Yangi hisobotga ko’ra, jahonda matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat ayanchli bo’lib, so’nggi 10 yilda eng quyi nuqtaga yetgan. “Ozodlik uyi” tashkilotining bildirishicha, bugun har yetti kishidan atigi bir kishi jurnalistlar erkin ishlay oladigan jamiyatlarda yashaydi.
Oxirgi 12 yilda dunyo bo’ylab erkinlik darajasi muttasil tushib borayotganiga guvohmiz. Buning qator sabablari bor.
“Jurnalistlarga hujum va bosimlar kuchaygan. Axborot vositalarining qutblashishi, tarafkashlik ham bu muhitga hissa qo’shayapti”, - deydi “Ozodlik uyi”dan Jennifer Danham.
Yirik media kompaniyalar va qurollangan guruhlar jurnalistlardan mavzuni bir taraflama yoritishni talab qiladi. Avtoritar rejimlar, shuningdek, ekstremist to’dalar mustaqil manbalarga bosimni oshirmoqda. Eng xavfli mavzular - uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, din va suverenitet.
Ko’plab davlatlar hukumatning ishini tanqidiy yoritadigan internet sahifalarga blok qo’yadi. Qamoqda o’tirgan muxbirlar soni bo’yicha esa Xitoy yetakchi. Bugun hatto iqtisodiy mavzular ustidan senzura kuchaygan.
Rossiya singari mamlakatlar esa o’z nazoratidagi hududlarda xorijiy matbuotni cheklab, voqealarni o’zi istaganicha talqin qiladi. Sharqiy Ukraina bunga yorqin misol, deyiladi “Ozodlik uyi” hisobotida.