Breaking News

O’zga yurtda muvaffaqiyat qozonishning kaliti nimada?


O’zga yurtda muvaffaqiyat qozonishning kaliti nimada?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:31 0:00
Yuklab oling

AQShning turli shtatlarida yashab ishlayotgan tojikistonlik mutaxassislar, talaba va tadbirkorlar yaqinda Vashington shahrida bir davraga yig’ilib, o’z tajribasi bilan o’rtoqlashdi. Ular Amerikaga endi ko’chib kelgan, o’qishni tamomlayotgan va ish qidirayotgan yoshlarga maslahat ulashdi.

Xorijda yo’lini topgan har bir muhojirning o’z qissasi, o’z hikoyasi bor. Forumga yig’ilganlar orasida kasb-kori turli xil bo’lgan odamlarni uchratasiz - advokat, bankir, informatsion texnologiyalar bo’yicha mutaxassis, tarjimon, bo’lajak professor. Tojik-Amerika jamoasining faol a’zolari.

Simpozium Vashingtonda ikkinchi yili bo’lib o’tayapti. Uni tashkillashtirgan Tojik-Amerika madaniy uyushmasining (Tajik American Cultural Association) asosiy vazifalaridan biri vatandoshlar fikr va tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratib berish.

Uyushma rahbari Vladimir Fedorenko Turkiya va AQSh oliygohlarida xalqaro aloqalar va siyosatshunoslik yo’nalishida tahsil olgan. Markaziy Osiyo va Rossiyada demokratiya, fuqarolik jamiyati va davlatchilik borasida qator ilmiy maqolalar muallifi.

Amerikada bir narsaga erishaman degan odam uzoqni rejalab ish ko’rishi kerak, deydi u.

“Maqsadni aniq belgilab olgach, unga erishish uchun, aytaylik, kelasi besh yilda nima qilishim kerak? Universitet yoki kollejda qanday darslarni olgan ma’qul, deb o’zingizdan so’rang. Afsuski, ko’pchilik diplom olsam bir gap bo’lar deb o’ylaydi, bu xato yondashuv”, - deydi Fedorenko.

Tayyorgarlikni imkon qadar ertaroq boshlab, puxta reja asosida ish olib borsangiz, Amerikadek raqobat kuchli jamiyatda ustunlikni qo’lga olasiz, deya uqtiradi Erkin Mustafoqulov.

“SVP Global” sarmoya kompaniyasi vitse-prezidenti ta’limga ham sarmoya deb qarashni tavsiya etadi. “Faqat bugungi kunni o’ylab, bir joyda ishlab, oyiga 2-3 ming dollar pul topish yaxshi fikrdek tuyuladi. Lekin 5-10 yilda nima qilmoqchisiz, shu haqda o’ylang”, - deydi Mustafoqulov.

AQShda MBA, ya’ni biznes boshqaruvi bo’yicha tahsil olishni niyat qilganlar hali o’qishni boshlamasdanoq tanishlar doirasini kengaytiradi, kelajakda qayerda ishlashini mo’ljallab qo’yadi. Talaba, albatta, qator sinovlardan o’tishi va turli talablarga javob berishi kerak. Lekin amerikaliklarni ham, chet elliklarni ham o’ylantiradigan asosiy masala bu - o’qishga pulni qayerdan olaman, degan savol.

Hukumatdan yoki universitetning o’zidan grantlar olish mumkin. Qolaversa, o’qish pulini o’z hisobidan qoplaydiganlar ham, ozchilik bo’lsa-da, bor.

“Masalan, Dushanbeda kvartira sotib olgandan ko’ra o’sha pulni ta’limga sarmoya qilsangiz, bir kun kelib foizi bilan qaytadi”, - deydi Erkin Mustafoqulov.

Anjuman mehmonlaridan biri Emili Villard Ruanda va Bosniyada ro’y bergan qatliomlar va xalqaro jamoatchilik o’shanda qanday choralar ko’rgani bo’yicha tadqiqot olib bormoqda.

“Xoh bilim olish, xoh ish topishda bo’lsin, o’zingiz qiziqqan sohada ishlayotgan yoki ilmiy ish olib borayotgan odamlar bilan tanishish, ular bilan aloqada bo’lish katta ahamiyat kasb etadi”, - deydi olima.

“O’quv dargohlari, tadqiqot markazlari qoshida muntazam o’tadigan konferensiya, yig’ilish va tadbirlarda qatnashgan ma’qul. Har sohaning o’z bilimdonlari bor. Ular bilan bir davrada o’tirsangiz, muhokamalarda ishtirok etsangiz, do’stona aloqa shakllanadi, tanish-bilish orttirasiz. Ish topishda ularning taklif-maslahati, qolaversa, sizni tavsiya etishi muhim”, - deydi Emili Villard.

Tojik-Amerika madaniy uyushmasi o’tgan yili ham yosh olimlarni bir davraga yig’ib, unda universitetga kirish, ilmiy ish yoqlash va boshqa mavzular yangragan edi. Kolumbiya universitetida kimyoviy biologiya yo’nalishida izlanayotgan Umed Boltayev forumda ikkinchi yili qatnashishi.

“Bilasiz, Tojikistonda hozir shunday bir vaziyatki, ko’pchilik taqdir taqozosi bilan, o’qishga yoki ishga chet mamlakatlarga chiqib ketgan. Vatandoshlarni topish, ana shunday yig’inlarda ular bilan diydor ko’rishib, fikr va tajriba almashish juda muhim”, - deydi u.

Afsuski, ko’pchilik diplom olsam bir gap bo’lar deb o’ylaydi, bu xato yondashuv.

“Safimiz kengayib, kattaroq jamoaga aylansak, vatanimiz Tojikistonga ham, bir-birimizga ham nafimiz tegadi”, - deydi aspirant.

Gulbahor Sarayeva Dushanbeda tug’ilib o’sgan. Hozir AQShning Ratgers universitetida professor yordamchisi bo’lib ishlaydi. Simpoziumda u magistratura va aspirantura darajasiga yetish, muallim-professor kasbini egallash yo’lidagi sinov va imkoniyatlar haqida ma’ruza qildi.

Olimaning aytishicha, AQSh kabi rivojlangan mamlakatlarda markaziy osiyolik muhojirlar kuchli diaspora bo’lib oyoqqa turishi, o’zga yurtda muvaffaqiyat qozonishi vatan taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki chetda yurgan har bir odamning vatanda ota-onasi, oila a’zolari bor.

Tojikiston uchun bu nihoyatda muhim faktor. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmini xorijdagi fuqarolardan keladigan mablag’ tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG