Breaking News

Turkiyada Gulenga aloqador siyosatdon, ofitserlar ushlangan


Amerikada yashayotgan diniy peshvo Fathulla Gulen, Turkiya rasmiylari nazarida, Erdog'an ma'muriyatini hukumatdan ag'darmoqchi.
Amerikada yashayotgan diniy peshvo Fathulla Gulen, Turkiya rasmiylari nazarida, Erdog'an ma'muriyatini hukumatdan ag'darmoqchi.

Turkiya rasmiylari Prezident Rajab Toyib Erdog'anni hukumatdan ag'darishga uringanlikda ayblanayotgan peshvoga aloqador deya 35 odamni hibsga olgan.

Amerikada yashayotgan diniy peshvo Fathulla Gulen ishi yuzasidan politsiya Izmir shahrida bir necha yirik siyosatdon va ofitserni ushladi. O'tgan hafta hukumat yirik media tashkilotni ham Gulenga bog'liq deya musodara qildi. Joriy yilning may oyidagi reydlarda o'nlab tadbirkor ham qo'lga olingan edi.

So'nggi hibsga olishlar mamlakatda hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasining g'alabasi bilan tugagan parlament saylovlaridan keyin o'tkazilmoqda. Prezident Erdog'an kechagi chiqishida jamoatchilikni saylov natijalarini hurmat qilishga da'vat etdi. U shu tariqa G'arb matbuotida Turkiya hukumatini nishonga oluvchi maqolalarga ishora qilayapti.

Jahon bizga hurmat ko'rsatsin, dedi Erdog'an. Hozircha dunyo ahlidan bosiqlik yohud ko'pam hurmat ko'rmayapmiz, deydi u.

Yakshanba kungi saylovlar erkin va osuda o'tdi. Lekin xalqaro kuzatuvchilar saylov oldidan matbuotga cheklovlar qo'yilgani, yirik matbuot tashkiloti musodara qilingani, jurnalistlarga qarshi jinoiy ishlar ochilganini tanqid qilayapti.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Obama ma'muriyati Turkiyada ommaviy axborot vositalari, so'z va yig'ilishlar erkinligi bo'g'ilayotganidan xavotirda. Saylov kampaniyasi davrida hukumatga tanqidiy yondashgan odamlar va jurnalistlar ta'qib qilingani haqidagi xabarlardan juda tashvishdamiz, dedi Ernest. Bu orada, Yevropa kengashidan Andreas Gross saylovni kuzatib xulosa qilar ekan, jarayon adolatsiz o'tdi, demoqda. Odamlarga zug'um qilingan, qo'rqitilgan.

Parlamentga saylovlarda Turkiyada yana bir partiya ustunligi tiklandi. "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 550 kishilik parlamentda 316 o'rinni qo'lga kiritdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG