Ayrim kuzatuvchilar nazarida, jurnalist Bobomurod Abdullayevning ishi Prezident Shavkat Mirziyoyev va huquq-tartibot tizimlari o’rtasidagi taranglikdan dalolat beradi. Taniqli advokat Sergey Mayorov himoyasidan voz kechgan jurnalist o’z aybiga to’liq iqrorligini bildirmoqda. Avvalroq u bilan hibsxonada ko’rishgan advokat Abdullayev qisman aybini tan olgani haqida aytgan edi. Faollarga ko’ra, huquq-tartibot idoralarining tazyiq usuli jamoatchilikda ochiq qoralanayotgan bir paytda ham hibs tahdidlari davom etmoqda.
Bobomurod Abdullayev mamlakatda hokimiyat yangilanishidan so’ng eski tuzum davrida muxoliflarga qarshi muntazam ishlatib kelingan ayblovlar bilan hibsga olingan ilk faollardan biri bo’ldi. Sentabr oyidan buyon Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasida qolayotgan jurnalist davlatga qarshi fitnada, hukumatni kuch bilan ag’darishga urinishda ayblanmoqda.
Bu ish yuzasidan taqdim etilgan dalillarda hozircha Abdullayevning Usmon Haqnazarov taxallusi ostida maqolalar yozganidan boshqa ma'lumot yo'q.
Hibsga olinishi ortidan uzoq vaqtgacha bedarak qolgan jurnalistning ishi bilan noyabr oyidan beri advokat Sergey Mayorov shug’ullanayotgan edi. Uning Abdullayev bilan ko’rishishi oson kechmadi, arizalari javobsiz qolgan Mayorov oxir-oqibat O’zbekiston prezidentiga murojaat bilan chiqqan, shundan so’ng 14-dekabrda Abdullayev bilan uchrashishga muvaffaq bo’lgan edi.
26-dekabr kuni esa advokat Mayorov Abdullayevning ishini yuritayotgan tergovchi chaqiruviga ko’ra MXXga borgan. Bobomurod Abdullayev bilan o’tgan uchrashuvda jurnalist Sergey Mayorov himoyasidan voz kechishini ma’lum qilgan. Bunga o’tgan galgi uchrashuv haqida huquq himoyachisi Surat Ikromov tarqatgan xabar sabab qilib ko’rsatilgan.
Mayorov va Ikromov hamkorligida tarqatilgan bu xabar Abdullayevning qisman o’z aybiga iqrorlik bildirayotgani haqida edi. So’nggi uchrashuvda Abdullayev o'z aybiga to’liq iqror ekanligini ham bildirgan.
Bu uchrashuv tafsilotlari haqida ham Surat Ikromov jamoatchilikka ma’lumotlar taqdim etdi, huquq himoyachisi Bobomurodga qattiq bosim ko’rsatilgan deb hisoblaydi.
“Avvalgi berilgan xabarda biror xatolik yo’q, o’sha kuni Mayorov Abdullayev bilan o’tgan uchrashuvidan so’ng bizning ofisga keldi. Nima bo’lganini gapirib berdi, biz shuni yozib tarqatdik, u yerda biror noto’g'ri narsani o’zi yo’q, qisman iqrorlik deyilganida ham. Gap shundaki, bu safar Bobomurod mutlaqo boshqacha gaplar ayta boshlagan. Masalan, Muhammad Solih haqida meni yozishga majbur qildi, topshiriq yoki ko’rsatma berdi emas degan. U mutlaqo boshqa joyda yashasa, qanday qilib uni majbur qiladi. Xullas, ular ish tafsilotlari hech qayoqqa chiqmasligi uchun Mayorovdan voz kechishmoqchi, Bobomurodni ham shunga majbur etishgan. Men Bobomurodga qattiq bosim bo'lgan, qo’rqitishgan yoki chiqarib yuboramiz degan va'dalar berishgan, deb hisoblayman” - deydi Surat Ikromov.
MXX yuritayotgan bu ish bo’yicha hozirgacha Bobomurod Abdullayevdan tashqari yana to’rt kishi hibsga olingan, aksariyati jurnalist, ijodkorlar. Oktabr oyida hibsga olingan taniqli bloger Hayotxon Nasriddinov haqida hamon biror ma’lumot yo’q, shuningdek, ish yuzasidan hibsda qolayotgan boshqa shaxslar haqida ham.
Maxfiy tarzda yuritilayotgan fitna ayblovining asosiy ishtirokchilari jurnalistlardan, taniqli muxoliflardan iborat ekanligi Mirziyoyev davrida ham muxoliflarga qarshi tazyiqlar davom etishidan darak sifatida qabul qilinmoqda.
Prezident Mirziyoyevning so’nggi bayonotlari, MXX va huquq-tartibot tizimlarining tahdid, tazyiqlarga asoslangan ish uslubini tanqid qilishi, ayniqsa, huquq himoyachilarida umid uyg’otgan.
Adolatli va ochiq jamiyat haqidagi bayonotlar ortidan tanqidiy chiqishlari, muxolifligi bilan tanilgan jurnalistlar davlatga qarshi harakatda ayblanib qamoqqa olinayotgani prezident bayonotlari va huquq-tartibot tizimlari o’rtasidagi ziddiyatlarni ochiqlay boshlagan.
“Qing’irlik, adolatsizlik davom etyapti, ayniqsa, MXXda. Qamalgan odamlarga hatto hukm ham berishmagan, aslida har qanday odamga qamalganidan keyin hukm taqdim etilishi kerak. Nima qilsang qil, qayoqqa borsang bor, prezidentni gapi bizga bir tiyin, qabilidagi sabotaj ketyapti. Mana hozirgi bo’layotgan voqeada ham MXX prezidentning oxirgi qarorlariga ochiq qarshi. Bu ish bo'yicha faqat Bobomurod bilan nisbatan aloqa borligini bilaman, qolganlarning taqdiri noma’lum. Ayblovning o’zi ham mavhum, nimalar bo’layapti, Mayorov ish bilan tanishganida ehtimol nimadir deyishi mumkin edi, nazarimda uni aynan shuning uchun ishdan chetlatishdi”, - deydi Ikromov.
Bobomurod Abdullayev sentabr oyining oxirida hibsga olingan edi. MMXning dastlabki ayblov xulosasida Usmon Haqanazarov taxallusi ostida maqolalar yozgan Abdullayev muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih ko’rsatmasiga ko’ra ishlagani, guruh g'alayonlar yo’li bilan O’zbekistonda hokimiyatni egallashni maqsad qilgani ta'kidlanadi.
Facebook Forum