Jorj Vashington Universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasida har yili Markaziy Osiyo va Ozarbayjondan 10 ga yaqin yosh mutaxassis Vashingtonda malaka oshiradi. Biror muammoga qarshi kurashayotgan faolmisiz? Davlat tizimini isloh qilish harakatidagi xodimmisiz? Yangicha choralar yoki siyosat ustida o'ylanayapsizmi? O'z sohangizda yangiliklar qilishni xohlab, ilmiy zehningizni oshirishni istasangiz, bu programmada qatnashib, grant yutib, AQSh poytaxtiga bir semestrga taklif qilinishingiz mumkin. Albatta, siz qatori topshirgan yuzlab, balki minglab mutaxassislar bilan bellashishingizga to'g'ri keladi.
Ayni damda bu dasturni yakunlayotgan qozog'istonlik Dinara Alimxanova va o'zbekistonlik Dilmira Matyakubova AQSh ilm va jurnalistika ahli juda oz biladigan ikki mavzuni ko'tardi. O'tgan besh oy mobaynida ular o'z mamlakatlaridagi ijtimoiy masalalar yuzasidan izlanishlar olib bordi.
Bilimsiz, ishsiz va malakasiz yoshlar
Dinara Alimxanova - Qozog'istonda Milliy Kasb-hunar ta'limi agentligida katta bir bo'lim rahbari. U janubiy viloyatlarda yoshlar qanday ma'lumotga ega ekani va ish bilan qanchalik ta'minlanganini o'rgandi.
Xulosasi shuki, ko'plab mamlakatlarda bo'lgani singari Qozog'istonda ham o'qishni bitirmay, biror kasbni egallamay turib oilali yoki farzandli bo'layotganlar ko'p. Ular o'qish va ishni birdek eplashga harakat qiladi, lekin uddasidan chiqolmay, na ilm oladi, na daromad. Hukumat mana shunday hollarda ularni quvvatlashi kerak bo'ladi, deydi Dinara.
Aks holda jamiyatda bilimsiz, ishsiz va malakasiz yoshlar (29 yoshgacha) soni ko'payadi. Qozog'istonda bu borada vaziyat boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda unchalik salbiy emas, deydi mutaxassis, 9,5 foiz. Masalan, Tojikistonda hali 30 ga kirmagan diplomsiz va ishsizlar soni 42 foizdan oshadi, Qirg'izistonda esa 20, Rossiyada 14.
Qishloq joylarda hayot shaharga qaraganda qiyin. O'qish va ishlash imkoniyati cheklangan. Taraqqiyot uchun ajratilgan mablag' qishloqlarni nazarda tutgan bo'lsa-da, foyda shahar tomon oqaveradi, deydi Dinara.
Norasmiy iqtisod, ya'ni qog'ozda bo'lmagan, naqd pul evaziga tebratiladigan bozorda yoshlar katta sonni tashkil etadi, ayniqsa janubda. Ular ish shartnomasisiz, ta'tilsiz, himoyasiz kun ko'radi. Daromad barqaror emas. Kichik bizneslar bilan mashg'ul yoshlarning ko'pi, deydi Dinara, zarur hujjatlarga ega emas. Ular korrupsiyaga asoslangan tizimning bir qismi.
O'tgan chorak asr mobaynida, ya'ni mustaqillik yillarida Qozog'istonga chetdan 1 millionga yaqin qozoq ko'chib kelgan, xususan qo'shni davlatlardan - O'zbekiston va Qirg'iziston hamda Xitoy va Mongoliyadan. Ular jamiyatga qo'shilishga qiynaladi. Til bilmaydi. Mahalliy tizimni tushunmaydi. Qozog'istonda tan olinadigan diplomi yo'q. Hayot ularni norasmiy iqtisodda kun kechirishga majbur qiladi. Hukumat bergan imtiyozlar yetmaydi, deydi Dinara. Shaharlarga intilayotganlar serob, biroq u yerda ham ularni ko'p imkoniyat kutmayapti.
Mutaxassisning asosiy tavsiyalari: mahalliy hokimiyatlar aholining ahvoli bilan yaqindan tanishib, real vaziyatga qarab rejalashi kerak; jamoatchilikka mavjud imtiyozlar va moliyaviy yordam haqida muntazam ravishda ma'lumot berib borish kerak; kasb-hunar maktablarini zamon talabiga moslashtirib, o'qiv dasturlarini qayta ko'rib chiqish lozim.
Tashkent City yoki Eski shahar?
Dilmira Matyakubova - O'zbekiston poytaxtidagi nufuzli Uestminster Xalqaro Universiteti ilmiy xodimi, o'qituvchi.
Vashingtonda malaka oshirar ekan, uning e'tibori Toshkentda yangi shahar qurilayotganida bo'ldi. Tashkent City, hukumatga ko'ra, mamlakatning eng zamonaviy qismi bo'ladi. Ilg'or texnologiya va biznes markazi. 70 gektar maydonni egallaydi. 1 milliard dollardan oshiq mablag' sarflanishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko'ra, Tashkent City O'zbekistonning bugungi va ertangi yuzi bo'lib, uning nimaga qodir ekanini aks ettirishi kerak.
Lekin nima evaziga? Kim bundan manfaatdor? Nima uchun odamlar bu yangi shahar uchun uy-joyidan, hovlisi va mahallasidan ayrilishi kerak? Toshkentning bir necha asrlik tarixga ega qismlari buzilishini hukumat qanday asoslamoqda? Jamoatchilik bilan muzokara qilayaptimi? Uning fikrini inobatga olayaptimi?
Dilmira fikricha, taraqqiyot zarur deyish bilan cheklana olmaysiz. Mutasaddilarga ko'ra esa ish endi boshlanmoqda va tegishli tomonlarning nuqtai nazari hisobga olinadi.
Odamlar ajdodlaridan qolgan mulki va o'tmishini baland oynali imoratlarga almashishni xohlamasa, zo'rlab ko'chira olmaysiz. Obidalarni vayron qila olmaysiz. Siyosiy jihatdan ham, ma'naviy jihatdan ham noto'g'ri ish bo'ladi, deydi Dilmira, o'z izlanishlariga tayanib.
Tashkent City ortida qanday odamlar turibdi? Toshkent shahar hokimiyati, Shayhontohur tuman hokimiyati, yirik xorijiy va mahalliy qurilish kompaniyalari va tegishli idoralar. Ular bir-biri bilan ishlayapti lekin omma dardini deyarli tinglashmayapti, deydi Dilmira.
Eski shahar, uning tahlilicha, Toshkentning azaliy ko'rki. Poytaxtga kelganlar uchun qadim ko'chalar, eskicha uylar va mahallalar qiziq, zamonaviy osmono'par imoratlar emas, deydi u. Boy tarixi va madaniyati bilan faxrlanib yashaydigan o'zbek xalqi uchun buni tushunish qiyin emas.
Shaharning eski qismini ehtiyotlagan holda ham yangi imoratlar barpo etish mumkin. Bu degani loyihani shunga moslaysiz. Dilmiraning asosiy tavsiyasi shu: hovli va mahallalaridan ayrilishdan qo'rqib yashayotgan, qayerga borishini bilmay turgan aholi bilan muloqot qiling. Ularning nolalari markaziy hukumatga, xususan prezidentga yetib bormayapti.
Tashkent City balki, hukumat xohlaganidek, O'zbekistonga sarmoya, nufuz va yangi imkoniyatlar olib kelar, biroq uni mahalliy aholini norozi qilgan holda qurish adolatdan emas. Murosa haqida o'ylang, deydi Dilmira. Loyiha haqida odamlarni ogoh qiling. Uni jamoatchilik bilan muhokama qiling. Aholi huquqlari buzilmasligini ta'minlang. Shikoyatlarni tinglang, javob bering.
Har ikki mutaxassisning ilmiy ishlari to'liq holda yaqin kunlarda Jorj Vashington Universiteti Markaziy Osiyo dasturi saytida chop etiladi.
Facebook Forum