Breaking News

Rossiya Arktikadagi faoliyatini kuchaytirmoqda


Rossiyaning Arktikadagi manfaatlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Arktikani tadqiq etishni o'zining eng muhim vazifalaridan biri deb e'lon qilgan. Kreml o'z manfaatlarini himoya qilish uchun Shimoliy qutbga suvosti kemalari, muzyorar hamda harbiy aslaha joylashtirmoqda. Arktikaga yaqin Vorkuta shahri aholisi bu e'tibor mintaqaga iqtisodiy foyda keltirishidan umidvor.

Arktika shamollari sekin-asta sovet davri propagandasini o'chirib bormoqda. Ammo Sovet Ittifoqi ishlarini ulug'lovchi shiorlar hanuz devorlarni bezab turibdi: "Biz Rossiya kelajagini quramiz".

Ichkarida esa kvartiralar bo'm-bo'sh. Kommunizm qulashi bilan Arktika iqtisodiyotiga oid sovet rejalari ham barbod bo'ldi.

Bu orzu-umidlar qayta uyg'onayotgandek. Prezident Vladimir Putin o'tgan oy Moskvada shu haqda gapirdi.

"Arktikada katta miqyosli turli sanoat loyihalari ish boshladi. Ular eng kuchli ekologik me'yorlarga javob beradi. Transport, navigatsiya, ilmiy va harbiy insfratuzilmani kuchaytiryapmiz", - dedi u.

Hozircha Putin harbiy jabhaga asosiy e'tiborini qaratmoqda. Sovuq urush davridan beri ilk bor Rossiya Shimoliy qutb uzra Amerikaga qiruvchi samolyotlarni uchirmoqda.

Ko'mir sanoatiga ixtisoslashgan Vorkutada hali o'zgarishlar sezilmaydi. Shahar Stalin gulaglaridagi qullar mehnati bilan bunyod etilgan. Konlarining ko'pi 90-yillarda yopilgan.

Ammo ko'mirga qiziqish susaymagan. O'tgan yili Rossiya eksporti 13,5 milliard dollarga yetdi. Kon egalarining aytishicha, Putinning Arktika rejasida ko'mir sanoati muhim rol o'ynashi mumkin.

"Hozircha kelasi 20 yilga yetadigan konlarimiz bor. Bundan keyin esa Vorkuta hududida yetarli ko'mir zaxiralari mavjud", - deydi Vorkuta ko'mir kompaniyasi rahbari Yevgeniy Balukov.

Tanqidchilarga ko'ra esa Arktikaga yaqin shaharlar uchun ko'mirning o'zi kifoya emas.

"Ko'mirni deb ko'mirni asrashdan ma'no yo'q. Eng muhimi ijtimoiy-iqtisodiy va barqaror taraqqiyotni ta'minlash", - deydi tahlilchi Morgan Fert-Malka.

Arktikaning tabiat ajoyibotlari ham daromad manbai. Yovvoyi hayotni ko'rish uchun kelayotgan sayyohlar soni oshgan.

"Xaski itlari, etnik turizm, bug'u boqish turizmi kabi faoliyat turlarini yaratishyapti. Bu narsalar mahalliy hayot tarziga salbiy ta'sir ko'rsatishi ham mumkin. O'zgarishlar Arktikadagi mahalliy aholiga va butun dunyoga aloqador. Siz, men va Indoneziyadan tortib Mayamigacha bo'lgan har bir odam. Chunki Arktikada bo'layotgan narsa butun dunyoga ta'sir qiladi", - deydi Fert-Malka.

Vorkuta meri esa shaharni asrab qolish haqida qayg'uradi.

"Kelajak uchun ulkan rejalarimiz bor, lekin bu shaharning Arktika loyihalariga ulanishiga bog'liq", - deydi shahar meri Igor Gurlev.

Arktika muhim strategik maydonga aylanib bormoqda. Bu esa Rossiyaning olis shimoliy hududlarida yashaydigan aholi hayotida jiddiy o'zgarishlar yasashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG