Breaking News

O’zbekiston xorijdagi vatandoshlar uchun davlat dasturini ishlab chiqmoqchi


O’zbekistonda xorijdagi hamyurtlar bilan ishlash bo`yicha davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu haqda muhokamasi jamoatchilikka taqdim etilgan 2018-yilgi davlat dasturi loyihasida ma’lum qilingan. 2018-yilda biometrik pasportlar xorijga chiqish pasporti vazifasini o’tashi, propiska tizimida, fuqarolarning mamlakat ichida harakatlanishi, chetga chiqish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlarga oid qator o’zgarishlar kutilmoqda.

2018-yildagi davlat dasturida fuqarolarning xorijga chiqish tartibini soddalashtirish, propiska tizimi, doimiy va vaqtincha ro’yxatga turish, mamlakat hududida erkin harakatlanish va mehnat qilish huquqini ta’minlash kabi masalalar aprel oyida muhokama qilinishi belgilangan.

Avvalroq xorijga chiqish ruxsatnomasi 2019-yildan bekor qilinishi, mamlakat ichkarisidagi fuqarolar uchun pasport o'rniga ID-kartlar joriy etilishi haqida ma’lum qilingan edi.

Davlat dasturi xorijdagi vatandoshlarni mamlakatdagi islohotlar jarayoniga jalb etishni ham nazarda tutadi. Belgilanishicha, iyul oyida “Xorijdagi hamyurtlar bilan o’zaro hamkorlik sohasida davlat siyosati konsepsiyasi” ishlab chiqiladi.

Bu konsepsiya xorijdagi hamyurtlar uchun O’zbekistonga kirish vizasini soddalashtirishni, doimiy yashash va mehnat faoliyatini yuritishga ruxsatnoma berishni, yuqori malakali mutaxassislarni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya, ta’lim, sog’liqni saqlash va boshqa ustuvor yo’nalishlarga, islohotlar jarayoniga jalb etishni maqsad qiladi.

Xorijda ishlayotgan malakali kadrlarni jalb etish Mirziyoyev tomonidan surilgan tashabbuslardan, ammo hozircha xorijdagi o’zbekistonlik mutaxassislarning vatanga oshiqayotgani kuzatilmaydi. Ishlab chiqilishi kutilayotgan konsepsiya asosida boshqa davlat fuqaroligini olgan yoki xorijda ishlayotgan mutaxassislarning O’zbekistonga qaytishi, mehnat faoliyati tartibga solinadi.

Bu yangilikni xorijdagi o’zbekistonliklar ijobiy kutib olishmoqda, konsepsiya vatanga qaytish yuzasidan mavjud to’siqlarni bartaraf qilishiga umid bildirilmoqda.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon O’zbekiston konsuli bilan Stokgolmda o’tkazilgan uchrashuvda qatnashgan.

“Yaqinda Shvetsiyaga O’zbekistonning Germaniyadagi konsuli kelib ketdi. Vatandoshlar bilan o’tgan uchrashuvda ko’p savollar ko’tarildi, masalan, oddiy odamlar, maxsus, jurnalistlar uchun viza olishning o’ta murakkabligi. Bu narsa avvaliga rosa o’rganiladi, keyin sizning fuqarolik masalangiz o’rtaga chiqadi, deylik, siz siyosiy sabablar bois O’zbekistonni tark etgan, fuqarolikni almashtirgan bo’lsangiz. O’zbekiston tomoni hali sizni fuqarolikdan chiqarmagan bo’lsa, bu yanada chigal to’siqlar keltirib chiqaradi. Bu borada men biror ijobiy siljishlar borligini kuzatmayapman, faqat gap bor. Albatta, pasport tizimida bo’layotgan o’zgarishlar, jumladan, chiqish vizasining bekor qilinayotgani ijobiy qadam, lekin xorijdagi vatandoshlar uchun hali to’siqlar juda ko’p. Oxirgi vaziyat yozuvchi Nurullo Otaxonovni mamlakatga qaytib borishi bilan bog’liq voqea bo’ldi”, - deydi jurnalist.

Qudrat Bobojon Shvetsiyada O’zbekistonga oid “Eltuz” internet nashrini yuritadi, jurnalist xorijdagi hamyurtlarga doir konsepsiya nazarda tutayotgan vatandoshlar toifasiga kiradi.

“Bu yerdagi faoliyatimiz O’zbekiston bilan chegaralanadi, bir ommaviy axborot vositasi o’laroq, albatta, O’zbekistonning ichida bo’lgan voqealarni bevosita yoritgan ma’qul. U yerda mutlaqo boshqa imkoniyatlar ochilishi mumkin, matbuot erkinligi, to’rtinchi hokimiyat vakolati uchun harakat qilish mumkin. Albatta, hozir aytilayotgan qadamlar rostdan ham amaliyotga ko’chsa, biz otni qamchilardik. Lekin bunga hali ancha vaqt borga o’xshaydi. Hozircha esa bular faqat kutilyotgan ijobiy o’zgarishlar”, - deydi Qudrat Bobojon.

Davlat dasturida Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar, konsulliklar faoliyatini takomillashtirish ham belgilangan. Sayyohlar, xorijliklar uchun viza tartibini soddalashtirish, O’zbekiston obro'sini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar, dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida O’zbekistonga bag’ishlangan ko’rgazmalar o’tkazish nazarda tutiladi. O’zbekiston dunyoga ochilayotganini tasdiqlashi lozim bo'lgan bu tadbirlar 2018-yil davomida amalga oshishi kerak.

Qudrat Bobojonga ko’ra, g’arblik jurnalistlarda O’zbekistonga qiziqish bor, ammo bu jurnalistlarning ayrimlari bir paytlar O’zbekistondan chiqarib yuborilgan, ayrimlariga taqiq qo’yilgan.

“G’arblik jurnalistlar mendan so’rashadi, hozir O’zbekistonga kirish mumkinmi deb, chunki ular kiritilmasligi, istalmagan shaxslar ro’yxatida bo’lishlari mumkin. Hozirgacha qancha jurnalistlar O’zbekistonga kiritilmadi yoki deportatsiya qilindi, bunday ro’yxat bekor qilingani haqida hech qayerda ma’lumot berilgani yo’q. Ayniqsa, so’nggi paytda jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinovlarning hibsga olinishi bunday xavotirlarni yanada kuchaytirdi”, - deydi jurnalist.

Jamoatchilikka muhokama uchun chiqarilgan 2018-yilgi davlat dasturida bir qator sohalarda kutilayotgan o’zgarishlar haqida ma’lumot berilgan. Jumladan, sudlar, huquq-tartibot idoralari faoliyatiga doir islohotlar, Milliy xavfsizlik xizmatiga doir qonun loyihasi ishlab chiqilishi, iqtisod, moliya sohasida qator qarorlar qabul qilinishi ko’rsatilgan.

2018-yil O’zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash yili” deb nomlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG