarishlar sabab qilib ko’satilgan.

Mintaqa bo‘yicha "yaxshilar" uchligida yan Qozog‘iston (22 ball) va Tojikiston (11 ball) bor.

Rossiya (20 ball) bu borada, hatto, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan ham yomonroq natija ko‘rsatgan.

Bir necha o‘n yillardan beri urushga tortilgan Afg‘oniston esa 24 ballik natija bilan bilan Qozog‘iston va Rossiyadan ham oldinda.

Sobiq sovet davlatlari ichida eng yaxshi ko’rsatkich Estoniyaga tegishli. U 94 ball to’plagan.

"Freedom House"ning so‘nggi tadqiqoti jahonning 195 davlatini qamrab olgan.

Tashkiloti ekspertlari bu mamlakatlardagi siyosiy huquq va erkinliklarni o’rganib, o‘zlarining yakuniy xulosalarini berishgan.

195 davlatdan 87 tasi "erkin", 59 tasi "qisman Erkin" va 49 tasi "erkin emas", deb topilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG