Breaking News

AQSh: Janubiy va Shimoliy Koreya o'rtasidagi muloqotni olqishlaymiz


Janubiy va Shimoliy Koreya rahbarlari chegara hududida qo'l siqib ko'rishmoqda, 27-aprel, 2018-yil.
Janubiy va Shimoliy Koreya rahbarlari chegara hududida qo'l siqib ko'rishmoqda, 27-aprel, 2018-yil.

Oq uy Janubiy va Shimoliy Koreya davlatlari rahbarlari o'rtasidagi muloqot ortidan bayonot chiqarib, sammit butun mintaqani tinchlik va favoronlik sari yetaklashidan umid bildirdi.

Bayonotda Janubiy Koreya tashkiliy ishlari uchun olqishlanadi va Prezident Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashish bo'yicha muloqotni davom ettirishdan umidvor ekani aytildi. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi may oxirida yoki iyun oyida bo'lishi kutilyapti.

Shu kuni ertalab Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un o'rtasida tarixiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Pxanmunjonda o'tgan sammit yakunida tomonlar Koreya urushini tugatish hamda boshqa masalalarda hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha kelishib oldi.

Sammitning yopilish marosimidan so'ng har ikki yetakchi jurnalistlar bilan gaplashib, o'zaro dushmanlikni kamaytirish uchun kelasi oydan yuqori darajali harbiy muzokaralar boshlanishini e'lon qildi.

Anjuman doirasida har ikki Koreya yetakchilari davlatlar o'rtasidagi chegarani ajratib turuvchi hududda qo'l siqib ko'rishdi. Shundan so'ng Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un qo'shni yurt prezidenti bilan birga Janubiy Koreya hududiga yurib o'tdi.

Kimning aytishicha, ushbu sammit tinchlik va farovonlikning yangi tarixini boshlab beradi.

"O'tmishda bo'lganidek, kelishuvlarni ijrosiz qoldirmasdan, bu safar men xalqning ishonchini qozonishni va qo'lni qo'lga berib buni kelajakka yangicha qarash imkoniyati sifatida ko'rishni istayman", - dedi Shimoliy Koreya rahbari.

Janubiy va Shimoliy Koreya davlatlari o'rtasidagi sammit AQSh Prezidenti Donald Tramp va Kim Chen Un o'rtasida bo'lishi kutilayotgan uchrashuvga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG