Breaking News

Bobomurod Abdullayevning advokati prezidentdan najot kutmoqda


Hibsdagi jurnalist Bobomurod Abdullayevning advokati Sergey Mayorov O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqan. Advokatlar Abdullayev bilan uchrashish uchun ko’mak so’rashmoqda, ammo murojaatlar hozircha natijasiz.

Davlatga qarshi fitna ayblovi bilan Milliy xavfsizlik xizmatida (MXX) saqlanayotgan Abdullayev o’tgan sentabr oyidan buyon hibsda, himoyasiz qolyapti. Jinoiy ishi bo’yicha hibsga olingan boshqa gumondorlar taqdiri ham mavhum.

"Hurmatli, Prezident! Men, o’zim ko’tarayotgan savollar javobi huquq-tartibot idoralari vakolatiga kirishini yaxshi bilaman, ammo MXX tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston konstitutsiyasi, Jinoyat kodeksi buzilayotgani, Bosh prokuratura esa shikoyatlarimga panja ortidan qarayotgani meni sizga murojaat bilan chiqishga majbur etmoqda", - deyiladi advokatning Mirziyoyevga yozgan xatida.

U avval shunday ariza bilan MXX raisi Rustam Inoyatov, Bosh prokuror Ixtiyor Abdullayevga ham murojaat qilgan, ammo natija bo’lmagan.

O'zbekiston: Hibsdagi jurnalist advokati bilan uchrasha olmayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:52 0:00

Jurnalist Bobomurod Abdullayev
Jurnalist Bobomurod Abdullayev

Mayorov ayni paytda Bobomurod Abdullayevning ahvoli haqida biror ma’lumotga ega emas. Jurnalist advokatga qo’yilgan to’siqlardan bexabar bo'lishi mumkin.

“Men Bobomurod bilan uchrashganim yo’q. Yozgan arizalarimga hech qanday javob bo’lmadi. Prezidentdan ham, Bosh prokurordan ham. Men uchrashishga ruxsat so’rab, har kuni telefon qilaman va har kuni menga turlicha sabablarni ro’kach qilishadi. Avval sizni o’zimiz chaqiramiz deyishgandi. Men bunga e’tiroz bildirdim. Keyin tergov boshqarmasi boshlig`idan ruxsat kutishdi. Oqibatda, u ham sizni o’zimiz chaqiramiz degan, javob berdi. Oxirgi paytga kelib, bizda hozir hisobot davri, shuning uchun vaqtimiz yo’q, degan javobni berishdi. Bu 17- noyabrdan boshlab, bugunga qadar davom etib kelmoqda. Men bundan Bobomurod Abdullayevning o’zi ham xabardor etilmayotganiga ishonaman”, deydi Mayorov.

Sergey Mayorov, siyosiy sabablarga ko'ra ayblanganlarni himoya qilib tanilgan advokat
Sergey Mayorov, siyosiy sabablarga ko'ra ayblanganlarni himoya qilib tanilgan advokat

Abdullayev ishi bilan shug’ullanyotgan advokatlardan yana biri Munojat Parpiyeva ham shunday ariza bilan O’zbekiston Bosh prokuraturasiga chiqib, javob ololmagan.

Bu ish MXX iznida ekani ma'lum. Davlatga qarshi fitnada gumon qilinib, hozirgacha besh kishi hibsga olingan. Oktabr oyida taniqli bloger Hayotxon Nasriddinov shu gumon ostida ushlangan edi.

MXX hibsxonasida saqlanayotgan Nasriddinovning bugungi ahvoli, uning advokati kimligi, nimalarda ayblanayotgani hozirgacha noma’lum.

Uning qarindoshlariga ham jamoatchilik bilan aloqaga chiqmaslik tavsiya qilingan.

Bloger Hayotxon Nasriddinov
Bloger Hayotxon Nasriddinov

Bobomurod Abdullayev nisbatan e’lon qilingan dastlabki ayblov xulosasiga ko’ra, jinoiy ish davlat to’ntarishi uyushtirishni, hukumatni egallash maqsad qilgan guruh haqida bormoqda. MXX ayblovida guruh tomonidan “O’rim” deb nomlangan reja ishlab chiqilgani, fitna yo’li bilan mamlakatda g’alayonlar keltirib chiqarish, shu maqsadda Usmon Haqnazarov muallifligi ostida maqolalar e`lon qilib kelingani da'vo qilinadi.

Jinoiy ish yuzasidan hibsga olinganlarning aksariyati jurnalistlar. Bobomurod Abdullayev so’nggi paytda sport nashrlarida ishlagan. Asl kasbi iqtisodchi bo`lgan Hayotxon Nasriddinov ko’proq bloglari bilan tanilgan. Hibsdagilardan yana biri Akrom Malikov ham Abdulloh Nusrat taxallusi ostida maqolalar yozib kelgan.

Usmon Haqnazarov taxallusi ostidagi maqolalar muxolifatdagi O’zbekiston xalq harakati (O'XH) saytida e’lon qilib kelingan. MXXning dastlabki ayblovida O’XH raisi Muhammad Solih ham bor. U Bobomurod Abdullayevga ko’rsatma beruvchi shaxs sifatida keltirilgan.

Muhammad Solih bu ayblovlarni rad etgan, ammo Abdullayev Usmon Haqnazarov nomi bilan maqolalar yozib kelgan, deya tasdiqlagan.

Muhammad Solih, muxolifatchi
Muhammad Solih, muxolifatchi

Turkiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan muxolifatchi fikricha, MXX raisi Rustam Inoyatov Mirziyoyev boshqaruvi davrida repressiyalarga yo’l ochib beruvchi yangi siyosiy ish uyushtirmoqda.

“Usmon Haqnazarov 14 yil davomida avval Karimov rejimini, bugun esa Inoyatov saltanatini ag‘dar-to‘ntar qilayotgan edi. Bugun shuning o‘chini olishyapti. Buni Inoyatov qilyapti. Men bunga Mirziyoyev daxldorligi haqida taxmin qilmayman. Ammo bu Mirziyoyev tashabbuslariga urilgan jiddiy zarbadir, chunki unga nisbatan iliq kayfiyatlar endi boshlanayotgan edi. Mustaqil jurnalistlarni qamash, qiynoqlar qo‘llash bu siyosatga jiddiy shikast yetkazadi”, - deydi Muhammad Solih.

Bu ish yuzasidan xalqaro huquq tashkilotlari xavotir bildirib, bayonotlar chiqargan. Lekin O’zbekiston hukumati hozirgacha bu hibslar yuzasidan biror izoh bermagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG