Breaking News

Tahlilchilar: Turkiya avtoritar rejimga aylanmoqda


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Tahlilchilar nazarida, Turkiya Prezidenti Toyib Erdog'an borgan sari avtoritar hukmdorga aylanib bormoqda. 10 yil avval Yaqin Sharqning barqaror demokratiyasi sifatida ta'riflangan mamlakat bugun mustabid arab davlatlaridan ko'p farq qilmaydi, deydi ular.

Turk modeli?
So'nggi yillarda Anqara siyosatiga qarshi fikr bildirgan ko'plab faollar hukumat tazyiqiga uchradi. Muxolif ommaviy axborot vositalarining ovozi o'chirildi. Xavfsizlik organlari tintuv va bosimni kuchaytirdi. Kurdlar bilan tinchlik o'rnatishga chaqirgan ziyolilar hibsga olindi.

Mahalliy va xorijiy mutaxassislar Prezident Erdog'anni Turkiyani liberal qadriyatlar va demokratiyadan avtoritar tuzumga yetaklaganlikda ayblaydi. Yaqin qo'shnilari bilan muammolarga o'ralashib qolgani yetmagandek, yaqin ittifoqchisi AQSh bilan ham aloqalar ancha sovuqlashgan. "Islomiy davlat"ga qarshi kurash va kurdlar masalasida Anqara va Vashington o'rtasida kelishmovchiliklar bor.

Erkinlikni targ'ib qiluvchi "Freedom House" - "Ozodlik" tashkilotiga ko'ra, Turkiya bugun "qisman erkin" jamiyat.

Demokratiyadan avtokratiya sari

Amerika Ishbilarmonlik instituti tahlilchisi Maykl Rubinning aytishicha, Erdog'an konstitutsiyaga zid ravishda ko'proq vakolat va hokimiyatga ega bo'lishga urinib, Turkiyani avtokratiyaga aylantirdi. U demokratiya bilan hisoblashmaydi, deydi Rubin.

Erdog'an vakolatlari doirasini yanada kengaytirish harakatida. Bu borada u referendum o'tkazishga ham tayyor. Hozirgi parlamentar tizimga ko'ra, Prezident mutlaq ijro hokimiyatiga ega emas.

Kongress uchun Turkiya haqida hisobotlar tayyorlaydigan ekspert Kerol Migdalovitzga ko'ra, Turkiya aslida hech qachon haqiqiy demokratiya bo'lmagan.

"Erdog'an demokratiyani hurmat qilmaydi. U saylangan avtoritar. Agar vakolati oshsa, bundan ham yomon bo'ladi", - deydi u.

Ekspertning aytishicha, Turkiya hukumati barcha ommaviy axborot vositalarini o'z nazorati ostida tutishni xohlaydi.

"Turkiya hukumatining kurdlarga munosabati ham keskin yomonlashdi", - deydi Migdalovitz.

Turkiyada 15 milliondan ortiq kurd aholi bor.

Demokratiyaning parchalanishi

AQShning "Vashington Post" gazetasida 7-mart kuni chiqqan maqolada Turkiyada erkinlik keskin cheklanayotgani va tez orada yakka shaxs tomonidan boshqariladigan rejimga aylanishi xavotir bilan tilga olinadi. Shu kuni "Nyu-York Tayms" nashrida ham shunga o'xshash material bosildi. Maqolaga "Turkiyada demokratiyaning parchalanishi" deb nom berilgan.
Siyosiy va harbiy tahlilchi Veyn Medsonning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Erdog'anga ko'proq vakolat berilsa, u Zimbabve rahbari Robert Mugabedan qolishmaydigan shaxsga aylanadi.

"Erdog'an so'z va matbuot erkinligini chekladi. Turkiya hukumatining kurdlarga munosabati ham dahshatli", - deydi u.

AQSh Davlat departamentining sobiq rasmiysi Alan Makovskiy deydiki, Turkiya hozir faqat bitta odamning xohish-irodasi bilan boshqariladigan tuzumga aylangan. Turkiyada fikr erkinligi deyarli yo'q, deydi u.

Turkiya hukumati bu haqdagi tanqidiy qarashlarni inkor qiladi.

"Turkiya sekulyar va demokratik davlat va bu yerda qonun ustuvorligi ta'minlangan", - deydi rasmiylar.

Rajab Toyib Erdog'an ikki yil avval o'tgan umumxalq saylovida 52 foiz ovoz to'plab, prezidentlikka saylangan. Shu paytgacha davlat rahbari parlament tomonidan saylanib kelgan.
Kuzatuvchilarga ko'ra, Erdog'an prezidentning xalq tomonidan saylanganini ro'kach qilib, parlamentar tizimni prezidentlik boshqaruviga o'zgartirmoqchi.
Turkiya 1952-yildan beri NATO a'zosi. Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish uchun ham nomzod.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG