Turkiya xavfsizlik kuchlari siyosiy muxolifatni quvvatlovchi va eng katta tirajli "Zamon" gazetasining bosh idorasida reyd o'tkazgan.
Gazeta sud qarori bilan hukumat tasarrufiga o'tayotgani keskin tanqidlarga sabab bo'lmoqda. Uning Istanbuldagi idorasi qarshisida to'plangan 500 ga yaqin namoyishchilarni politsiya ko'zni yoshlantiruvchi gaz va suv bilan tarqatib yubordi.
Turkiya bayrog'ini ko'targan namoyishchilar "erkin matbuot ovozini o'chira olmaysiz", deya hayqirgan.
"Zamon" bosh muharirri Abdulhamit Bilichi bu voqealarni "demokratiya uchun qora kun" deya tasvirlamoqda.
Turkiyada muxolifatchi jurnalistlar, xususan, AQShda yashovchi diniy ulamo Fathulla Gulenga aloqador nashrlar ta'qib ostida. Gulenning "Xizmat" harakati bir paytlar Prezident Rajab Toyib Erdog'anning yaqin ittifoqchisi bo'lgan.
"Zamon" hukumat qo'liga o'tishi oldidan so'nggi sonini chop etishga ulgurdi. Ayni paytda Turkiyada 30 dan ziyod jurnalist panjara ortida ekani aytiladi.