24-yanvar kuni Jorj Vashington Universitetida o’tgan davra suhbatida uch ekspert O’zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar shu paytgacha nima o’zgarishlarga yetaklagani haqida fikr almashdi. Muloqot asosan respublikada fuqaro jamiyati va nohukumat tashkilotlar faoliyati, ta’lim sohasidagi muammolar va yangi qarorlar hamda axborot vositalari va jurnalistika olamida kuzatilayotgan va kuzatilmayotgan siljishlar haqida kechdi.
Jorj Vashington Universiteti professori Shon Roberts (Sean Roberts) tahlilicha, O’zbekistonda nohukumat tashkilotlar faol lekin ular aslida mustaqil emas, hukumat nazoratidagi va qo’shtirnoq ichidagi fuqaro jamiyati.
Bu jihatdan, deydi olim, hali katta o’zgarishlar sezilmaydi. Lekin bu tashkilotlar jamiyatdagi muhim masalalarga yechim qidirish, aholiga yordam berish va imkon qadar o’z takliflarini olg’a surish bilan mashg’ul.
Demokratik muhitlarga xos, tom ma’noda mustaqil va o’z g’oya va maqsadlarini olg’a sura oladigan fuqaro jamiyati shakllanishi uchun O’zbekistonda hali ko’p o’zgarishlar bo’lishi lozim, deydi tahlilchi.
Sebastiyan Peyruz (Sebastien Peryrouse), Jorj Vashington universitetidan yana bir olim, mintaqashunos professor, e’tiborni ta’lim sohasida chiqqan yangi qarorlar hamda O’zbekiston ilm maskanlaridagi vaziyatga qaratdi.
Bu yo’nalishda katta o’zgarishlar yuz bermoqda va yangi siljishlar kutilmoqda, deydi Peyruz. Prezident Mirziyoyev aynan ta’limga tinimsiz urg’u berayotgani, tub muammolarni o’zi ko’tarib chiqib, deydi olim, oiladan tortib bog’chagacha, boshlang’ich sinfdan tortib o’rta maktab, kasb-hunar o’quv yurtlaridan tortib universitetlarga ta’lim sifatini oshirish zarurligi haqida gapirmoqda.
O’zbekistonda oliy ta’limga talab katta lekin sharoit yo’q. Universitet va insitutlarda o’qish aksariyat aholining moliyaviy qurbi yetmaydigan imkoniyat. Ta’lim haqqi yil sari osmonga chiqar ekan, respublikaga zarur kadlarni yetishtirish ham qiyinlashaveradi. O’qituvchilarning maoshi juda past ekani ham muhim omil. Korrupsiya eng chuqur ildiz otgan sohalardan biri ham shu, deya baholaydi Sebasriyan Peyruz.
Xo’sh, matbuotda, jurnalistika sohasida qanday yangiliklar bor? Men bu haqda gapirar ekanman, quyidagilarga urg'u berdim:
Onlayn, ya’ni internetda asoslangan axborot manbalari faollashdi va rang-baranglashdi – mazmun va ko’lam jihatdan. O’zbekistondagi hayotni kengroq yoritishga intilayotgan, qiziqarli materiallar berayotgan, mahalliy manbalarga tayanib, muntazam axborot uzatayotgan vositalar ko’paydi.
Jamoatchilik fikriga e’tibor oshdi. Mahalliy mutaxassislar, jamoatchi faollar va oddiy fuqarolar ham bugun O’zbekiston axborot vositalarida ko’proq so’zlamoqda, fikr almashmoqda. Bu uzoq yillar faqat rasmiy xabarlarni berish bilan band bo’lgan matbuot uchun progress.
Erkinlik sha’badasi ham esa boshladi, deydigan jurnalistlar ko’p, lekin malaka va uquv pastligi tub muammo bo’lib qolmoqda. O’tkir jurnalistlar yetishtiradigan dargohlar vujudga kelishi kerak. Jurnalistika ta’limida islohotlar zarur.
Va eng muhimi, hukumatning axborot vositalariga nisbatan munosabati va yondashuvi o’zgarmagan. Davlatning ishi ularni nazorat qilish emas, ularni o’ziga bo’ysundirish, axborot oqimini to’sish emas, balki xalqqa uning faoliyati haqida haqqoniy va xolis xabarlar yetib borishini ta’minlash.
Bunga qanday erishish mumkin? Jurnalistga professional sifatida qaraysiz. Unga qo’lingizdagi ma’lumotni vaqtida yetkazasiz. Uning savollariga javob berasiz. Matbuot xodimlariga hurmat bilan muomala qilasiz. Qodirmisiz bunga?
Dunyoda hukumat borki, informatsion ta’sirga ega bo’lishni xohlaydi va shunga harakat qiladi. Lekin bu jurnalistlarning erkinligini bo’g’ish yoki axborot vositalarini o’z izniga olish degani emas. Bugungi O’zbekistonda hamon shunga guvohmiz va erkinlikka erishish yo’lida qilinadigan ishlar talay.
Facebook Forum